Filippinda kuchli to‘fon. Halok bo‘lganlar soni oshmoqda
Juma kuni Filippin janubidagi Mindanao orolida yuz bergan Tambin tropik to‘foni oqibatida 133 kishi halok bo‘lgan. Shuningdek, shanba kuni bedarak yo‘qolgan bir necha o‘n kishini qidiruv ishlari davom ettirildi. Bu haqda «Yevronyus» xabar bermoqda.
Halok bo‘lganlar soni o‘sishdan to‘xtamayapti. Shanba kuni politsiya oroldagi Salog daryosidan yana 36 kishining jasadi topilganini ma’lum qildi. Yuz bergan to‘fon suv toshqinlari keltirib chiqargan va yerning loyqalanishiga sabab bo‘lgan.
Sapad shahri politsiya rasmiysi Rando Salvasion AFPga bergan ma’lumotlarga qaraganda, Salog daryosidan topilgan jasadlar daryoning yuqori oqimida joylashgan Salvador shahridan oqib kelgan. Mahalliy rasmiylarning ma’lumot berishicha, yana 17 jasad daryoning yuqori oqimidan topilgan. Salvador va Sapad shaharlari Mindanao orolining shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan Lanao del Norte provinsiyasiga qaraydi.
Har yili Filippinda 20 ga yaqin to‘fon va po‘rtanalar yuz beradi, ammo 20 million aholiga ega janubdagi Mindanaoda esa odatda bunday bo‘lmaydi. Ushbu to‘fon natijasida 12000 kishi o‘z turarjoyini tashlab ketishga majbur bo‘ldi.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, 19 nafar kishi Tubod shahri yaqinidagi Dalama tog‘li qishlog‘ida fojiali o‘lim topgan.
Filippin metereologiya xizmati xabar qilishicha, tropik to‘fon shanba kunining oxirida Mindanao g‘arbida joylashgan Palavan oroliga borib urilishi kerak. Tambin to‘fonidan bir haftacha oldin Filippin markazida 54 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan Kai-Tak to‘foni yuz bergan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter