Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Haj safari bo‘yicha ogohlantirish berildi

Haj safari bo‘yicha ogohlantirish berildi

Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ogohlantirishicha, ayrimlar umra vizasi, turistik (ziyorat) viza, biznes viza bilan haj qilishni va’da qilmoqda, buning esa mutlaqo imkoni yo‘q.

Qayd etilishicha, Saudiya Arabistonida Haj amallarini bajarish uchun «Haj-2023» vizasi bo‘lishi shart.

Saudiya Arabistoni Podshohligi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq chet el fuqarolari uchun haj ibodatini ado etishning asosiy sharti haj vizasiga ega bo‘lish hisoblanadi. Qolgan barcha turdagi vizalar (umra, turizm, biznes, ziyorat va b.lar) bilan haj tadbirini amalga oshirish Saudiya qonunchiligiga ko‘ra qat’iyan taqiqlangan va tegishli tartibda jazolanadi.

O‘zbekiston uchun ajratilgan haj kvotasi faqatgina Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashkil etiladigan Haj safariga otlangan ziyoratchilarga ajratilgan.

«Shunday ekan, ayrimlarning O‘zbekiston orqali Haj safariga jo‘natamiz, degan aldovlariga uchmang! Ular fuqarolarimizni boshqa davlatlar orqali noqonuniy tarzda olib ketishga urinishmoqda. Bu esa, qonuniy asosga ega bo‘lmagan va haj tashkil etishga vakolati yo‘q kimsalarning urinishidir. Kezi kelganda aytib o‘tish kerak-ki, bu kabi xatti-harakatlar Saudiya Arabistoni Podshohligi va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida qat’iy chora ko‘rilishiga sabab bo‘ladi», deyiladi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xabarida.

Muborak safarlarga noqonuniy yo‘llar bilan borishga intilish Saudiya Arabistonidan deport qilish va Saudiya Arabistoniga har qanday viza bilan 10 yil muddatga kirishni taqiqlash hamda 100.000 saudiya riyoli (26.000 AQSh dollari) miqdorida jarima solishga olib keladi.

Ma’lum qilinishicha, birgina 2022 yil Haj masumida 500 nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarosi turistik va biznes viza orqali Saudiya Arabistoniga tashrif buyurib, Haj ibodati maydoni «Mashoir»ga kira olmaganlar. Haj mavsumi arafasida ziyorat viza (turistik) olgan holda Birlashgan Arab Amirliklari va Iordaniya davlatlari orqali kelgan 1500 nafarga yaqin fuqarolarimiz esa Saudiya Arabistoni hududiga kiritilmagan. Jumladan, 155 nafar fuqarolarimiz Podshohlik haj qonunchiligini buzganlik uchun Saudiya Arabistonidan 10 yil muddatga deportatsiya qilingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring