G‘ijduvoncha «prava» operatsiyasi noxush yakun topdi

Ma’lumki, haydovchilik guvohnomasi fuqarolarga transport vositasini boshqarish imkoniyatini taqdim etadi. Ushbu hujjatni qo‘lga kiritish uchun yo‘l harakati qoidalarini bilib, tegishli imtihonlardan o‘tish zarur.
Ammo, fuqarolar orasida ayrim firibgarlarning va’dalariga ishonib, bunday imtihonlardan pul evaziga o‘tish mumkin, degan xomxayolga boradiganlar hali-hanuz uchrab turadi. Buning oxiri aniq: pullar ham, haydovchilik guvohnomasi ham yo‘q.
Buxoro viloyat IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida haydovchilik guvohnomasi olish uchun bo‘ladigan imtihonlardan o‘tkazib berish evaziga 1500 AQSh dollar talab qilgan shaxs ushlandi.
Qayd etilishicha, G‘ijduvon tumani IIB hamda Deportamentning tuman bo‘limi xodimlari Guliston mahallasida yashovchi, 40 yoshli fuqaro J.X.ni ushlashgan. J.X. boshqa bir fuqaro R.M.ning ishonchiga kirib, aldab, unga vakolatli tanishlari orqali haydovchilik guvohnomasini olish uchun bo‘ladigan imtihonlardan o‘tkazib berishni va’da qilgan. O‘z «xizmati»ni 1500 AQSh dollariga baholagan J.X. tumandagi savdo majmualarining oldida kimyoviy ishlov berilgan ushbu pullarni olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JK ning 168-moddasi (Firibgarlik), 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter