«Har bir fikr aql tarozisidan o‘tishi kerak...» yohud Ukraina voqealariga munosabat
«Odamzod yaxshi narsaga tez o‘rganib qoladi», degan gap bor. So‘nggi kunlarda Ukrainada kechayotgan fojeali voqealar bu fikrning naqadar to‘g‘ri ekanini yana bir bor isbotlamoqda, deyish mumkin.
Ikki qo‘shni davlat, dini bir, tili deyarli bir hamda tarixi bir bo‘lgan xalqlar o‘rtasidagi qurolli mojarolar har ikki tomondan ko‘plab qurbonlar berilishi, iqtisodiy, shuningdek ijtimoiy va siyosiy jihatdan juda katta talofatlarga olib kelmoqda.
Mana shunday sharoitlar ko‘pchilikni hushyor tortishga, tinchlik va barqarorlikning qanchalik tengsiz ne’mat ekaniga yana bir bor ishonch hosil qilishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa ajabmas. Chunki, sir emas, oxirgi yillarda ko‘pchilik «yurtimizda tinchlik», «osmonimiz musaffo» degan gaplarni ham qandaydir istehzo bilan qo‘llayotganini ko‘rayotgan edik.
Urush harakatlari boshlangandan so‘ng Ukraina hududidan evakuatsiya qilingan to‘rt mingdan ortiq yurtdoshlarimiz ushbu qurolli mojarolarning ayanchli oqibatlari hamda tinchlik va barqarorlikning qadri haqida har qanday usta notiqdan ishonarliroq fikr bildirishlari mumkin.
Hozir axborot asri, turli ijtimoiy tarmoqlar va internet nashrlar xabarlari insonlar hayotiga bevosita ta’siri oshib borayotgan davr. Afsuski, axborot va yangiliklar ayni paytning o‘zida ko‘pchilik e’tiboriga yetib borayotgan bir sharoitda bu sohadagi ayrim salbiy holatlar ham ko‘zga ko‘rinib qolmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimizda 30 milliondan ortiq mobil aloqa qurilmalari mavjud bo‘lib, ulardan 25 milliondan ortig‘i mobil internetga ulangan. Aholining aksariyati, ayniqsa yoshlar turi ijtimoiy tarmoqlarda o‘z shaxsiy kanal va sahifalariga ega. Ya’ni, istagan odam o‘zi xohlagan voqea-hodisalar bo‘yicha o‘z fikrini bildirish imkoniga ega.
Afsuski, aynan mana shu imkoniyat ayrim tashvishli holatlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Ayrim ekspertlarning ta’kidlashicha, Ukrainada davom etayotgan to‘qnashuvlar muhokamasi jamiyatining bo‘linishiga, aholi o‘rtasida g‘oyaviy ziddiyatlar kelib chiqishiga olib kelmoqda. Albatta, bir muallif mojaroda qatnashayotgan bir tomon tarafida fikr bildirgani holatda, boshqa foydalanuvchilar qarama-qarshi tarafni qo‘llab-quvvatlashi mamlakatimiz aholisi o‘rtasida sun’iy va hech kim uchun foydali bo‘lmagan g‘oyaviy nizolarni keltirib chiqarayotganini anglash uchun mutaxassis bo‘lish shart emas.
Masalan, bir toifa aholi o‘z bitiklarida Rossiyaning amaliyotini qo‘llab-quvvatlashi, Ukrainada «natsistlar» va «fashistlar» hukumat tepasida ekani haqidagi iddaolarni bildirishmoqda. Lekin, ayrimlar bu mamlakatni «to‘laqonli davlat deb hisoblamasligi», ukrain xalqini «banderachilar», «fashistlar» deb hisoblashi biz uchun dasturi amal bo‘lmasligi kerak. Avvalo, Ukraina Birlashgan Millatlar Tashkilotining to‘laqonli a’zosi deb hisoblanadi va uning xalqaro maydondagi bu maqomini hech kim bekor qilmagan. Qolaversa, bu mamlakatni o‘z vaqtida fashizm balosidan jabr ko‘rgan dunyo mamlakatlari qo‘llab-quvvatlamoqda.
Ikkinchi toifadagi insonlar esa, Rossiya hukumati «imperiyacha» siyosatni olib borayotgani, shu ketishda Markaziy Osiyo davlatlari ham turli bosim ostida qolishi mumkinligidan xavotirlanishmoqda. Shu munosabat bilan, Rossiya harakatlarini ochiqdan-ochiq qoralash haqidagi talablar bildirilmoqda.
Ayni paytda, bu yo‘nalishda ayrim siyosiy guruhlar maqsadli ravishda faoliyat yuritayotgani, maxsus tarqatilayotgan xabarlar orqali axborot xurujlari va g‘oyaviy qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirayotganini ham nazarda tutishimiz kerak. Shu sababli ham, har qanday mojarolar axborot hurujlari bilan yonma-yon yurishini unutmasligimiz, turli buzg‘unchiliklarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishimiz shart.
Shu ma’noda ayni kunlarda mamlakatimizning Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojarolarga rasmiy munosabatini yana bir bor aql tarozisiga solib tahlildan o‘tkazishimiz, kerak bo‘lsa, bu haqida yaqinlarimiz va yon-atrofimizdagi insonlarga to‘g‘ri ma’lumotni yetkazishimiz foydadan xoli emas.
O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan rasmiy ma’lumotda ta’kidlanganidek, mamlakatimiz azaldan ham Rossiya, ham Ukraina bilan yaqin, do‘stona munosabatlarga ega. Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlardagi ko‘p marta ta’kidlanayotganidek, «har ikki davlat ham bizning yaqin sheriklarimiz» va «ushbu mojaroning tezroq tugashi hammamiz uchun birdek foydali».
2021-yil ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimizda o‘zlarini ukrain millatiga mansub deb hisoblovchi 70 mingdan oshiq fuqarolarimiz bor, ayni paytda rus millatiga mansub fuqarolar soni 700 mingdan oshiqroq ekani ta’kidlanadi. Yuqorida keltirilgan ma’lumotlar ham Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojarolarni yengil-yelpi muhokama qilishga intilish jamiyatimiz uchun juda xatarli oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkinligini ko‘rsatib turibdi. Shuning uchun ham har birimiz qaysi millatga mansubligimiz, siyosiy qarashlarimizdan qat’iy nazar, aytayotgan so‘zimiz va xatti-harakatlarimizga o‘ta mas’uliyat bilan yondashganimiz ma’qul.
Mamlakatimiz rahbari aytib o‘tganidek, O‘zbekiston mintaqamizda tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyot bo‘lishidan manfaatdor. Barcha bahs va kelishmovchiliklar faqatgina xalqaro huquq normalari asosida hal qilinishi lozim.
Umuman olganda, davlatimiz rahbarining mazkur muammo hamda mintaqa va dunyo miqyosidagi boshqa dolzarb masalalar yuzasidan bildirgan qat’iy munosabati O‘zbekiston Respublikasi o‘z tashqi siyosati hamda mudofaa doktrinasida belgilangan tamoyillarga og‘ishmay amal qilib kelayotganidan guvohlik beradi.
Mazkur hujjatlarda belgilab qo‘yilganidek, O‘zbekiston barcha mamlakatlar bilan munosabatlarni mamlakat milliy manfaatlarining ustuvorligi asosida hamda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan mezonlarini inobatga olgan holda, teng huquqlilik hamda boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, barcha nizoli masalalarni tinch vositalar va muzokaralar yo‘li bilan hal qilish, davlatlararo shakllangan chegaralarning buzilmasligi va o‘zgarmasligini tan olish asosida quradi.
Anvar Eminov,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti xodimi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter