Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

YXHT vakilining O‘zbekistonda ba’zi saytlarni bloklashdan chiqarish haqidagi chaqirig‘iga rasmiy munosabat bildirildi

YXHT vakilining O‘zbekistonda ba’zi saytlarni bloklashdan chiqarish haqidagi chaqirig‘iga rasmiy munosabat bildirildi

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) OAV erkinligi bo‘yicha vakili Arlem Dezir O‘zbekiston hukumatini saytlarni bloklamaslikka va OAV haqidagi qonunni xalqaro normalarga muvofiqlashtirishga chaqirdi.

«Men hukumatga onlayn OAVga kirishni ta’minlash bo‘yicha bir qator islohotlarni amalga oshirishini so‘rab murojaat qilgan edim. Yana bir marta ta’kidlamoqchiman, har qanday saytni bloklash faqatgina istisno holatlarda va xalqaro standartlarga mos kelgandagina oqlanishi mumkin», – degan Arlem Dezir.

Uning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda ««Ozodlik», Eurasianet.org», «AsiaTerra», «Uzmetronom», «Fergana.ru» va boshqa onlayn-nashrlar hamon blokda.

Arlem Dezir O‘zbekiston hukumatini bloklangan saytlarga kirishni qayta tiklash va mamlakatda axborot olish hamda fikr bildirish erkinligiga aloqador qonunlar va huquqiy hujjatlarni isloh qilishga chaqirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov YXHT OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakilining bu bayonotiga rasmiy munosabat bildirdi.  

«Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi jamiyatni demokratlashtirish, mamlakatda OAVning rolini oshirish va oshkoralikni ta’minlash borasidagi islohotlar doirasida  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi so‘z va axborot erkinligini ta’minlash, OAV va fuqarolik jurnalistikasini rivojlantirish, jurnalistlar mavqei va davlat organlari ochiqlik darajasini oshirishning huquqiy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Agentlik YeXHTning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili A.Dezirning bayonoti bilan tanishib chiqdi va ayrim yangiliklar veb-resurslariga kirish muammolari borasidagi faktlarni diqqat bilan o‘rganadi.

Agentlik YeHHTning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili bilan har qanday masalada muloqot qilishga va axborot sohasida hamkorlik loyihalarini amalga oshirishga doimo tayyor», — deyiladi Komil Allamjonovning rasmiy bayonotida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring