Eshitganini aytish — to‘tining ishi. Lekin biz insonmiz-ku?!
Internet tobora rivojlanib borayotgan axborot asrida tarqatilayotgan informatsiyalarning katta qismi haqiqatdan yiroq. Ularning ichidan haqiqatni ajratib olish uchun sabrli va e’tiborliroq bo‘lish talab etiladi.
O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalgan ayni kunlarda ayrim kimsalar tomonidan xalq orasiga vahima urug‘larini sochish, turli ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar orqali asossiz ma’lumotlarni tarqatish holatlariga ham guvoh bo‘lib turibmiz.
«Maktablarda o‘qish falon kuni boshlanar ekan», «falonchi joyda falonchi chet eldan kelibdi», «falon qishloqda shuncha odamda koronavirus aniqlanibdi», singari gaplar shular jumlasidan.
Mayli, sizga ham yaqiningiz yoki tanishingiz bunday ma’lumotlarni aytgan bo‘lishi mumkin, ammo u bu «ma’lumot» aniqligiga kafolat bera oladimi? Bunday ma’lumotlarni «hazm» qilishdan avval «yetti o‘lchab bir kesish» kerak bo‘ladi.
Faqat mustaqil fikri yo‘q, ma’lumotni mushohadasiz qabul qiladigan kishigina kim nimani aytsa, laqqa tushib ishonib ketaveradi. Siz o‘zingizni undaylar toifasiga aslo qo‘shmang.
Odamlardan eshitgan har qanday xabarni surishtirmay gapiraverish gunoh ham sanalar ekan. Payg‘ambarimiz alayhissalom: «Kishiga gunoh bo‘lishi uchun eshitgan narsasini gapirishining o‘zi kifoyadir», – deganlar (Imom Muslim va Imom Abu Dovud rivoyati).
Turli xil kanal, guruhlarda yozilayotgan, uydirma xabarlarga aslo ishonmang. Ularni tarqatmang. Bo‘htonga sherik bo‘lib qolmang. Xalq orasiga vahima solishga urinadigan ig‘vogarlar esa, albatta, qonunchiligimizda belgilab qo‘yilgan tegishli jazosini oladi.
Xususan, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga doir barcha ma’lumotlar berib borilayotgan rasmiy kanal faoliyat ko‘rsatmoqda. Undagi axborotlarning barchasi ishonchlidir.
Yurtdoshlarimizga, qolaversa, o‘zimning yosh tengdoshlarimga shuni aytmoqchimanki, bu sinovdan albatta, birgalashib o‘tamiz. Shuning uchun, uyda qolib, dunyoni qutqaraylik!
Sardor Muxtorov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter