Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yetti xonga bir yasovulboshi va 40 tillo maosh

Yetti xonga bir yasovulboshi va 40 tillo maosh

«Bo‘ri bakovul ekan, tulki yasovul ekan», deb boshlanadigan ertakni ko‘pchilik eshitgan. Ammo ushbu bitiklar ertak emas, balki hayotiy haqiqat, tarixiy fakt. U Xiva xonlaridan yetti nafariga yasovulboshilik qilgan, davlatdagi muhim mansabni egallagan tarixiy shaxs – Rahmatullo yasovulboshi haqida. Bu insonning egallab turgan mansabi «tulki»likni talab qilishi esa xonlar davridagi saroy o‘yinlari bois yanada e’tiborli bo‘lgan...

Xiva xonligidagi eng muhim davlat amaldorlaridan biri yasovulboshilik mansabi bo‘lib, ushbu amal egasi, xon farmoniga muvofiq, askarlarga qo‘mondonlik qilardi. Urush bo‘lgan taqdirda yasovulboshi askarlarni jangga boshlab borar, tinch davrlarda esa xonlar fuqarolarning turli iltimoslarini qabul qiladigan marosimlarda hoziru nozir edi.

Yasovulboshi, shuningdek, yovumud va chovudur singari turkman urug‘laridan tuzilgan askariy qismlarga ham boshchilik qilgan. Shu bois, xonlikda ikkita yasovulboshi mansabi bo‘lib, biri ko‘chmanchi askariy qismlarga qo‘mondonlik qilardi. Ikkinchisi esa mirshablar orqali poytaxt Xivadagi Ichan qal’ani qo‘riqlab turgan. Shu maqsadda qal’aning to‘rtta darvozasida yasovulboshi boshchiligidagi mirshablar guruhi faoliyat ko‘rsatardi.

Xiva xonligi tarixida eng uzoq vaqt yasovulboshilik qilib, dong qozongani Rahmatullo yasovulboshi bo‘lgan. Uning bobosi Qurbon Niyoz yasovulboshi ham ko‘p yillar Xiva xonlariga sadoqat bilan xizmat qilgan edi. Otasi Muhammad Niyoz Olloqulixonning (1825–1842-yillar hukmdori) eng ishonchli amaldorlaridan bo‘lib, xonning ko‘p yurishlarida g‘alaba qozonishiga yordam bergan.

1839-yil 10-noyabrdagi janglar vaqtida u vafot etadi. Olloqulixon yasovulboshining o‘g‘lida ham otasi kabi uddaburonlik, mardligu matnonat borligini sezib, shu tariqa Rahmatulloni eng muhim davlat amaldorlari qatoriga qo‘shadi.

Ana shu tarzda Rahmatullo yasovulboshi 1890-yilgacha 7 nafar xon saltanatida xizmat qiladi. O‘sha zamon an’anasiga ko‘ra, Rahmatullo yasovulboshi bo‘lgani bois kamariga pichoq taqib yurardi. Uning davriga kelib, eski paytdagi kabi yasovulboshining kumush qalpoqlik aso olib yurishi bekor qilingandi.

Rahmatulloning bir nechta yordamchisi bo‘lib, ular yasovullar deb atalardi. Agar xon bir arz yuzasidan kelgan shikoyatni tekshirishga farmon bersa, hodisa yuz bergan joyga shikoyatchi bilan birga yasovul ham borardi. Yasovulboshi Ichanqal’a mudofaasi uchun javobgar shaxs bo‘lgani sababli, agar shikoyatni tekshirishga o‘zi borishiga to‘g‘ri kelsa, saroydan boshlab bosilgan har bir tosh (18 chaqirim) masofa uchun arzchidan o‘z foydasiga uch yarim tanga undirib olardi...

Rahmatullo chovdur va yovmud turkmanlaridan iborat 2 ming nafar askarga qo‘mondonlik qilgan va muntazam ravishda urushlarda qatnashgan. Xususan, yasovulboshilik mansabida turgan 1839-yildan 1890 yilgacha bo‘lgan davrda Xivada yettita xon: Olloqulixon, Rahimqulixon, Muhammad Aminxon, Abdullaxon, Qutlimurodxon, Sayid Muhammadxon va Feruzxon kabi hukmdorlar ham bor edi. Ularning aksariyati har yili Chorjo‘y, Marv va Eronga yurish qilib turar, gohida qo‘shni xonliklar – Buxoro hamda Eronning ularga hujumi bo‘lib turardiki, bu davrda Rahmatullo Xiva qo‘shiniga boshchilik qilib, urushlarda ishtirok etardi.

1873-yili Chor Rossiyasining bosqini davrida Rahmatullo yasovulboshi qo‘shini ruslarga shunchalik talafot yetkazganki, Xiva xonligi egallangach, aynan u asirga olinib, Rossiyaga surgun qilinadi. Rahmatullo shu taxlit vatan mudofassida ko‘rsatgan qahramonligi uchun 7 yil Kazalida hijron azobida o‘rtanib yashaydi. Faqatgina Feruzxonning imperator Aleksandr 2 ga qilgan iltimoslaridan so‘nggina u avf etilib, 1880-yilda Xivaga qaytib keladi. Feruz uni yana yasovulboshi qilib tayinlagach, Rahmatullo oldingidek o‘z ishini mas’ullik bilan bajarib yuraverdi.

«Materiali po istorii turkmen i Turkmenii» kitobida yozilishicha, «Ishonchli sarkardalardan bo‘lgan Rahmatullo yasovulboshi yovmud va yimrali qo‘shinlariga boshliq bo‘lib tayinlangan» (o‘sha asar, 2-tom, 507-bet, M-L, 1938 yil).

Shuningdek, yasovulboshi Xivada mirshablar, qamoqxona va xonni qo‘riqlovchi shotirlarga ham rahbarlik qilar, maxfiy farmonlarni ham aynan unga ishonib topshirardi.

Tabiiyki, xonning eng ishonchli odami bo‘lgani bois, Rahmatulo xazinadan anchagina maosh va ehtiyoji uchun kerakli xarajatlarni olib turgan. Xiva xonligi arxiv ma’lumotlariga ko‘ra, 1845 yilda Rahmatullo yasovulboshi o‘z mushrifi jomli G‘ozidan 4.550 botmon bug‘doy, 213 botmon kunjut, 30 botmon jo‘xori, 116 botmon tariq, 30 botmon sholi, 4 botmon mosh, 4 botmon paxta, jami 5.047 botmon don olgan.

1849–1852-yilning ramazon oyida Rahmatullo yasovulboshining omborida 2.747 botmon don bo‘lgani arxiv hujjatlarida qayd etilgan. Shuningdek, xonlik arxiv ma’lumotlariga ko‘ra, Rahmatullo yasovulboshi 1848–1856-yillarda 40 tillodan, 1857-yildan boshlab esa 10 tillodan maosh olib turgan. Tabiiyki, bu maosh va yuqoridagi xarajatlar bir oila uchun kattagina daromad ediki, shu bois, yasovulboshi xonga sadoqat bilan xizmat qilardi.

1890-yilda esa Xiva xonlari tarixida eng uzoq muddat yasovulboshilik qilgan, buning ustiga 7 nafar xonning xizmatida bo‘lgan mard va vatanparvar Rahmatullo kasallik tufayli vafot etdi.

Umid Bekmuhammad,

tadqiqotchi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring