Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘ona: futbol va prokuratura — uyg‘unlik qayda-yu turg‘unlik qayda? (feleton)

Farg‘ona: futbol va prokuratura — uyg‘unlik qayda-yu turg‘unlik qayda? (feleton)

Foto: «Tribuna.uz»

«Evrika»!!!

Farg‘ona futboli nega «dimiqib yotgani»ning sababi topildi!  

O‘z vaqtida o‘zbek futboli bayroqdori bo‘lgan «Neftchi» jamoasining ahvolidan ko‘ngillar buzilayotgan bugungi kunda muammoga yechim topilgani qanday yaxshi!.. Buning uchun Sh.Obidov degan mahalliy tadbirkorga rahmatlar aytib, uni umrbod tekin sut bilan ta’minlash kerak. Zero, hardamxayol Nyutonning boshiga olma tushib, yerning tortish kuchi kashf etilganidek, tadbirkorning sarsonu sargardonligi orqasidan og‘riqli muammo sababi topildi-da. Yo‘qsa, «Neftchi»ning donishmand rahbarlari  «yangi va yangi xilma-xil» murabbiyu legioner taklif qilaverib-qilaverib, yana qa-ancha pulni isrof qilishardi, kim bilsin?!

Alalxusus, muammo baribir seleksiya ishlariga borib taqalaverar ekan! Seleksioner-murabbiylarning kechirib bo‘lmas xatosi shundaki, ular shu choqqacha iqtidorlarni faqat yashil maydonlardan qidirib kelishgan. To‘p tepishga salohiyati borlar davlat organlaridan ham topilishini xayoliga keltirishmagan, dangasalar! Sh.Obidovning sarsongarchiligi huquqni muhofaza qiluvchi organlardayam betakror futbolchi bo‘lishdek iqtidorga ega xodimlar borligini isbotlab berdi.

Jafokash qahramonimiz «hatto stolbalarni ham qamash mumkin bo‘lgan» yaqin o‘tmishda ayovsiz g‘orat qilgandi deng. Shu jarayonda uning bir emas, naq 11 (o‘n bitta!) transporti qonuniy asoslarsiz «Kamchug‘ay gidro qurilish montaj» MChJga o‘tkazib berilgan ekan. Mamlakatimizda  inqilobiy o‘zgarishlar yuz berib, davlat organlari xalqqa xizmat qilishga qiyinchilik bilan ko‘nikayotgan ayni zamonda happa-halol mulkini  qaytarib olish harakatiga tushadi. Ayrim mas’ul xodimlar yurt rahbarining talablari amalda tez-tez «depsinib qolishiga» sababchi bo‘lishayotganiga qaramay qahramonimiz jiddu jahd etdikim, qonun — men tomonda, haqiqat qaror topajak!.. Birovning mulkini boshqaga qonuniy asoslarsiz «xatlab berish» hayfsanga loyiq xato emas,  qip-qizil jinoyat axir!  

Biroq shugina faktni e’tirof etish, ya’niki, oqni oq, qorani qora deyishdan ko‘ra Braziliya terma jamoasini yutish osonroq tuyulmoqda chog‘i prokuraturaning ayrim xodimlari masalani bir-biriga koptok misol oshirish bilan mashg‘ul. Mardona tan olish kerak, ularning bu boradagi mahoratiga tan bermay iloj yo‘q. Masalan, shu yil fevral oyining oxirgi kuni tadbirkor Farg‘ona viloyati prokurori S.Turdiyev qabulida bo‘lib,  dardini ham og‘zaki, ham ariza shaklida bayon etgan edi. Ariza viloyat prokurorining o‘rinbosari B.Ismoilovga o‘tkazildi. O‘rinbosar o‘z navbatida uni o‘zidan quyiroqdagi Sh.Nishonovga, u esa B.Nishonovga oshirdi. Nishonovlarning «o‘zaro kombinatsiyasi»dan so‘ng to‘p... uzr, ariza  Oltiariq tumani prokurori A.Yusupovga yetkazildi.

Tuman prokurori maydonda o‘zidan boshqani ko‘rmaydigan xudbin futbolchilardan emasligini ko‘rsatib, arizani o‘z tergovchisiga uzatadi. Tuman prokuraturasi tergovchisi esa o‘zidan ham qulay vaziyatda turgan tuman IIB tergovchisi U.Mamarizayevni «izlab topadi»... Bu yog‘iga «oqni oq, qorani qora» deyish qolgandiki, bu endi ochiq darvozaga to‘p kiritishdek gap. Biroq tuman IIB tergovchisi «o‘yindan tashqari holatda» edi, nega desangiz,  voqelik IIB YHX mas’ullarini so‘roq qilishni talab qiladi. Bitta tizim xodimlari bir-birini so‘roq-savolga tutmog‘i adolat tamoyillariga putur yetkazishi mumkinki, shu sabab IIB tizimidagi biror kim javobgar bo‘lishi ehtimoli bo‘lgan «delo»lar prokuratura tomonidan o‘rganiladi.

Demak, Oltiariq tumani IIB tergovchisining ochiq darvozaga to‘p kiritolmagani, ya’ni jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risida qaror chiqarganini oq kaltak-qora kaltak qilish insofdan emas. Bu o‘rinda gap «o‘yindan tashqari holatda» ekanini bilaturib, arizani unga oshirgan  «pleymeykerlar»da!

Alqissa, «o‘yin»ning birinchi taymi shu tariqa yakuniga yetdi.

Ikkinchi taym tadbirkorning yana viloyat prokuraturasiga arz qilishidan boshlandi. Natija borday: hartugul, «jarima zarbasi» belgilandi, ya’niki, IIB tergovchisining qarori bekor qilinib, «delo» Farg‘ona shahar prokuraturasiga yuborildi. Shahar prokuraturasi esa viloyat prokuraturasidan yozma ko‘rsatmalar asosida kelgan «ish»ga o‘n kunlar chamasi «kinna solishgach», yana Oltiariq tumani prokuraturasiga «tepib» yubordi! Bu hol bosh murabbiy ko‘rsatmalariga ko‘pam quloq solavermaydigan  o‘zboshimcha Messining harakatiga o‘xshaydimi yoki o‘yinchilik davrida jamoadoshlarini ustozidan ko‘ra o‘z izmiga bo‘ysundiradigan Zayniddin Zidannikigami — o‘zingiz tanlab olavering! Ikkinchidan, bir marta Oltiariqda ochilmayoq «yopilgan» «ish» yana yulduz ko‘rmay so‘nishining ehtimoli katta.

Keyin-chi? Keyin tadbirkor yana viloyat prokururiga boradi. Viloyat prokurori yana «delo»ni chaqirib olib, yana shahar prokuraturasiga, shahar prokuraturasi esa yana Oltiariq tumani prokuraturasiga, tuman prokuraturasi yana tuman IIBga «oshirvorishi» mumkinmi? Nega yo‘q?! Ahvol shunday bo‘lsa, to‘p... jin ursin, ariza tepish overtaymga, hatto penaltilar seriyasigacha yetsa, hayronlar bo‘lmang. Hamma balo shundaki, futbolda vaqtning aniq chegarasi bor,  arizani  koptok  qilib tepaverish esa yillarga cho‘zilishi tajribalardan ayon.

Eng muhimi, bu jarayonda o‘yin qoidalari buzilayotgani yo‘q: ariza koptok misol Jinoyat-protsessual kodeksi doirasida mahorat bilan tepilayotir, shu bois na churr etgan hushtak, na sariq kartochka, na maydondan chetlatish ko‘rinadi! Rost-da, to‘pga egalik qilayotgan jamoada o‘yin vaqtini qasddan cho‘zish imkoniyati ko‘proq, to‘psiz qolgan yugura-yugura holdan toyadi-da oxiri!

Bunday taktika g‘alabaga poydevor bo‘lishini bir necha yil avval Joze Mourinio o‘z «Inter»i bilan «Barselona»ni UYeFA chempionlar ligasidan chiqarib yuborish orqali isbotlamaganmidi?! Shundan keyin «benazir Joze» «Real», «Chelsi» kabi dunyoga dong‘i ketgan jamoalarni boshqardi, ayni kunda sayyoramizning eng qimmat komandasi bo‘lmish «Manchester Yunayted»ni qo‘lga olgan.

Bundan xulosaki, qanday o‘ynashning ahamiyati yo‘q, muhimi — natija!  Natijaga erishdingmi — yuksaklarga parvoz qilaverasan, qilaverasan... Shu ma’noda Sh.Obidovning arizasini koptok qilib tepayotganlarni parvoz qilmasidan burun darhol «Neftchi» jamoasiga qabul qilish kerak. Ajabmas, ularning mahorati foyda berib, superliganing quyrug‘ida arang ilinib turgan jamoamiz qaddini biroz tiklab olsa?! O‘z navbatida «Neftchi»ning no‘noq o‘yinchilarini o‘sha xodimlardan bo‘shab qolgan o‘rinlarga joylashtirmoq kerakkim, zora, to‘p tepishni o‘rganishsa...

Labbay? Futbolchi prokuraturada ishlolmaydi? Bekor gap. Misolimizdan kelib chiqib aytsak, ko‘rinib turgan qonunbuzilishni «ha, bunda jinoyat alomati bor» deyishga o‘sha no‘noq futbolchilarning ham aqli yetadi, xo‘pmi?!

Voyman Dog‘iy

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring