Harbiylarning farzandlariga OTMga kirish uchun tavsiyanoma berish boshlandi
Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Zokir Sayfuddinov harbiy xizmatchilarning farzandlariga kvota asosida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun tavsiyanomalarni tantanali ravishda topshirdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berib o‘tdi.
Tadbirda harbiy hizmatchilar hamda ularning oila a’zolari ishtirok etdi. Okrug hisobida jami 63 nafar harbiy xizmatchining farzandi tavsiyanomaga ega bo‘ldi.
Xuddi shu kabi tadbir Mudofaa vazirligi toifalangan ob’yektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligida ham o‘tkazildi.
O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 14 maydagi «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari farzandlarining kvota asosida respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi 462-son qaroriga muvofiq TOQQQ harbiy xizmatchilarning 114 nafar farzandiga tavsiyanoma berildi.
Tavsiyanomalar mamlakat mudofaa qudratini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan, jangovar-xizmatda va ilmiy faoliyatda muayyan natijalarga erishgan haqiqiy xizmatni o‘tayotgan ofitserlarga, serjantlar va oddiy askarlar tarkibiga mansub bo‘lgan, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga – ular farzandlarining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun bevosita komandirlarning (boshliqlarning) tavsiyasi bo‘yicha beriladi.
5 foizli kvota doirasida tanlov o‘tkaziladi – harbiy xizmatchilarning farzandlari bir-birlari bilan musobaqalashadilar. Abituriyent test sinovlarida qancha ko‘p ball to‘plasa, reytingda shuncha yuqori o‘rinni egallaydi. Maxsus kvota bo‘yicha o‘rinlarga qaraganda abituriyentlar ko‘proq bo‘lsa, kimdir o‘qishga kirish imkonini qo‘lga kiritmasligi mumkin. Ta’kidlash joizki, harbiy xizmatchilarning farzandlari uchun budjet o‘rinlari umumiy abituriyentlar uchun ajratilgan kvotadan alohida ajratiladi.
Bundan tashqari, harbiy xizmatni o‘tashda halok bo‘lgan, shuningdek, harbiy xizmatni o‘tashda yarador bo‘lgan, kontuziya, shikast olish natijasida nogiron bo‘lib qolgan yoki kasalliklarga duchor bo‘lgan harbiy xizmatchilarning farzandlari oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichiga davlat granti asosida tanlovsiz qabul qilinadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter