Har bir gulning «o‘zligi» bor
Xona gullarining jonlanayotganidan bahorni his qilishingiz mumkin. Narsiss va lolaning sovuq bo‘lishiga qaramay allaqachon bosh ko‘targani ham bahordan darak. Ko‘pchilik gul shaydolari xoh xonaki gul bo‘lsin xoh bog‘ guli ularni chiroyi, guli, rangi, bargi uchun parvarishlaydi. Ko‘pchilik esa gullar haqidagi afsonalarga, ta’riflarga ishongan holda ko‘paytirgisi keladi.
Gullar haqidagi afsonalar nafaqat gulchilik san’atining ajralmas qismi, balki ularning yashirin ma’nolarini ochishga imkon beradi.
Atirgul haqidagi afsonalar deyarli har bir Osiyo va Yevropa madaniyatida mavjud – u bejiz «Gullar malikasi» deyilmaydi. Qadimgi hind afsonasiga ko‘ra, atirgul eng chiroyli gul sifatida tan olingan. Yunon afsonasiga ko‘ra, oq atirgul qirg‘oqqa chiqqandan keyin Afroditaning jasadini qoplagan qor – oq dengiz ko‘pigidan paydo bo‘lgan. Atirgul jasorat timsoliga aylandi – qadimgi yunonlar va rimliklar atirgul barglarini urushdan qaytgan g‘oliblar yo‘liga sepishgan. Atirgul gulchambarlari ko‘pincha o‘rta asrda ritsarlarning dubulg‘alarini bezab turgan.
Nilufar gullari haqidagi afsonalar turli xalqlarda mavjud. Qadimgi misrliklar uchun nilufar unumdorlikni anglatgan.
Irisning kelib chiqishi haqidagi yunon afsonasi kamalak ma’budasi Iris bilan bog‘liq. Yunonlar bu gulning rangi kamalakda ifodalangan ko‘plab ranglarga o‘xshashligiga ishonishgan. Yaponiyada iris guli jasoratni, Misr madaniyatida – notiqlikni, Xitoyda esa – qayg‘uni anglatadi, shuning uchun ular qabrlarga ekilgan.
Xitoyda pion shon-sharaf va olijanoblikning ifodasi, Hindiston va Pokistonda esa, aksincha, pion takabburlik ramzi hisoblanadi.
Xrizantema Yaponiya imperatorlik uyining ramzi, ular mamlakat gerbi va uning tangalarida tasvirlangan.
Tuvakda o‘sadigan gullarning ham o‘z tarixi mavjud.
Aloening nafaqat shifobaxsh xususiyatlari bor, balki buvilarimiz uning yomon ko‘zdan, yomon ta’sirdan va baxtsiz hodisalardan himoya qilishiga ishonishgan. Shuning uchun har bir xonadonda deyarli bu gul hanuz parvarishlanadi.
Spatifillumni «ayol baxti» deb atashgani bejiz emas. Gul o‘stiruvchilarning iddaolariga ko‘ra, bu gul yolg‘iz ayolning hayotini yaxshi tomonga o‘zgartiradi, haqiqiy muhabbatni topishga yordam beradi. Turmush qurgan va unashtirilgan qizlar uchun bu o‘simlik janjal va tushunmovchiliklarni bartaraf qiladi, munosabatlarni uyg‘unlashtiradi.
Anturium esa aksincha, ya’ni ayollar bilan muloqot qilishda muammolarga duch kelgan bo‘ydoq erkaklar yotoqxonasida ushbu gul bo‘lishi kerak, bu «erkak baxti» deb ataladi. Ushbu jozibali gul erkak hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va uning yagona muhabbatini topishga yordam beradi.
Ana shunday go‘zallikni o‘z uyida yaratgan, qahramonimiz Baxtiniso Tojixonova tuvakka ekiladigan gular haqida shunday qo‘shimcha qiladi:
«Har bir gulning o‘z tili va xususiyatlari bor. Ba’zilari o‘ta namlikda parvarishlansa, ba’zilari namlikda qurib qoladi. Dastlab gul do‘koniga kirganimda, ularga bunchalar qiziqib qolishimnni tasavvur ham qilmagan edim. Birinchi bo‘lib qora shahzoda – fikusni sotib oldim va shundan buyon gul ko‘paytirish yo‘llarini o‘rganib kelmoqdaman. Gullarni mehr berib parvarish qilish zarur. Bitta gulning kurtak yozib, unishi uchun oylab vaqt sarflanadi. Lekin o‘z ishini sevuvchi insonlarga, bu jarayon o‘zgacha quvvat beradi. Odatda ishdan yoki o‘qishdan qaytsam, gullarim bilan suhbatlashaman. Ular ham meni tinglayotganday bo‘ladi. Lekin hech qachon, ularga dardimni aytmaganman. Har bir gulning o‘z tarixi bor. Ba’zi gullarga esa o‘zim nom beraman. Molochay, deb nomlangan gulga men «ona mehri» deb nom qo‘yganman. Chunki bu gul atrofida o‘sib chiqqan kichkina nishonalarini olmoqchi bo‘lsangiz, tikonlari bilan ularni onasidek himoya qiladi...
Saintpaula – usambara binafshasini turmushga chiqmagan ayollar parvarishlamagani ma’qul. U yolg‘izlikni yaxshi ko‘radi. Ammo uni oila qurgan, farzandlari bor juftliklar uyida asrashi mumkin. U nikohni mustahkamlaydi va oilada o‘zaro tushunish, hamjihatlikni saqlashga yordam beradi.
Pelargoniya ya’ni o‘zimizning tilda aytadigan bo‘lsak geranning barcha navlari sehrli kuchga ega, ayniqsa kuchli energiya qizil gulli gullarga xosdir. Bunday gul uy a’zolarini zarar va yomon ko‘zdan ishonchli himoya qiladi, shuningdek, uyga pul jalb qiladi, degan qarashlar mavjud.
Siklamen kuchli sehrgar bo‘lib, uyni baxt va quvonchga to‘ldiradi. U o‘z egalarini boshqalarning hiyla-nayranglaridan ishonchli himoya qiladi, yomon istaklarni zararsizlantiradi.
Hamma ehtiyojimiz uchun kerak bo‘ladigan pul chaqiradigan gul krassula oddiy moslashuvchan, tanasi nihoyatdda yog‘li o‘simlik bo‘lib, egasidan ko‘p g‘amxo‘rlik talab qiladi.
Yaponiyada esa bu gulni yangi turmush qurgan, kelin-kuyovlarga sovg‘a qilishadi. Chunki krassula omad va boylik keltiradigan g‘aroyib guldir. Uning g‘aroyib deb atalishiga sabab, kamdan-kam gullaydi. Agar u xonadoningizda gullasa, kattaroq xalta tayyorlashingizga to‘g‘ri keladi. Chunki uning har bir yaprog‘i pulga aylanadi, degan afsonalar bor».
O‘zi gullar bizga nima beradi? Toza havo, kislorod, yoqimli ifor. Ammo shunday gullar borki, ular ham go‘zallik ham shifobaxsh xususiyatiga ega. Ularga qancha e’tibor va mehr bersangiz, shuncha ko‘zingizni quvnatadi. Kun davomida ruhiy tetiklik bag‘ishlaydi. Shunday ekan gullarni chiroyi yoki qandaydir afsonalarga ishonib emas, ularga hayot baxsh etish uchun ham eking, ko‘paytiring.
Sug‘diyona Eshnazarova,
OʻzJOKU 1-bosqich talabasi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter