Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Giyohvandning so‘nggi kunlari

Giyohvandning so‘nggi kunlari

U yana g‘ujanak bo‘lgancha og‘riqning zo‘riga chidolmay ingradi. Eshikning haliyam tashqarisidan tambalanganini ko‘rib hafsalasi pir bo‘ldi. Asabiy tishlarini g‘ijirlatdi: «Bu safar aniq o‘lib qolaman, anavini qayerdan bo‘lsayam topmasam, ahvolim chatoq» deb o‘yladi. Hozir uning xayolini o‘sha zahri qotildan boshqa narsa egallamagandi.

Javharbek oilada yakka-yu yolg‘iz o‘g‘il bo‘lib, o‘ziga to‘q xonadonda o‘sgandi. Otasi shaharma shahar yurib biznes qilar, onasi esa hech qayerda ishlamas, uyda o‘tirib erining topganini latta-putta, taqinchoqqa sarflab, go‘yo hayot faqat boylik bilan qiziqdek o‘zini xursand qilib yashardi. Ularning birdan-bir ovunchoqlari mana shu yakka-yu yolg‘iz o‘g‘illari edi. Shuning uchun erka o‘g‘ilning aytgani aytgan, degani degan bo‘lib, sirtdan qaraganda Javharbek hamma narsasi muhayyo, hech narsadan kam-ko‘sti yo‘q, bolaligi osuda o‘tayotgan eng baxtli bolalardan biri edi go‘yoki. Lekin Javharbek yoshligidan hech narsaga zoriqmasdan o‘sgan bo‘lsa-da, uning doim ko‘ngli kemtik edi. Chunki otasini haftada, gohida oyda bir ko‘rar, hech ota-onasining bir oila bo‘lib jamuljam dasturxon boshida o‘tirganini ham eslolmaydi.

Javharbek ham boshqa tengdoshlari qatori otasi bilan qayerlargadir borgisi, dildan gaplashgisi kelar, lekin otasi o‘g‘liga bo‘lgan mehrini faqat pul bilan isbotlardi. Ammo ko‘ngil kemtikligini pul bilan to‘ldirib bo‘lmas ekan. Javharbek yaxshi kiyingani, doimo cho‘ntagida puli bo‘lgani uchun unga do‘st bo‘lishni istaydiganlar juda ko‘p edi. U balog‘at yoshiga yetganda ana shunday ko‘nglini ochsa bo‘ladigan «do‘stlar» topdi. Uning osuda, tinch hayoti ana shu do‘stlari orqali sarguzashtu ko‘rgiliklarga boy bo‘ldi. «Nega hammasi shunday bo‘ldi?» o‘yladi u. Axir boshqa tantiq, erka bolalardek «maktabda o‘qimayman», deb xarxasha qilmasdi. Hamma fanlardan a’lo bahoga o‘qidi. Xulqi ham yaxshi edi. Nafisa ismli sinfdoshini yaxshi ko‘rardi. Doimo otasining mehriga zor bo‘lib o‘sgan Javharbek mulohazali yigit bo‘lgani uchun Nafisa ham uni yoqtirardi. O‘sha «do‘stlar»ga yo‘liqqach esa uning xarakterida, ruhiyatida o‘zgarish paydo bo‘ldi. Otasiga nisbatan norozilik kuchaydi. Serzarda bo‘lib qoldi. «Do‘stlari» aytganidek otasining boshqa oilasi borligiga aniq ishondi. Yaxshi ko‘rgani Nafisa esa...avvaliga yigitning giyohvand bo‘lib qolganini bilib qolgach karaxt bo‘lib qoldi. Lekin qiz muhabbatidan oson kechib bo‘lmasligini his qilgach, yigitga shart qo‘ydi. «Agar o‘zingizni davolatmasangiz men siz uchun yo‘qman» dedi. Lekin Javharbek davolanishga va’da berdi-yu ortga suraverib igna olishgacha yetib bordi. Mana uch kundirki u uy qamog‘ida. Otasi Rossiyadan qaytgach tanish, tajribali shifokorlarga ko‘rsatib davolatmoqchi. «Hozir ozgina bo‘lsa edi» o‘ylay boshladi u «keyin mayli davolanishga roziman». «Oyi», dedi u bor ovozi bilan eshikni mushtlab. Birpasdan so‘ng Javharbekning oyisi eshik yoniga keldi.

— Oyi meni eshitayapsizmi, — dedi yigit ovozi qaltirab.

— Bolam eshitayapman. Јani dardinga davo topolsam o‘g‘lim.

— Eshikni oching. Men bilan gaplashing, axir sizdan boshqa meni kim tushunadi, kim...

Ona, onaizorda ko‘ngli bo‘shadi. Ko‘zi yoshga to‘ldi:

— Ochsam to‘polon qilmaysanmi, anavindan topib ber deb.

— Yo‘q, va’da beraman to‘polon qilmayman. Faqat, faqat siz bilan gaplashib o‘tirmoqchiman. Axir shunga haqqim bordir.

Ona o‘g‘lining gapiga ishondi. Jigari bilan chin dildan ona — bolaga o‘xshab gaplashgisi keldi. Eshikni ochdi. O‘g‘li onasi kutganidek to‘polon qilmadi. Faqat yugurib tepa qavatga chiqib ketdi. Ignaga o‘tirgandan beri chekadigan nashaga hojat qolmagandi. Endi esa o‘shanga ham zor. Yaxshiyam yashirib qo‘ygani, joyida turgan ekan topib olib, chekdi. Xayriyat xumori sal bosilganday bo‘ldi. Onasi tepaga chiqqanda o‘g‘lining «sigaret» chekib o‘tirganini ko‘rib ko‘ngli xotirjam tortdi. Oyoqlarini kergancha devorga suyanib o‘tirgan o‘g‘lining yoniga kelib boshini siladi:

— Juda qiynalib ketding. Davolansang hammasi boshqacha bo‘ladi. Hayotingni boshqatdan boshlaysan. Uylanasan. Nevaralarimni o‘zim ko‘tarib katta qilaman. Faqat sen yaxshi bo‘lib ketsang bo‘ldi. Sendan umidlarim katta.

Negadir nashaning ta’siridanmi yigitning miyasidagi tuman qoplagandek bo‘ldi. Negadir doimo «qachonlardir qaytadan dunyoga kelsam hech qachon bu xatomni takrorlamasdim» degan umidli o‘y uni tark etmasdi. Onasining tizzalariga boshini qo‘ydi:

— Oyijon esingizdami bolaligimda dadamni sog‘inib yig‘lagan paytlarim siz meni parkka olib borganlaringiz.

— Esimda, esimda keyin bir poy tuflingni yo‘qotib qo‘yganding. Dadangga yig‘lab aytganingda o‘shanday tuflining uch juftini olib kelgandi.

— Men o‘shanda tuflilarimning ko‘pligiga emas, dadamning kelganiga xursand bo‘lganman. Nafisani yaxshi ko‘rardim. U ham erga tegib ketdi.

— Hali unday qizlar daraxtni tepsang yog‘iladi. Sen dam ol. Ahvolingni qara, kimga o‘xshab qolding, — dedi onaizor o‘g‘lining ozib, soqollari o‘sib ketgan chehrasiga iztirob bilan qaragancha. — Xuddi tarki dunyo qilgan odamga o‘xshaysan...

Yigitning miyasini katta bir qurt kemirayotgandek boshi g‘uvillay boshladi. Endi tushkunlikka tusha boshladi. Negadir unga hamma dushmandek ko‘rinayotgandi. Chekkan «sigareta»sining kayfi uncha uzoqqa bormadi. Yana boyagi og‘riq a’zoi badanini qaqshatdi. Yana ko‘ziga hech narsa ko‘rinmay qoldi. Titrab qaqshagancha, og‘riqning zo‘ridan tishlarini g‘ijirlatdi. Uning xayolida qayerdan bo‘lsa o‘sha kuchlisini topishdan boshqa o‘y yo‘q edi. Otasi uning giyohvand ekanligini bilgandan beri pul bermay qo‘ydi. Onasining puli turadigan xona ham qulf. U pastga tushdi. Oshxonada kuymalanayotgan onasining oldiga bordi. O‘g‘lining rangi oqarib, ko‘zlari bejo bo‘lganini ko‘rgan onasining yuragi shuvillab ketdi. «Yana lomkasi boshlandi shekilli» o‘yladi u.

— Oyi, oyiii menga pul bering, — dedi u ingroq tovushda.

— Hozirgina binoyiday eding. Yana boshlandimi?

— Bu oxirgisi bo‘ladi. Davolangunimcha shu narsani iste’mol qilmasam o‘lii-i-i-b qolaman.

— Dadang ertalab keladi. Chidagin endi. Yana ozgina qoldi.

— Chidolmayman, pul berasizmi o‘zi, yo‘qmi?

— Berolmayman o‘g‘lim, — dedi onasi iloji boricha vaziyatni yumshatishga urinib.

Onasi uning ko‘ziga baloday ko‘rinib ketdi. Onasi uni yaxshi ko‘rarmish. Yaxshi ko‘rsa bolasining shunday qiynalayotganini ko‘rib pulini ayaydimi? Bularning bari dushman.

— Tezroq o‘lsam qutulasizmi, shumi niyatingiz, — dedi jon holatda baqirib.

O‘g‘lining qon to‘lgan ko‘ziga qarab onani vahima bosdi.

— Jon o‘g‘lim nimalar deyapsan. Men sening, yakkayu yolg‘iz o‘g‘limning o‘lishiga jim qarab turamanmi?

Onasi o‘g‘lini shashtidan qaytarish uchun yaqinlashgandi, shunda...shunda u onasini turtkilab yubordiyu xalatini titkilab kalitlarni olib qo‘ydi. Onaizor o‘g‘lining orqasidan qo‘l cho‘zgancha qolaverdi.

U onasining pul turadigan yotog‘iga kirib hamma shkaflarni titib chiqdi. Unga pul turadigan joyni topish unchalik ham qiyin kechmadi. o‘aladonni titkilab ikki dasta pulni olgancha ko‘chaga otildi. Eski mijozining uyiga yo‘l oldi. Darvozani joni boricha taqillatdi. Eshikdan uyqusiraganidanmi ko‘zlari qizarib ketgan bir erkak chiqib keldi. Javharbekni ko‘rib ko‘zlari chaqnab ketdi.

— Bormisan, necha kundan beri yo‘q bo‘lib ketding, — dedi yigitning bejo ko‘zlariga qarab.

— Aka, boyagindan topib bermasangiz ahvolim chatoq, — dedi Javharbek hansiragancha.

— O‘shanga loyiq puling bormi ishqilib. Anavu kungidek qarzga beradi, deb o‘ylasang xato qilasan.

— Yo‘q qarzgamas, mana qarzimni ham uzaman, faqat yaxshisidan topib bering. Shuning bariga beravering.

Yigit ortiga qaytdi. Yo‘lakda behol o‘tirgan onasiga ham qaramay o‘z xonasiga yugurdi. Eshikni ichidan mahkamlab oldi.

— Yana shu zormandani topib keldingmi, — dedi onasi uning eshigini mushtlagancha.

— Oyi, keting bu yerdan, — dedi yigit zarda bilan, keting hech kimdan hech narsa topganim yo‘q, meni tinch qo‘ying men dam olmoqchiman, keting.

Onaizor noiloj eshik oldidan uzoqlashdi. Yigit fursatdan foydalanib yashirgan joyidan shpritslarini oldi. Har doimgiday o‘ziga ukol qildi. Boshini devorga tiragancha bir zum tek qotdi. Keyin hamma narsani unutdi. Xayollari poyintar-soyintar har yoqda keza boshladi. Nafisani o‘yladi. Uni izlab bir paytlar qizning bolaligi o‘tgan uyga bormoqchi bo‘ldi. Uning xayolida hali ham Nafisa erga tegmagan edi. Turmoqchi bo‘lgandi necha kundan beri tuzuk ovqatlanmagani uchunmi boshi aylanib o‘tirib qoldi. Keyin o‘sha zahotiyoq Nafisani unutdi.

Endi xayollari ayqash-uyqash bo‘lib ketdi. Bir zum o‘zini bolaligiga qaytgandek his qildi. O‘zicha sarxush jilmaydi. Xuddi darsga borishi kerak bo‘lgan odamdek yana o‘rnidan turdi. Yana xayollari har yoqqa to‘zg‘ib ketdi. Endi negadir tushkunlikka tusha boshladi. Xuddi chorasiz qolgan odamdek, o‘zini yolg‘izlanib qolgandek his qildi. Yig‘lagisi keldi. Tizzalarini birlashtirib o‘tirgancha quchoqladi. Boshini bilaklari ustiga qo‘ydi. Ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Yana hamma joyi qaqshab og‘riy boshladi. Shunda qoradorining kuchi avvalgidek uzoqqa bormayotganini, uni iste’mol qilish vaqti tobora qisqarib borayotganini, oldingidek lazzat ololmayotganini his qildi.

«Ertaga, ertaga dadam kelsin borib davolanaman. Keyin hamma-hammasi boshqacha bo‘ladi. O‘qishimni davom ettiraman, uylanaman, mashina olaman — odamlarga o‘xshab yashayman, lekin hozir, hozir anavi zormandadan oxirgi marta ukol qilmasam bo‘lmaydi». U yana shpritsni qo‘liga oldi. Ta’siri anchagacha yetishi uchun bu gal u shpritsga qoradorini har doimgidan ko‘proq tortdi. Keyin ko‘zlarini yumgancha bilagiga ninani tiqdi. U yana osmonu falakda ucha boshladi. Bir zumga, bir zumginaga bolaligiga qaytgandek bo‘ldi. Ko‘z oldida mittigina, oq kuchukcha bilan varrak uchirib chopqillab yurgan do‘mboqqina bolakay — o‘zi gavdalandi. Negadir osmon shunchalar yop-yorug‘ ediki. Faqat bolalikdagina ana shunday yorug‘likni his qilishi mumkin edi. U ham bir zumgina o‘sha yorug‘likni his qildi. Keyin osmon toraya boshladi. Osmondagi varragi chirpirak bo‘lib shiddat bilan yerga tusha boshladi. Go‘yoki Javharbekning o‘zi osmonu falakdan qulab tushayotgandek bo‘ldi. «Oyi», degan ovozini o‘zi ham eshitmadi.

Nafasi qisib hech qayerga sig‘may ketayotgandek bo‘ldi. Yoqalarini yirtib tortdi. Jon talvasasida o‘zini har yoqqa otdi. Ongi shuurida bir lahzagina «hammasi tamom, nahot hammasi tamom», degan o‘y o‘tdi. Keyin, keyin hech narsani anglolmay qoldi...

Tunda kelgan dadasi onasi bilan eshikni buzib kirishganda o‘g‘illarining o‘lib yotganining ustidan chiqishdi... Uning ochiq qolgan ko‘zlarida cheksiz mung va iztirobni ko‘rgan otasi ilk bor o‘g‘lining boshini ko‘ksiga olib chin dildan erkalab, siladi...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring