Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Doniyor Ro‘zmetov

O‘qiganim va bilganim sari o‘qimaganim va bilmaganim qanchalar ko‘p ekanligini tushunib xijolat tortamen!

Fransiya Yangi yilni nishonlashdan voz kechdi(mi?)

Fransiya Yangi yilni nishonlashdan voz kechdi(mi?)

Parij. Yangi yil bayramidagi mushakbozlik.

Foto: «Emaze.com»

Parijga borish ko‘pchilikning orzusi bo‘lsa, ushbu shaharda yangi yilni kutib olish kamdan-kam insonlargagina nasib etadigan alohida voqea hisoblanadi. Har yili Yelisey maydoni avenyusida bayram munosabati bilan «Yangi yil bozori» tashkil etiladi. U bir necha oy davomida shaharga tashrif buyuruvchi 15 million nafar sayyohga bayram shukuhini ulashib turadi.

Foto: «Linternaute.com»
Foto: «AllRez.com» 
Foto: «Linternaute.com»
Foto: «Linternaute.com»
Foto: «Atlub.com» 
Foto: «Linternaute.com»
Foto: «witbanknews.co.za»

31-dekabr kuni Eyfel minorasining oldidagi Mars maydonida uyushtiriladigan mushakbozlik marosimi bu bayramning haddi a’losi (kulminatsiyasi) hisoblanadi. Mazkur bozor dunyodagi eng katta «Yangi yil» bozorlaridan biri bo‘lib, u avenyu bo‘ylab 2,5 kilometrga cho‘zilar, 200 ta oq uycha (do‘kon)lardan iborat edi.

Foto: «Leparisien.fr»

Bozorning bir tarafida — «Konkord» maydoniga 70 metrlik ulkan charxpalak o‘rnatilar, bu yerga keluvchilar, ayniqsa, bolalarning quvonchli qiyqiriqlari go‘yo olamni tutardi.  Bozorning boshqa tomonida «Katta saroy» deb ataluvchi ko‘rgazmalar saroyida katta konki uchish maydonlari tashkil qilinar edi. Parijning boshqa joylarida tashkil qilinadigan konsert va tomoshalar ham Yangi yilning yuqori saviyada o‘tishini ta’minlaydi.

Ushbu keltirilgan ta’riflar Parijda hozirga qadar, ya’ni o‘tgan yillarda o‘tkazib kelingan Yangi yil bayramlariga tegishli edi. Chunki Fransiya poytaxti 2018 yilni butunlay boshqacha, to‘g‘rirog‘i, kamtarona ruhda kutib olishga shaylanmoqda.

Foto: «Parisgratuit.com»

Boshlanishiga, shahar meriyasi dunyoning eng go‘zal ko‘chalaridan biri bo‘lmish avenyuda Yangi yil bozorini o‘tkazishga ruxsat bermadi. Bozorni 2008-yildan beri tashkillashtirib kelgan tadbirkor Marsel Kampion Parij meriyasi bilan bir necha bor sudlashdi, biroq bu unga hech qanday foyda bermadi. Biroq shunga qaramay Parijning deyarli barcha okruglaridagi boshqa bozorlarga ruxsat berildi. Asosiysi shu.

Marsel Kampion va shahar meriyasi o‘rtasidagi kelishmovchilik faqatgina Yangi yil bozori bilan tugamaydi. Parij shahri har yili «Konkord» maydoniga o‘rnatiladigan charxpalakni ham keyingi yildan, ya’ni 2018-yilning may oyidan boshlab qo‘ymaslik haqida qaror chiqardi.

Ma’lumot uchun: 100 metrlik ushbu ilk charxpalak 1900 yildagi «Koinot ko‘rgazmasi» paytida o‘rnatilgan. U o‘sha paytda dunyodagi eng katta charxpalak bo‘lgan. O‘tgan asr davomida bir necha marta olib tashlanib, keyin qayta o‘rnatilgan charxpalakni qurish loyihasi 1993—1994-yillarda o‘sha paytdagi Parij meri (keyinchalik Fransiya prezidenti) Jak Shirak tomonidan qo‘llab quvvatlangan. 2000 yilni qarshi olish munosabati bilan qayta o‘rnatilgan charxpalak 2 million kishini qabul qilib, 4 million yevrodan ortiq daromad keltiradi.

Foto: «Flickr.com»
Foto: «Flickr.com»

Fransiyada bo‘lib o‘tgan Yevropa chempionati munosabati bilan «Yevro—2016»ning ranglariga bezalgan charxpalak, nihoyat 2018- yilning may oyida olib tashlanadigan bo‘ldi. Hozirda bu boradagi mojarolar davom etmoqda va Parijning o‘ziga xos ramzlaridan biriga aylanib ulgurgan mazkur inshoot o‘z taqdiri nima bo‘lishini kutmoqda. Qo‘shimcha ravishda, siyosiy doiralar tomonidan «tanish-bilishchilik»da ayblanayotgan Marsel Kampionning Parij «Katta saroyi»dagi konki uchish maydonlariga ham ruxsat berilmadi.

Foto: «Parisianist.com

Va nihoyat, Parij shahri 2018-yilni mushakbozliklarsiz kutib olishga qaror qildi. So‘nggi yillarda Nitsa va Parij shaharlarida yuz bergan terrorchilik hodisalari sababli, Parij shahri xavfsizlik yuzasidan 2000-yildan beri o‘tkazib kelinayotgan mushakbozlikni o‘tkazmaslik haqida qaror chiqardi. Buning o‘rniga, «Yelisey dalasi» avenyusida joylashgan «Zafar arki» binosiga projektor bilan tushirib, «Parijliklar hayoti»ga oid musiqali va tasvirli spektakl namoyish etiladigan bo‘ldi.

Sanab o‘tilgan sabablarga ko‘ra, Parij shahri 2018-yilni «o‘zgacha», ya’ni kamtarona kutib oladigan bo‘lyapti deb aytish mumkin. Lekin xavotirga o‘rin yo‘q. Parijdagi ulkan ramziy tadbirlar o‘tkazilmagani bilan hech kim shaharning restoranlariga, mashhur kabarelariga, teatr va san’at saroylariga, eng asosiysi, bu yerda yashovchi insonlarga o‘z uylarida, oilalari davrasida Yangi yilni kutib olishni taqiqlagani yo‘q. Bas shunday ekan, parijliklar va shahar mehmonlari uchun xavotir qilmasak ham bo‘ladi!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring