Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dunyo olimlariga munosib qabul marosimi uyushtirildi

Dunyo olimlariga munosib qabul marosimi uyushtirildi

Kuni kecha bo‘lib o‘tgan «O‘zbekiston madaniy merosi — yangi renessans poydevori» V Xalqaro Kongressiga dunyodan 200dan ortiq olim tashrif buyurgan edi. Kongressdan so‘ng O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha shug‘ullanuvchi olim va mutaxassislar — yetakchi sharqshunoslar, tadqiqotchilar, qo‘lyozmalar va miniatyuralar bo‘yicha ekspertlar uchun maxsus qabul marosimi tashkil etdi.

Tantanali marosimda chet ellik mehmonlar uchun bayram dasturxoni yozilib, milliy kuy-qo‘shiqlari, estrada xonandalari chiqishlari hamda raqs va sahna ko‘rinishlaridan iborat madaniy dastur tashkil qilindi. Mehmonlar uchun maxsus qurilgan Registon majmuasining dekoratsiyasi tashrif buyurganlarda o‘zgacha taassurotlar uyg‘otdi. Marosim sho‘x raqs va fotosessiyalarga ulanib ketdi.

Eslatib o‘tamiz, Eriell group kompaniyasi O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyatining asosiy homiylaridan biri hisoblanadi. Butunjahon jamiyati chet el muzeylari va shaxsiy kolleksiyalariga sochilib ketgan O‘zbekiston madaniy meroslarini qaytarish, bir joyga yig‘ish va ommalashtirish bilan shug‘ullanadi. Ushbu muhim madaniy-ijtimoiy loyiha doirasida 5 ta xalqaro ilmiy kongress tashkil etildi, «O‘zbekiston madaniy merosi – dunyo to‘plamlarida» kitob albomlari chop etildi, dunyoning turli mamlakatlarida 100ga yaqin ilmiy va media anjumanlar o‘tkazildi. Eriell group kompaniyasi ushbu loyihani qo‘llab quvvatlash orqali O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish va ommalashtirishda, dunyoga tanitishda o‘z hissasini qo‘shishni maqsad qilgan.

Kuni kecha o‘z ishini boshlagan «O‘zbekiston madaniy merosi - Yangi Renessans poydevori» mavzusidagi mazkur V Xalqaro Kongress doirasida «O‘zbekiston madaniy merosi – dunyo to‘plamlarida» turkumidagi kitob-albomlarning 50 ta yangi jildi taqdimotlari o‘tkazildi.

Shuningdek, Mirzo Ulug‘bekning maxsus buyurtmasi bilan yaratilgan va deyarli o‘rganilmagan qo‘lyozma «Suvar al-kavakib as-sabita» («Sobit yulduzlar tasviri») astronomik asari taqdimoti tashkil etildi. Unda Mirzo Ulug‘bekning Sefey yulduzlar turkumi shaklida tasvirlangan miniatyurasi, tilla bilan bitilgan yorliq va kitob egasi «taxtdagi olim» ekanligini ta’kidlovchi boshqa belgilar mavjud.

Ma’lumot uchun, 14-15 sentyabr kunlari Xiva shahrida «Markaziy Osiyo dunyo sivilizatsiyalari chorrahasida» xalqaro madaniyat forumi bo‘lib o‘tadi. Haftalik doirasida O‘zbekistonga tashrif buyurgan 200 ga yaqin xorijlik olim va mutaxassislar forumda ishtirok etish uchun bugun Xivaga jo‘nab ketishdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring