Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ulug‘bek Oripov

Ba’zan sukut haqiqatdan afzal bo‘lishi mumkin.

«Green Card»: nega millionlab yoshlar Amerikaga ketishni istamoqda?

«Green Card»: nega millionlab yoshlar Amerikaga ketishni istamoqda?

Kollaj:«Xabar.uz»

Talvasami, majburlik?

«Yoshlar ovozi» saytida jurnalist Xolboy Qosimovning «Green Card» talvasasi» nomli maqolasini o‘qib qoldim. Maqola quyidagi jumlalar bilan boshlanadi: «Darhaqiqat, so‘nggi yillarda yurtimizda yuz berayotgan o‘zgarishlar — shahar va qishloqlarimiz qiyofasining tanib bo‘lmas darajada chiroy ochayotgani, iqtidor egalarining har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani, jamiyat hayoti farovonlashib, odamlarimiz ongu shuuri, qalbi yanada poklanayotganini hammamiz ko‘rib turibmiz».

Shu jumladan so‘ng muallif «ana shunday keng imkoniyatlardan bahramand bo‘lib yashash o‘rniga xorijda baxt topish ilinjida yurgan va AQShda yashash va ishlash huquqini beruvchi «Green Card» talvasasiga tushib qolgan yoshlar»dan yozg‘iradi. Maqolada shuningdek, AQShga yo‘llanmani yutib olgan fuqarolar va ular bilan bog‘liq hangomalar ham berilgan.

Maqola so‘ngida muallif barcha aybni «Green Card» talvasasida yonayotganlar»ga ag‘darib qo‘yadi.

Endi do‘ppini bir chekkaga qo‘yib o‘ylab ko‘raylik: bunday quruq, populistik chaqiriqlar bilan chetga ketayotgan odamni qaytarishning iloji bormi? Statistika bizga shunday ma’lum qiladi: bugun 3 milliondan ziyod vatandosh Rossiyada ishlamoqda. Turkiya, Janubiy Koreyada ham o‘zbekistonliklar serob. Biz yirik ishchi kuchi eksport qiluvchi davlatmiz. Shunchaki, yaxshi sharoitning qadriga yetmaslik» aytish ularni ortga qaytaradimi? Qachon haqiqiy ahvolni tan olamiz? Prezident Shavkat Mirziyoyev yaqinda Buxorodagi yig‘ilishda «Qarsaklar, balandparvoz gaplarga chek qo‘yib, har bir xonadon, shaxs bilan manzilli, alohida-alohida ishlash zarur»ligini ta’kidladi. Biz esa hanuz imkoniyat, sharoit yo‘qligidan chet elga borishni ixtiyor etganlarni yomonlash bilan bandmiz. Aslida vakuumdan chiqib, real vaziyatga mos ravishda harakat qilish kerak emasmi? Yurtdoshlarimiz chet elda yashashga ishtiyoqmandligidan ketyaptimi yoki majburlikdanmi?

Ikki milliondan ziyod ariza — ogohlik qo‘ng‘irog‘i

«Travel.state.gov» sayti ma’lumotlariga ko‘ra, «Green Card» lotereyasi uchun 2018 yilda 2 million 114 ming 446 nafar o‘zbekistonlik ariza topshirgan (2017 yilda 1 million 576 ming nafar edi). «Green Card»ning ko‘pchilik uchun orzu, kimgadir armon, kim uchundir biznesga aylanib ketayotgani ortida ham shu millionlab odamlar (mutlaq ko‘pchiligi yoshlar) turadi. Bu muammoning tub ildiziga yetish uchun allaqachon o‘ylash kerak ekani, yoshlarni be’mani taqiqlar va va’dalar bilan emas, haqiqiy imkoniyatlar orqali vatanda olib qolish lozimligini anglatadi. Chunki millionlab yoshlar vatan ostonasida imkoniyat poylab turibdi.


«Grin-kard» kimga eng ko‘p beriladi? O‘zbekiston va sobiq ittifoq mamlakatlari (reyting)


«Quruq qoshiq og‘iz yirtadi»

O‘zbekiston davlat statistika qo‘mitasi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yilda yurtimizda 14 yoshdan 30 yoshga qadar bo‘lganlar (ya’ni o‘smirlar va kattaroq yosh qatlam) 9 million 992 ming nafarni tashkil etgan. Bu aholining 30 foizi demakdir. Rivojlanish uchun yetarli darajada yoshlar potensialiga egamiz. Yurtimiz aholisining yosh nisbati, mehnatga layoqatli yoshlar soniga uncha-muncha davlat havas qiladi. Ammo… yoshlar bilan muloqot, ularning muammolarini o‘rganishda oqsayapmiz. «60 foizdan ziyod aholimizni yoshlar tashkil etadi, ularga bugun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda», degan siyqa jumlalar bilan yoshlarga yordam bera olmaymiz. Yuqorida «Green Card» atrofida ro‘y berayotgan voqealar ayrim yoshlarning ketish istagi yanada oshayotganini bildiradi.

Yoshlar nima deydi?

Akmal Karimov, O‘zMU xorijiy filologiya fakulteti talabasi: «Green Card»da omadimni har yili sinab ko‘raman. O‘zim kelajakda ingliz va fransuz tillari bo‘yicha mutaxassis bo‘laman. Rejamda AQShda ta’lim olish ham yo‘q emas. Hozir maktabda dars ham beraman. Ammo o‘qituvchi izzat-hurmatining pastligi, o‘quvchilarning ta’lim olishdagi ma’suliyatsizligi va boshqa muammolar meni chet elga borib, shu salohiyatimni boshqa ishlarga sarflashga undaydi. 

Nima qilmoq kerak?

Shu jamiyat a’zosi, shu davlatda yashayotgan yosh sifatida bir narsani juda xohlardim: yoshlar bilan muloqot, ularning muammolarini o‘rganish tizimini o‘zgartirishni. Ularning fikri, tanlovi, qarashlari hurmat qilinishi lozim. Yoshlar mavzusini yoritishda biryoqlamalikdan qochish lozim. Masalan, vatanni tark etayotganlarga salbiy qarash kerak emas. U vatandan ijobiy taassurot bilan chiqib ketsin va kerak bo‘lsa, xorijdan turib, o‘zbek jamiyati rivojiga hissa qo‘shsin. «Green Card» talvasasi» maqolasiga o‘xshab, ularning bo‘yniga «vatanni sevmaslik, nonko‘rlik, oson pul topish va boylikka o‘chlik» kabi ayblarni marjondek ilish bilan ish bitmaydi. 

Ikkinchi najot esa ta’limdan. Aslida jamiyatimizdagi muammolarning mutlaq ko‘pchiligiga ta’lim tizimini yaxshilash evaziga erishsa bo‘ladi. Yaxshi ta’lim olgan yoshlar o‘z taraqqiyotimiz rivojiga hissa qo‘shadi, chet elga borsa ham o‘zini ko‘rsatib, yurt imidjini yaxshilaydi. Yaxshi ta’lim malakali kadrlar degani. Malaka kadrlar esa kelajakda yoshlarga o‘z vatanida ham yaxshi mablag‘ topa olishi uchun yaxshi loyihalarni ishlab chiqadi.

Uchinchidan, «aqlli migratsiya» dasturini ishlab chiqish kerak. Chet elga ketayotgan muhojirlar uchun yirik kurslar ochilsa, ularning salohiyati oshirilsa, zarur tushuntirishlar berilsa, o‘ylaymanki vaziyat yaxshilanadi. Migrant xorijga shunchaki katta mablag‘ni xayol qilib emas, undagi qonun-qoidalar, sharoitlarni, tilni o‘rganib yo‘l olsin, eng muhimi oldida maqsadi bo‘lsin. 

To‘rtinchidan, yoshlarning tanlovi har qanaqa teskari targ‘ibotdan, taqiqlardan qochishi lozim. Yaqinda voyaga yetmagan bolalari bor ota-onalarning chetga chiqishini cheklash bo‘yicha taklif jamiyatda katta aks-sado bergani bunga misol. Yoshlarga nisbatan har qanday jiddiy taqiq, ularni bir yo‘lga solishga urinish, muammoni hal etishda eng oson — taqiq yo‘lini izlash unga yechim bo‘la olmaydi. Ularga yordam berish emas, xalaqit bermaslik kerak, ularning fikrini, qarorini hurmat qilish ularga eng katta yordam bo‘lishi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring