Gazchilarning nayrangi fosh bo‘ldi. Aholi «hammasining tili bir» degan gumonda
«Xabar.uz»ga Sirdaryo viloyati Boyovut tumani Yangiobod mahalla fuqarolar yig‘ini oqsoqollaridan murojaat kelib tushdi. Unga ko‘ra, tuman gaz idorasi xodimlarining nayrangi fosh bo‘lgan, ammo «ish»ni viloyat gaz idorasi «bosti-bosti» qilishga urinmoqda.
Mavzuga oid: Boyovut. Hokimning oyog‘i yetmagan joylar...(video)
Murojaat mazmuni quyidagicha:
«Sirdaryo viloyati Boyovut tumani Yangiobod mahalla fuqarolar yig‘ini hududida hozirgi kunda 6 qishloqda 576ta xonadon mavjud bo‘lib, ushbu xonadonlar tabiiy gaz tarmog‘iga ulangan. Mahallaning barcha xonadonlarida gaz bosimi juda pasayib, hatto o‘nlab uylarga gaz umuman yetib bormay qoldi. Bu masala bo‘yicha Boyovut tuman gaz idorasi boshlig‘i Javlon Sultonov, Sirdaryo viloyati gaz idorasi boshlig‘i Jahongir Xidirov, bosh muhandis Dilshod Xudoyorovga bir necha marotaba murojaat qildik. Murojaat qilingan kunlarda masalani hal qilamiz deb 1-2 kunga gaz bosimini ko‘tarib turishdi. Keyinchalik ahvol yana o‘z holiga qaytaverdi. Bormagan joyimiz qolmadi. Oxiri gaz idoralari boshliqlari mahalla oqsoqollariga qo‘pollik qilishga o‘tishdi. «Xohlasak gazlaringni kesdirib tashlaymiz, istagan joylaringga murojaat qilavermaysizlarmi, baribir qo‘llaringdan hech narsa kelmaydi» deyishdi.
Emishki, bizning mahallaga ajratilgan 1 yillik gaz limiti tugabdi. Vaholanki, 2018-yil mart oylarining boshlarida gaz berish to‘xtatilib, 20 noyabrga kelibgina u yana yoqilgandi. O‘tgan yil noyabri oxirlaridan shu yilning fevrali boshlarigacha gaz berildi. Nahotki, 1 yillik limitni 2 yarim oyda yoqib tugatgan bo‘lsak?!
Bizga ajratilgan limit miqdorini idoradagilar yashirishmoqda. Vaholanki, barcha xonadonlarda gaz o‘lchagich asboblar mavjud. Qancha miqdorda gaz yoqqanimizni hisoblab chiqish qiyin emas.
«Biz tomonga kelayotgan gaz quvurlarining boshida datchiklar yuqori bosimni ko‘rsatmoqda, jumrak oxirigacha ochilgan» deyishdi. Lekin tekshirib ko‘rilganda, gaz idorasidagining nayrangi fosh bo‘ldi.
Sizlarga taqdim etilgan fotolardan (yuqorida keltirilgan — tahririyat) ko‘rishingiz mumkinki, gaz idorasi xodimlari tomonidan quvurni ulash joyiga yashirincha gazni to‘sadigan disk qo‘yilgan ekan. Katta quvurdan o‘tishi kerak bo‘lgan tabiiy gazga tangadek tuynuk qo‘yilgan.
Bunday nayrangni viloyat gaz idorasiga ma’lum qildik. Ammo ular «ishni» o‘zaro «bosti-bosti» qilishdi. Demak, bu ishni ular o‘zaro til biriktirib qilishgan, degan xulosa chiqarishga asosimiz bor.
Yuqorida tilga olingan uch nafar mas’ul shaxs bundan qandaydir manfaatdordir balki?!
Ularning qilgan ishi qonunga muvofiqmi?
Prezidentimiz xalq maanfati yo‘lida tinimsiz mehnat qilayotgan bir pallada bu mas’ullarning xalqni qiynab, sarson qilayotganini qanday tushinish mumkin? Bizning nidolarimizni kim eshitadi?», deb yozishmoqda mahalla oqsoqqollari.
«Bosti-bosti» qilishga urinilayotgan ish yuzasidan tegishli idoralar surishtiruv o‘tkazishini, asl holat ma’lum qilinishini kutib qolamiz. Axir, xalqdan yashirincha «to‘silgan» tabiiy gaz shunchaki quvurlar ichida yo‘q bo‘lib ketmaydiku?!.
«Xabar.uz» mavzuga yana qaytadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter