Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Gunohlarim badalini umrim bilan to‘ladim...»: 16 yoshida musofirchilikda onasi sotib yuborgan ayol hikoyasi

«Gunohlarim badalini umrim bilan to‘ladim...»: 16 yoshida musofirchilikda onasi sotib yuborgan ayol hikoyasi

Bekatda hassasiga suyanib, nigohlarini bir nuqtaga qadagancha nimalarnidir o‘ylab o‘tirgan ayol e’tiborimni tortdi. Tikilgan sari qayerdadir ko‘rgandek bo‘laverdim. «Yo‘g‘-e, u emasdir» dedim ikkilanib. E’tiborimni sezdi, shekilli, og‘ir nigohlarini yerdan uzib, men tomon sekin boshini burdi. Qaradi-yu, ko‘zlari yonib, o‘rnidan sapchib turishga chog‘landi. Lekin hassasi xalal berdi. Ismimni aytib, o‘rnidan qo‘zg‘alishga urindi. Shosha-pisha oldiga bordim.

Bag‘irlashib ko‘rishdik. Laziza. 1975-yilda tug‘ilgan. Birga ulg‘ayganmiz. 8-sinfni tugatar-tugatmas, 16 yoshida — 1991-yili onasi bilan Rossiyaga ketgandi. 4 yildan keyin, 20 yoshida Buxoroga yana qaytgandi. Orada bir tom ostida birga ishladik. 1997-yili Birlashgan Arab Amirliklariga jo‘nagandi.

Buxoro shahridagi kafelardan biriga kirdik va bir piyola choy ustida suhbat qurdik. Shu yerda dugonamning uzundan uzoq hikoyasini tingladim.

Onasi tomonidan «boss»ga «hadya» bo‘lgan qiz

1991 yili otam vafot etgach, 16 yoshimda amakiyu ammalarim siltovidan bezib, onam qiyin-qistovga olib, meni ham yoniga qo‘shib, Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga olib ketdi. To‘g‘risi, u yoqlarga mutlaqo bo‘lak olam tasavvurlari bilan borgandim. Yaxshi yashash, to‘q-farovon hayot, kam-ko‘stlardan yiroq turmush kechiraman deb xayol qilibman-a... Afsuski, Rossiyada meni orzumdagi dunyo emas, sertashvish, og‘ir kunlar qarshi oldi.

Ilk kunlarni sovuq, katalakdek tor, tashlandiq xonalarda o‘tkazdik. Keyinchalik bizni ishga yollagan rus ayolining xonadoniga ko‘chdik. Hashamatli hovlisining yerto‘lasiga joylashdik. Harqalay, bu yerto‘la avvalgi joyimizdan yaxshi edi.

Biroq, shundoq yon eshikda uy egasining cho‘chqalari boqilardi. Kunduzlari uning cho‘chqalarini boqsak, tunlari erkak va ayollardan iborat 10-15 kishi o‘zimizga ajratilgan xonaning bir chetida ganj qorib, devor bezaklari tayyorlardik. Ko‘p charchardim. Onamga qo‘shilib, men ham to‘yib ovqatlanmas, issiqqina, quyoshli yurtimni, dugonalarim, po‘stin to‘nga o‘ralib, yaqinlarim bilan bir sandal atrofida tunni tongga ulaganlarimni eslab yig‘lardim.

Ko‘z oldimda 30 yoshlardagi «boss»imiz (boshlig‘imizni shunday atashardi) kimdir uxlab qolgan bo‘lsa yoki bemavrid dam olayotgan bo‘lsa, rosa kaltaklardi. Yoshi kattalar ham bor edi kaltaklanganlar orasida. Onamga ham ko‘p ozor berardi. Mening esa ko‘zlarimni uyqusizlik, jismimni umidsizlik yemira boshladi. Uxlab qolgan kezlarim ham bo‘lgan. «Yerto‘ladosh»larim orasida eng yoshi, yana qiz bola bo‘lganim uchunmi, «boss»imiz menga negadir qo‘pol gapirmasdi.

Bir kuni tongda ko‘zimni ochsam, yonimda «boss»imiz turibdi. Harchand urinmay, qarshiliklarim zoye ketdi... Afsuski, ikkimizning qiynalib yashashimizdan charchagan onam qizini unga pullagan ekan.

Endi men uchun hech narsaning qizig‘i qolmagandi. Opamdan nafratlanishimni betiga sochib tashlaganimdan ham foyda yo‘q edi. Taqdirga tan berdim: yerto‘ladoshlar-u onam bilan bir xonada yashar, faqatgina bir parda ortida, har oqshom «boss»imizga tortiq etilaverdim.

Asta-sekin yuzlarimdagi qizillik o‘rnini sharttakilik, betgachoparlik egalladi. Hammasidan charchagandim. Og‘ir va yoqimsiz mehnatdan ham, onamning xarxashalari-yu, «boss»imizning zo‘ravonliklaridan ham. Bunday jirkanch va ayanchli ahvolda yashay olmasdim. Qozog‘istonlik bir ayol xonadoshimizning ko‘magi bilan yerto‘ladan va undagi achchiq hayotdan qochdim. Orzularimdan, kelinlik haqidagi o‘ylarimdan ayirgan zulmat go‘shadan olisladim. Meni onamning izlashlari ham mutlaqo qiziqtirmasdi.

«Yerto‘ladan yerto‘laga: ayanchli kunlar tugamagan ekan»

Sankt-Peterburgdan Yakutsk  shahriga keldim. Bu gal yo‘llarim havo harorati iliqroq shaharga tutashganidan xursand edim. Qirg‘izistonlik va tojikistonlik muhojirlar bilan par yostiq tikuv fabrikasida ishlay boshladim. Yostiq jildlariga tayyor patlarni solib tikardik.

Bir qaraganda, qilayotgan ishim yengildek ko‘rinsa-da, aslida, patlar changidan bo‘g‘ilardik. Oradan ikki yilcha o‘tib, hammayog‘imni allergik toshmalar bosdi. Qichish va achishish a’zoyi badanimni yemira boshladi. Tirmalanaverganidan qontalash bo‘lgan yuz va qo‘llarimdan atrofimdagilarning ham behuzur bo‘layotganini sezib turardim. Ish boshqaruvchi Artemiy bu holda uzoq ishlay olmasligimni bildirib, ishdan bo‘shatdi. Uning uchun endi qayoqqa borishim, qanday kun ko‘rishim qiziq emasdi. Iltimoslarim kor bermadi.

Ammo yaxshi odamlar ham bor edi. Ular meni ish boshqaruvchidan yashirin ravishda bir necha hafta qorovulxona yonidagi omborxonada saqlashdi. Qop-qorong‘i omborxona qanchalik yuragimda vahima uyg‘otmasin, sal-pal tuzalgunimgacha shu yerda tunashga majbur edim.

Xitoylik Si ismli bir ayol turli malham va giyohlar bilan bilganicha davolab ketardi. Bir kuni qorovullardan biri xitoylik ayolning yashirincha omborxonaga kirib-chiqayotganini ko‘rib qolibdi. Artemiyga xabar beribdi. Artemiy menga qo‘shib xitoylik ayolni ham qattiq jazoladi: xasta holimga parvo qilmay ikkimizni urib-tepib, ko‘chaga uloqtirdi...

Par yostiqqa yozilgan xat

Harqalay, Sining boshpanasi bor ekan. Meni ham ijara uyiga olib ketdi. Bir xonada 30 ga yaqin xitoylik yashar ekan. Xona bijg‘ib ketgan. Ivirsiq ahvolda. Yeguliklari esa ta’bni xira qiladi. Shiftgacha ustma-ust o‘rnatilgan karavotlarni ko‘rib, hayratga tushdim. Ammo u meni shunday sharoitda ham davoladi. Mehr ko‘rsatdi. Uning «g‘amxo‘rligi»ni qaytarish uchun aytganlarini so‘zsiz bajaraverdim.

Xitoylik muhojirlarning nafaqat kir-chiri, yana oyoqlarigacha yuvishga majbur edim. Bu orada to‘liq davoladim va tuzaldim. Afsuski, Si ham meni xitoylik muhojirlarga pulladi. Allaqachon odam savdosi qurboniga aylanib bo‘lgandim. Allaqachon odam savdosi qurboniga aylanib bo‘lgandim. 

Onam bilan O‘zbekistondan pasport emas, tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma bilan chiqib kelganim uchun hujjatsiz, yashirinib yashashga majbur edim. Ich-ichimda: «Ko‘proq pul topsam, bu yerlardan O‘zbekistonga, baribir, qochib ketaman» degan maqsad bor edi.

Oradan olti-yetti oycha vaqt o‘tgach, xitoyliklar in qurgan xonadon darvozasi qattiq taqilladi. Uyda bir o‘zim kuymalanib yurgandim. Darvozani ochsam, qarshimda men va Sini urib-tepib haydagan par yostiq tikuv fabrikasi ish boshqaruvchisi - Artemiy turardi. Qo‘lida bir xat. Menga tutqazdi.

Ishonasanmi, o‘zimgagina tanish xatni o‘qirkanman, yig‘lab yubordim. Unda 16 yoshimda otam vafotidan so‘ng Rossiyaga kelib, bir «boss»ga onam tomonidan sotib yuborilganim, Yakutskkacha kelguncha chekkan azoblarim va par yostiq fabrikasidagina odamdek kun ko‘rayotganim — hamma-hamma voqeani yozgandim. Xatimning oxirida «Mabodo, muhojirlikda, sarson-sargardonlikda bir kun o‘lib ketsam, buni, albatta, onamga yetkazinglar. Nima bo‘lgandayam, onam meni dunyoga keltirgan va yaxshi yashashim uchungina shu yo‘lni tanlagan» deya o‘zimning suratim va onamning Sank-Peterburgdagi manzili, suratini xatga o‘rab, par yostiq jildlaridan birining ichiga yashirincha tiqib qo‘ygandim.

Artemiy Si yashaydigan xonadonni avvaldan bilgan va shu xat tufayligina taqdirimga achinib, izlab kelgan ekan. Shunda garchi meni ilgari tushunmay, og‘ir kunlarni boshimga solgan bo‘lsa-da, birgina xat orqali odamiyligi uyg‘onibdi. Unga hurmatim oshdi.

Uyat bo‘lsa-da, xitoylik muhojirlar bilan tan savdosi orqali tirikchilik qilayotganimni oqizmay-tomizmay yig‘lab aytib berdim. Artemiy barbod bo‘lgan hayotim uchun o‘zini ham aybdor his qilayotganini aytib, kechirim so‘radi. O‘zi bilan olib ketishini aytdi. Rozi bo‘ldim. Yana par yostiq fabrikasida ishlay boshladim. Salomatligimdan tez-tez xabar olib turdi. Yaxshigina maosh to‘ladi.

Boylik orttirishimga qaramay, O‘zbekistonga qaytdim

Ko‘p o‘tmay, Artemiy bilan birga yashay boshladik. Bu orada onamni ham Sankt-Peterburgdan chaqirtirdi. Holimizni ancha tikladik. O‘zbekistonga qaytsam, mashina va uy olishga qurbim yetadigan darajada pul, boylik orttirdim. Rossiyadagi hayot qanchalik to‘kin bo‘lmasin, ortimga - yurtimga qaytgim kelaverardi.

Bir kuni lash-lushlarimni yig‘ishtirib, onamning qarshiligiga qaramay, avtobusda O‘zbekistonga qaytishga qaror qildim. Onamdan O‘zbkistonga yetgunimcha Artemiyga aytmasligini yalinib-yolvorib so‘radim.

Qozog‘iston - O‘zbekiston  chegarasida it azobini tortganimni yashirmayman. Chegarada qozoq  militsiyalari avtobusdagi yo‘lovchilarni xuddi qaroqchilardek taladi. Yukimiz-u pullarimizning yarmidan ortig‘ini muttahamdek yulqidi. 2-3 kunlab chegaralarda sarson yurdik. O‘zbekiston chegarasiga o‘tganimizdagina taskin topdim. Onam ham oradan bir oycha vaqt o‘tgach, uyga qaytdi.

«Yurtga qaytdim. Mashaqqatlar yangilandi»

Eh-he, yurtga qaytgach, yana mashaqqatlar boshlandi - fuqarolik pasportini olish uchun turli tashkilot, idoralar eshigida sarg‘aydim, militsionerlarning siltov va kamsitishlariga chidadim. Rossiyaning sovuq yerto‘lalarida chok-chokidan so‘kilgan hayotim oldida bu sinovlar chaqadek gap edi.

1995 yil. Rasman O‘zbekiston fuqaroligi pasportini qo‘limga olgunimcha ulovning puli ketdi-yov. Amal-taqal qilib, bir xonali uy oldik. Men va onamning xorijdagi hayotini u-bu muhojir bo‘lgan mahalladoshlarimizdan eshitgan qarindoshlarimiz masofa saqlashdi.

Xolalarim salomimga alik olishmadi. Oradan yillar o‘tib, dardlar og‘rig‘i yuraklarni shuncha iztirobga to‘ldirib kelayotganiga qaramay, tog‘am bir paytlar xorijda qizini pullagan opasi – onamni do‘pposladi. Meni ham kaltakladi. Qarshilik ko‘rsatmadim.

Qarshilik ko‘rsatmadim. Faqat qontalash lablarim bilan pichirlab: «Ammalarim qo‘lida xor bo‘lganimizda qayerda edingiz?! Ostonamizdan chiqing va qaytib kirmang! Sizday qarindoshim yo‘q!»-dedim.

Yaqin qarindoshlarning sendan yuz o‘girishi odamni ado qilarkan.

Bilsang, o‘shanda bir muddat sizlar bilan oz muddat ishlab, ko‘nglim sal taskin topardi. Bir gapirib, o‘n kuladigan mendek qizning hayoti aslida fojiali ekanini hech biringiz o‘ylab ham ko‘rmasdingiz.

Bir paytlar meni sotgan onam, yarim tanasi kuysa-da, beshikdagi bolamni qutqarishga ulgurdi»

Ko‘p o‘tmay, taqdirim o‘zimdan 20 yosh katta odam bilan bog‘landi. U bor kechmishimni o‘zimdan eshitdi. Meni tingladi va hech ikkilanmay uylandi. Ikkinchi xotin bo‘lsam-da, men uchun armon bo‘lgan – oppoq ko‘ylak kiyish baxtini beroldi.

1996-yili qizimiz dunyoga keldi. Baxtimiz uzoqqa cho‘zilmadi. Turmush o‘rtog‘im avtohalokatga uchradi. Birinchi xotini «erimning o‘limiga sen sababchi» deb uyimizni yoqib ketdi. Bir paytlar meni 16 yoshimda o‘z bossiga sotib yuborgan onam yarim tanasi kuysa-da, beshikdagi bolamni olib chiqishgagina ulguribdi. Shu qoldirgan ne’mati uchun ham Allohimga shukrlar aytdim. Qolgan hech narsaga achinmadim...

Yana hammasini qaytadan boshlash kerak. Bu men uchun qanchalar qiyinligini sezib, titrab ketdim. Yarim tanasi kuygan onam va beshikdagi qizimning hayoti uchun javobgarman. Kuygan uyimizni naridan-beri suvab, yashay boshladik. Kunduzlari qaysidir idorada farroshlik qilsam, kechqurunlari to‘yxonalarda idish-tovoq yuvardim.

Olti-yetti oy, deganda onam ancha sog‘aydi. Qizim ham yura boshladi. Yetishmovchiliklardan juda qiynaldik. Topayotgan kunlik daromadim dori-darmon-u yeb-ichishga zo‘rg‘a yetardi. «O‘zbekistondan ketmayman!» degan qarorim yana o‘zgardi. Husn-latofatim joyida, yoshman.

U-bu tanigan-bilganlarimni ishga soldim. Birlashgan Arab Amirliklariga otlandim.

Avvaliga ketishimga unamagan onam ham sharoitimizdan bezgani uchunmi ruxsat berdi. O‘sha yillardagi narx-navoni o‘zing bilasan. Birov birovga nimadir ilinarmidi? Xullas, jajji qizalog‘imni onamga qoldirib, Birlashgan Arab Amirliklariga uchdim. Men qatori boshqa qiz-juvonlar ham bor edi.

Abu-Dabiga qo‘ndik. U yerda bizni vodiylik Salomatposhsho degan ayol kutib oldi. Oramizda o‘zini nimalar kutayotganidan bexabarlar ko‘p edi. O‘smirligimdanoq musofirchilik qiyinchiliklarini ko‘rganimgami, o‘zimni hamma narsaga tayyorlab kelgandim. Men uchun muhimi — pul edi. Abu-Dabida 4-5 oy yashadik va mahalliy tilniyam tuzukkina o‘rganib oldik.

Jirkanchliklar yashiringan qo‘rg‘on

Bizni Dubay shahriga olib kelishdi. U yerdagi razilliklar, iffatli qizlarning ham aldab-avrab sotilishi, odam savdosi, inson qadrining sariq chaqaga arzimasligi... aytsam, tugamaydi. Bir kunda ming o‘lib, bir tirilardik. Bular Salomatposhshoni hech qachon qiziqtirmagan.

Oramizda Jamila ismli juvon bor edi.U aldangan va tahqirlangan edi. Yig‘lab-siqtagani uchun oilasidagilari bilan telefonda suhbatlashishiga yashirincha yordam berdim. Otasi qazo qilgani eshitib, ado bo‘ldi.

Salomatposhshodan qishlog‘iga qaytishiga ruxsat so‘radi, iltimos qildi, yalinib-yolvordi. Ammo, rad javobini oldi. Haqoratlarga ko‘mildi. Kaltaklandi. Qo‘y og‘zidan cho‘p olmaydigan juvonning toqatlari tugadi-yov, kutilmaganda jahl ustida Salomatposhshoga pichoq sanchdi.

Bekamiz jiddiy jarohatlanmadi-yu, jahlidan ham tushmadi. O‘zining shayxi orqali politsiyani chaqirtirdi. Jamila dir-dir titrar, qotib qolgandi. Unga achindim. Jinoyatchilarning zindonband etilishini bilardik. Jim tursak, zindonda o‘lib ketishi ham mumkin. Hech ikkilanmay, qontalash pichoqni qo‘limga oldim-da, Salomatposhshoga «Agar politsiyani qaytarmasang, seni o‘ldiraman va hamma qilmishlaringni ochib tashlaymiz», — dedim.

Xonada qiy-chuv ko‘tarildi. Afsuski, politsiya yetib kelishga ulgurgandi. Meni ham, Jamilani ham zindonga solishdi. Oradan kunlar o‘tib, Salomatposhshoga insof berdimi, bizni zindondan chiqartirdi. Jamila uyiga qaytdi. Endi beka menga o‘chakishib olgandi. Yonimdagi qiz-juvonlar bir kunda bir-ikki kishiga tortiq etilsa, men uch-to‘rt kishiga sotilardim. Azob meni o‘tdan olib, suvga tashlardi. Ammo onam va qizimning yaxshi yashashi uchun chidashga majbur edim...

Bir umrlik to‘lov

Oradan uch yildan ko‘proq vaqt o‘tdi. Bu orada kimdir zindonband bo‘ldi, kimdir dom-daraksiz ketdi, yana boshqasi azoblarga chidolmay, joniga qasd qildi.

2000-yil. Yangi asrni Dubayda nishonladik. Aynan o‘sha kun men ham 25 yoshni to‘ldirgandim. O‘ndan ortiq qiz-juvon birimiz sharbatdan mastmiz, yana birimiz shohona hayotdan. Garchi jirkanch yashash etagidan tutgan bo‘lsak-da, ko‘nglimizga go‘yo «kimlargadir kerakmiz» degan o‘y taskin berardi.

Salomatposhshodan yashirincha, bir-ikki shayxlar orqali onam va qizimga yaxshigina pul, sovg‘a-salom yetkazib turaverdim. Shunday sarxush kunda xobgohimga birmas, uch xorijlik kiritib yuborildi. Ular orasida barvasta qora tanli kishi ham bor edi. Men uchun esa bu o‘lim bilan barobarligini bilaman.

Xonam judayam katta, hashamatli bo‘lsa-da, qochib chiqishning iloji yo‘q. Faqatgina cho‘milish xonasida odam zo‘rg‘a sig‘gulik darcha borligi esimga tushdi. Sharbatdan sarxushman, shunda ham bir necha daqiqalardan keyin dahshatli qiynoqlar ichida qolishimni sezdim. Qo‘l-oyoqlarim titrab, uch mijozga sharbat quydim-da, qo‘limni yuvib chiqishimni aytdim. Ular kulimsirab qo‘yishdi.

Yuvinish  xonasiga kirib, bir odam zo‘rg‘a siqqulik deraza tokchasiga ko‘tarildim. Pastga qarab, yuragim orqaga tortib ketdi. Qo‘rg‘onning men joylashgan xonasi 1-qavatda bo‘lsa-da, yerdan kamida 3 metrcha balandda edi. Qo‘rg‘onning orqa tarafida esa kengligi nari borsa, bir metrcha ham kelmaydigan tuproq yo‘lakcha bor, xolos. O‘zimni shu tor yo‘lakchaga otishni mo‘ljalladim. Ko‘zlarimni “chirt” yumdim-da, pastga otildim. Tamom. Boshqa hech narsani eslolmayman. O‘shanda tuproq yergamas, qatnov yo‘liga tushgan ekanman.

Sharjadagi hayotim

Ko‘zimni ochsam, kasalxonadaman. Oyog‘im bel suyagidan ajralgan, tovonlarim yorilgan, tizzalarim jarohatlangan, son suyagim chiqqan ekan. Oradan ancha vaqt o‘tgan va meni operatsiyaga tayyorlashayotgan ekan. Og‘riq jon-jonimdan o‘tsa-da: «Yana Salomatposhsho qo‘liga tushibman-a, bu yerga u olib kelgan», degan vahima bosdi ichimni. Shifokorlar esa meni asli sharjalik shayx zudlik bilan keltirgani va operatsiya uchun barcha xarajatlarni qoplaganini aytdi. Lol edim.

Uch oydan ortiq davolandim. Shayxning o‘zini ko‘rmadim ham. Allaqanday notanish kimsalar g‘amxo‘rlik qilardi. Qochish uchun o‘zimni darchadan tashlaganimda qatnov yo‘liga borib tushganim, ustiga-ustak mashina kelib urilgani uchun jarohatim battar jiddiylashganini eshitdim. Meni urib yuborgan ulov egasi Sharja boylaridan Muhammadzod ismli shayx ekan.

Shifokorning aytishicha, kasalxonada yotgan paytimda shayx Muhammadzod Salomatposhsho qo‘nim topgan qo‘rg‘onga borib, asl holatni aniqlagan va mening shaxsiy pasportimni bosim yo‘li bilan undan olgan ekan. Keyin u yerdagi zo‘ravonliklar haqida politsiyaga xabar beribdi. Tekshir-tekshir boshlanibdi. Shundan keyin Salomatposhsho va uning taqdiri bilan umuman qiziqmadim.

Meni Sharja shahriga keltirishdi. Shayx Muhammadzod 60 yoshlardan o‘tgan kishi ekan. Xotini o‘lgan, 4 o‘g‘li, 3 qizi, kelin va nevaralari bilan bir qo‘rg‘onda yasharkan. Xuddi ertaklardagidek hashamatli saroy. Butun oila a’zolari bilan suhbatlashdim. Boshimdan kechirgan barcha kechmishlarni so‘zlab berdim. Butkul tuzalib, yurib ketgunimcha shu qo‘rg‘onda qolishimni aytishdi. Menga alohida enaga qarar, hatto onam va qizimga ham bank orqali pul yuborishardi. Garchi aybdor o‘zim bo‘lsam-da, jismonan xasta bo‘lib qolganimga shayx Muhammadzod o‘zini aybdordek sezardi.

Oyoqqa turdim. U-bu ro‘zg‘or yumushlarigayam qarashgan bo‘ldim. Bir kuni endi ularni bezovta qilmasligim, ish izlashimni bildirib, Muhammadzoddan izn so‘radim. Ammo qayoqqa ketishim noma’lum edi.

Oilaviy maslahatlashib, mening ketishimga ruxsat berishmadi. Oqsoqlanib yursam-da, yosh va chiroyli ekanim, ammo zinhor zino yo‘liga kirmaslik, beadablik qilmaslik talabi bilan xonadonda xizmatkor bo‘lib qolishimni aytishdi. Rosti, quvondim. Tan-jonim sog‘lig‘ida qarindoshlarimga kerak bo‘lmaganim, nogironligimda yetti yot begonaga kerakligimdan yig‘lab yubordim.

Talablariga ko‘ndim. O‘zbekona taomlar pishirib, ularni siylardim. Nevaralarini yuqib-tarardim. Supir-siyirdan ham qochmadim. Shayxning o‘g‘il-qizlari, kelin va nevaralari bilan judayam yaqinlashib qoldik. Bu xonadonda besh vaqt namoz, odamiylik ustun edi.

Zinodan tiyildim. Chin dildan xizmatda bo‘ldim. 8 yildan ortiq shu qo‘rg‘onda yashadim. Orada shayxning ko‘magi bilan onam va qizim uchun Buxoro shahridan uch xonali uy ham olib berishga ulgurdim.

2008-yil. Qizim ham ulg‘aygan, maktabning 4-sinfiga ko‘chgandi. Uni faqat teleofn orqali ko‘rib, gaplashardim, xolos. Yig‘lardim, sog‘inardim.

2012-yildagina Muhammadzod juda ko‘p sovg‘a-salomlar bilan vaqtincha O‘zbekistonga, onam va qizim bag‘riga jo‘natdi. Onam ancha qarib qolgan, keksaygan, qaddi bukchaygan edi. Qizim 16 ni to‘ldiribdi. Uni tashlab, ostonadan chiqib ketganimga 15 yil o‘tibdi-ya! Aynan uning yoshida o‘zimning musofirlikda chekkan azoblarim ko‘z o‘ngimdan bir-bir o‘tdi. Yuragim orqaga tortib ketdi.

Avvaliga qizim mehrimdan mosuvo bo‘lib o‘sgani uchun begonasiradi. Bir-birimizga o‘rganishimiz qiyin kechdi. Ona-bola zo‘rg‘a til topishdik.

Oradan oylar o‘tdi. Muhammadzodga bergan va’dam muhlati tugayotgandi. Menga qayta hayot baxsh etgan, fahsh yo‘llardan qaytargan, oilamga bekam-u ko‘st yordamlashgan odamning tuzlug‘iga tupursam, insofsizlik bo‘lardi. Lekin qizimdan ayrilishim azobli edi.

Hammasiga ko‘z yumib, onam va qizimni zo‘rg‘a ko‘ndirib, poytaxtga yo‘l oldim va u yerdan yana Dubayga uchdim. Dubay aeroportidan Muhammadzodning o‘g‘li kutib oldi. Sharjaga keldik. Shayx xastalangan va yotib qolgan ekan. Keksa shayxni parvarishlab yurgan kezlarimning to‘rtinchi kunida qizim men bilan bog‘lana olmagani, onamning ikki kun ilgari vafot etgani xabarini yetkazdi.

Yeru-osmonimni bulut qopladi. Oh-faryodlarimni-ku, so‘rama. Qo‘ni-qo‘shni va mahalla-ko‘y bosh-qosh bo‘lishibdi. Uzoq yillar bizdan hol so‘ramagan tog‘a-yu yangalarni ham topishibdi. Tog‘am men bilan telefon orqali bog‘landiyu, arazlar ortda qolgandek quyuq so‘rashdi. O‘zi hali kelganimga bir necha kun bo‘lganini eslatib, ortga qaytmasligimni, onam haqiga o‘sha yerdan duo qilishim va ishimda davom etishimni so‘radi. Qizimni shahardagi o‘z uyimizda yangamning qaramog‘iga qo‘yib, o‘zi tez-tez xabar olib turishiga ishontirdi. Rozi bo‘ldim.

Kunlar, oylar bir zaylda o‘taverdi. Onam xotirasi haqqiga duo bilan tunlarni tongga uladim. Yana ikki yilni o‘tkazdim. Shayx Muhammadzod ham 2014-yilgacha to‘shakka mixlangancha qaytib turmadi. Shayxni so‘nggi manzilga kuzatdik. Bu men uchun og‘ir judolik edi. Xuddi otamni ikkinchi marta yo‘qotgandek qayg‘uda qoldim.

Bu qo‘rg‘onda endi har kim o‘zi bilan o‘zi band, men ham anchagina sog‘lig‘imni yo‘qotgandim. Yoshim o‘tgan sari oyoqlarimda og‘riq battar kuchaygandi. Bir tarafdan qizim ham ulg‘aygan, turmush yoshiga yetib borayotgandi. Uning ham hayoti qandaydir taqdir zarbasi bilan o‘zimnikiga o‘xshamasligi uchun shayxning katta o‘g‘li Muborak Alidan yurtimga qaytish uchun izn so‘radim. U sadoqat bilan bu oilaga xizmat qilganimga belanchakdagi bolasiga yana bir yilcha qarashimni so‘radi. Rad etolmadim. Nimaga erishgan bo‘lsam, shu oilaning halol puli evaziga erishdim. Bu paytgacha tog‘am va yangamning qizimga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rliklariga ishonib, barcha pullarni bank orqali tog‘amning nomiga jo‘nataverdim.

Shayxning o‘g‘li Muborak Ali aytgan vaqt yetib keldi. Belanchakdagi bolasi oyoq chiqarib, suyagi qotdi. U ukadek birodarligini yana bir karra eslatib, yordamga muhtoj bo‘lganda hech ikkilanmasligimni qayta-qayta eslatdi. 2015-yili O‘zbekistonga kuzatdi. Xuddi opa-ukalardek xayrlashdik. Ortimga yana to‘lib-toshib qaytgandim. Ammo bu gal 40 yoshga kirgan, onasini so‘nggi manzilga kuzatolmaganidan sochlari oqargan, 25 yoshida oyog‘idan olgan jarohati sabab tamoman cho‘loqqa aylangan juvonga aylangan edim...

«Sunganim hassa bo‘ldi...»

Qizimning oldiga oshiqdim. Kichikkina oilam bag‘riga qaytdim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, 19 ga to‘lgan qizim uyimning bekasi emas, cho‘risiga aylangan ekan. Telefon orqali kunora so‘zlashuvlarning hammasi soxta, tog‘am va yangamning tomoshasi ekan. Ular qizimni qo‘rqitib, zug‘umlar o‘tkazishgan, menga shikoyat qilib qo‘ysa: «Dubayda yurgan onangni o‘ldirib yuboramiz, chet elda hech kim hech kimni tanimaydi», — deyishgan va so‘zlashuv paytlaridagina uni menga bo‘yab-suyab, yuvib-tarab ko‘rsatishgan ekan.

Sho‘rlik qizim onasining ming chaqirim uzoqdaligi, o‘zining yakkaligidan cho‘chigan va tog‘am-u yangam nima desa, ko‘nib yashagan. Bolamni xo‘rlashgan, kezi kelsa, kaltaklab-urib, och qoldirishgan. Uch xonali keng-mo‘l uylardan biridamas, oshxonada - yog‘li-dog‘li ko‘rpa-to‘shaklarda yotib yurgan ekan.

Ammo qizim chidagan. Alloh unga kuch bergan.  O‘zimni kechira olmadim. Onam va hayotimizni barbod qilgan yaqinlarimga nega yana ishondim? Qizimning hayotini-ya?

Oxiri yo‘q tortishuv, janjallar bilan ham tog‘amning nomiga bank orqali jo‘natgan pullarimning yarmini ham qaytarib ololmadim. Ular pullarim evaziga hovlilarini yangilashga allaqachon ulgurishibdi. Xudoga soldim. Yaxshiyam, uy hujjatlarimni ishonchli dugonamga qoldirib ketgan ekanman».

***

Laziza bilan uzoq suhbatlashdik. U 2020-yilda 24 yoshga kirgan qizini turmushga uzatibdi. Ungacha «onasi Dubayda uzoq yillar qolib ketgan fohisha»  degan haqoratlar sabab ostonasidan juda ko‘plab sovchilar qaytgan ekan.

«Hozir butun umrimni taroziga solib ko‘rayotgan edim. Haytimning yarmidan ko‘pi musofirchilikda o‘tdi. Xatolar qildim. Tang-tor yo‘llarda adashdim, gunohlarga botdim, jabrlar topdim, musofirchilikda ado bo‘ldim. Gunohlarim meni umrbod hassaga suyantirdi. Hayotimda uchragan va meni fahsh yo‘llardan qaytargan birgina inson – shayx Muhammadzodning izmida bo‘lganim, balki, bugun qizimning baxtini topishiga turtki bo‘lgandir. O‘zimning yo‘limda davom etaverganimda, balki, bolamning hayoti, taqdiri menikidan ham zimiston bo‘larmidi?! Alloh shundan asragani rost bo‘lsin! Hozir qizim baxtli. Shunisiga shukur! Men esa hassaga suyangancha qoldim» — deya hikoyasini tugatdi u.

Laziza bilan xayrlashdim. Ortidan uzoq tikilib  qoldim. U alam va iztirob, musofirchilikda chekkan azoblarini yelkalagancha hassasiga suyanib, og‘ir qadamlar bilan oqsoqlanib borardi.

Laylo Hayitova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring