Hokim bolalar kaltaklangan maktabga bordi
Samarqan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov Samarqand shahridagi internet-maktab, mehribonlik uylari va «Saxovat» internat-uyida bo‘lib, ularning faoliyati bilan tanishdi.
Yodingizda bo‘lsa, 23 iyul kuni Samarqanddagi 64-sonli alohida sharoitlarda ta’minlash, tarbiyalash va ta’lim berishga muhtoj bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida bolalar qiynoqqa solinayotgani, kaltaklanayotgani haqida internet nashlarda xabarlar tarqalgandi. Bosh prokuratura mazkur holat bo‘yicha bayonot berdi va maktab-internati direktori Sh.Sadinov ushlangan, unga nisbatan qamoq tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llash masalasi ko‘rilayotganini ma’lum qildi.
«Samarqand shahridagi 64-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatda tarbiyalanayotganlar uchun yaratilgan shart-sharoit o‘rganildi. Keyingi kunlarda mazkur muassasada sodir bo‘lgan holat maktab jamoasi, mutasaddilar va jamoatchilik ishtirokida muhokama etildi. Turli xil ko‘ngilsiz voqealar ro‘y bermasligi bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi», ֫— deb yozadi Erkinjon Turdimov «Facebook»dagi sahifasida.
Shuningdek, hokim Samarqanddagi 1 va 10-son mehribonlik uylarini ham ko‘zdan kechirgan.
«Samarqanddagi 1 va 10-son mehribonlik uylarida yosh avlodning munosib ta’lim-tarbiya olib, kamolga yetishi uchun davlatimiz tomonidan barcha sharoit yaratilgan. Shunisi borki, bu yerda voyaga yetayotgan yosh avlod ko‘p sonli insonlarning mehri va e’tiboridan bahramand bo‘lishi, eng asosiysi, jamoatchilikning g‘amxo‘rligini his etishi kerak. Mutasaddilar bilan mana shu masalaga alohida e’tibor qaratildi», — qayd etgan viloyat hokimi.
Bundan tashqari, 131 nafar keksa va nogironligi bo‘lgan insonlar istiqomat qilayotgan «Saxovat» internat-uyida bo‘lib, u yerda kuzatilgan muammolarga ham to‘xtalgan.
«131 nafar keksa va nogironligi bo‘lgan insonlar istiqomat qilayotgan «Saxovat» internat-uyida bir qator muammolar borligi kuzatildi. Jumladan, binoda lift ishlamaydi, yuvinish xonalari ta’mirtalab, sanitariya qoidalariga amal qilinmagan. Muassasa hovlisida obodonchilik ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Yozgi pavilonda krovat-so‘rilar bor, biroq sharoit yaratilmaganligi sababli bahavo joyga hech kim kelmaydi. Internat-uyi mutasaddilari faoliyatidan qoniqmadik. Har qanday jamiyat muammo va kamchiliklardan xoli emas. Lekin muammoli masalalarni o‘z vaqtida aniqlash va tezda bartaraf etish har bir sohaning mas’ul kishilari bilan birga, keng jamoatchilikning ham asosiy vazifasi bo‘lishi lozim», — ta’kidlaydi Erkinjon Turdimov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter