Ramatov, Bobojonov, Parpiyev... Har bir viloyatga javobgar belgilandi
«Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturi davlat dasturlarini amalga oshirishda qoloqliklar mavjud hududlarga Prezident Administratsiyasi, Hukumat, Hisob palatasi va vazirliklardan mas’ul rahbarlar yil yakuniga qadar biriktiriladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishi davomida barcha hududlarga javobgar mutasaddilarni nomma-nom sanab o‘tdi. Bu haqda «Xabar.uz» muxbiri xabar bermoqda.
«Ochilboy Ramatov, Jamshid Qo‘chqorov, Botir Zokirov viloyat, tuman va shahar hokimlari bilan birga, ikki hafta muddatda barcha ob’yektlar bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini yakunlab, qurilish-ta’mirlash ishlarini boshlashi zarur. Bunda, bir hafta muddatda bog‘cha, maktab, oilaviy shifokor punkti, poliklinika kabi ijtimoiy soha ob’yektlarini bo‘yicha loyiha hujjatlari yakuniga yetkazilishi kerak.
Bosh prokuror o‘rinbosari Mavlonov dasturlar doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan kunlik nazoratni kuchaytirib, har hafta kamida 2 tadan viloyatga chiqadi va muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashadi.
Shuningdek, dasturlarni amalga oshirishda qoloqliklar mavjud hududlarga Prezident Administratsiyasi, Hukumat, Hisob palatasi va vazirliklardan mas’ul rahbarlar yil yakuniga qadar biriktiriladi.
Bunda, Tursunxon Xudaybergenov — Qoraqalpog‘iston va Jizzax viloyatiga;
Ochilboy Ramatov — Qashqadaryo va Samarqandga;
Prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Islomov va Hisob palatasi raisining o‘rinbosari Saidkarimov — Toshkent viloyatiga;
Prezident maslahatchisining o‘rinbosari Usmonov — Toshkent shahriga;
Po‘lat Bobojonov— Xorazmga;
Rahmat Mamatov — Buxoroga;
Botir Parpiyev — Surxondaryoga;
Qo‘ldoshev — Sirdaryoga borib, barcha masalalarni joyida hal etishga yordam beradi.
Xudaybergenov, Ramatov biriktirilgan hududlardan tashqari, barcha hududlarda ishlarning borishiga hamda muammolarni joyining o‘zida hal etilishiga shaxsan mas’ul va javobgar bo‘ladilar», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov viloyat, tuman va shahar hokimlari bilan birga, dasturlarda joriy yil uchun belgilangan barcha ishlarni 1-oktyabrga qadar yakunlashi kerakligini ta’kidladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter