Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fransiya harbiy attashesi: «Yaqin kelajakda snayper sohasida O‘zbekiston butunlay mustaqil bo‘ladi»

Fransiya harbiy attashesi: «Yaqin kelajakda snayper sohasida O‘zbekiston butunlay mustaqil bo‘ladi»

O‘zbekiston va Fransiya snayperlari hamkorligidagi mashg‘ulotlar yakunida Fransiya Qurolli Kuchlar vazirligining O‘zbekistondagi harbiy attashesi podpolkovnik Jan-Mari Xoltsinger O‘zbekistonda ikki yildan buyon o‘tkazilayotgan «Snayper kundaligi» dasturi va mazkur sohaning istiqboli haqida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Bu haqda harbiy jurnalist kapitan G‘ayrat Madrahimov xabar berdi.

— Dunyo xaritasiga qaraydigan bo‘lsak, O‘zbekiston Afg‘oniston bilan chegaradosh. Ushbu davlatning shimoliga to‘g‘ri keladigan ayrim hududlarda terrorchi kuchlar harakatlari kuzatilyapti. Shuning uchun O‘zbekiston Qurolli Kuchlari har doim terrorizmga qarshi kurashishga qobiliyatli bo‘lishi kerak. Bu nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo uchun muhim, — deydi harbiy attashe podpolkovnik Jan-Mari Xoltsinger. — O‘zbekistonda ikki yildan buyon «Snayper kundaligi» dasturi bo‘yicha hamkorlikda mashg‘ulotlar olib borilmoqda. Jami 24 nafar qatnashchidan 8 nafari uchinchi bosqichga muvaffaqiyatli o‘tdi. Bu normal holat. Ular uchinchi bosqichdan so‘ng snayper tayyorlash bo‘yicha o‘zbek armiyasining ilk yo‘riqchilari bo‘ladi. Yaqin kelajakda snayper sohasida O‘zbekiston butunlay mustaqil bo‘ladi. Mazkur mashg‘ulotni tashkil etish bo‘yicha xorij legionlarida, jangovar harakatlarda qatnashgan ilg‘or mutaxassislarni jalb qilganmiz. Biz boshqa mutaxassislik bo‘yicha ham Mudofaa vazirligi bilan harbiy hamkorlik qilishni maqsad qilganmiz. Men yana bir bora xorij legion vakillariga tashakkur bildirmoqchiman.

Ushbu hamkorlikdagi mashg‘ulotlarda yangilik sifatida ikki kishilik snayper guruhlari harakati (hozirga qadar o‘zbek armiyasida bir snayper harakatini kuzatish mumkin edi), ko‘rish uchun sharoit yomon bo‘lgan taqdirda avtomobil yoki bino ortidan hujumga o‘tish, hattoki ob’yektga yaqinlashib, yaqin masofadan pistoletdan otish mashqlari bajarildi.

Bundan tashqari, otilgan o‘qqa ta’sir etuvchi shamol, havo harorati, porox zaryadining zijligi va nishongacha bo‘lgan masofani aniqlash kabi (omillar) masalalar yangi formulalar asosida(odatda bizda eskicha formulalar mavjud, yangichasi zarar qilmaydi) hisoblangan.

Shunday qilib, Markaziy harbiy okrugdagi «Forish» tog‘ poligonida Fransiya Qurolli Kuchlarini elita(maxsus vazifalarni bajaruvchi) 13 yarim brigadasining harbiy xizmatchilari kapitan Jan-Gama Toyer, katta serjant Lasha Sulakauri hamda Miksil Kokashvili tomonidan o‘zbek snayperlariga 2019 yil hisobidan ikkinchi bosqich tayyorgarlik sinovlari o‘z yakuniga yetdi.

«Snayper kundaligi»dan:

— Snayper ko‘zlari bilan o‘ylaydi.
— Ko‘z merganni asosiy ish organi. Uni asrab-avaylash lozim.
— Har qanday optika (kuzatuv moslamasi) ko‘zni charchatadi. U tez-tez ko‘zlari bilan dam olishi lozim.
— Snayperning hissiyotlarga berilishga haqqi yo‘q.
— Jang maydonida to‘rt nafar askardan faqat bittasi raqibni to‘g‘ri nishonga oladi. Qolganlar esa «shovqin effekti»ni hosil qiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring