«Eng shaffof — bu zaif degani emas» — Adliya vazirligi
Kiberxavfsizlik markazi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash reytingi aniqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, reyting Kiberxavfsizlik markaziga davlat organlari tomonidan axborot va kiberxavfsizlikni monitoring qilish tizimi doirasida taqdim etilayotgan ma’lumotlar asosida baholandi.
Kuni kecha 2020-yil II choragi bo‘yicha monitoring natijalari chop etildi.
Eng yuqori reytingdagi tashkilotlar Top-10 taligiga Adliya vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, qator bank va boshqa tashkilotlar, jumladan, joylardagi ijro hokimiyati organlari kirdi.
Axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha tashkilotlarning Top-10 taligi
№ |
Tashkilot |
Ball |
1. |
Adliya vazirligi |
89,7 |
2. |
«O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi |
88 |
3. |
Davlat bojxona qo‘mitasi |
88 |
4. |
Namangan viloyati hokimligi |
83,9 |
5. |
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi |
81,4 |
6. |
«Ipoteka-bank» ATIB |
81,3 |
7. |
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki |
80,7 |
8. |
«Agrobank» ATB |
80,2 |
9. |
«O‘zikkilamchiranglimetall» AJ |
78,5 |
10. |
Navoiy kon-metallurgiya kombinati |
77,8 |
Adliya vazirligi mazkur reytingda 89,7 ball bilan birinchi o‘rinni egalladi.
Ta’kidlash joiz, Adliya vazirligiga O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi (Lex.uz), Me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi (Project.gov.uz), me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (Regulation.gov.uz), «Notarius» avtomatlashtirilgan axborot tizimi (E-notarius.uz), nodavlat notijorat tashkilotlari portali (E-ngo.uz), Davlat xizmatlari portali (Davxizmat.uz), «Intellektual mulk» axborot-qidiruv tizimi singari va boshqa yirik axborot resurslari tegishli.
Adliya organlari va muassasalarida axborot tizimlarining uzluksiz ishi, «Elektron hukumat»ni rivojlantirish, shuningdek, axborot va kiberxavfsizlik talablariga rioya etilishi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni rivojlantirish markazi tomonidan ta’minlanadi.
Barcha adliya organlari va muassasalari veb-saytlari O‘zbekiston Respublikasining «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonuni talablariga muvofiq faoliyati yuritmoqda.
Adliya vazirligi, shuningdek, mashhur ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar imkoniyatlaridan ham faol foydalanmoqda. Xususan, «Huquqiy axborot», «Pravovaya informatsiya» va «LegalInfo» telegram-kanallari faoliyat yuritib, ularda davlat, rus va ingliz tillarida tezkor ravishda qonunchilikdagi o‘zgarishlar, huquqiy islohotlar, qabul qilinayotgan me’yoriy-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatiga doir axborotlar joylashtirib boriladi. Mazkur kanallar obunachilarining umumiy soni qariyb 300 mingga yaqin.
Bundan tashqari, aholi bilan manzilli ishlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida «Uz» domenida qo‘shimcha axborot-huquqiy resurslar tashkil etilgan. Milliy huquqiy internet-portal (huquqiyportal.uz), «Bola huquqlari» (bolahuquqlari.uz) veb-sayti, Advice.uz huquqiy axborot portali va boshqalar shular jumlasidandir.
Adliya vazirligi ko‘plab reytinglar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan tuziladigan matbuot xizmatlari rahbarlari faoliyati samaradorligi reytingida ham yuqori o‘rinlarni egallab kelayotgan eng shaffof davlat tuzilmalaridan biridir.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi — O‘zA tomonidan tashkil etilgan «Yil tanlovi — 2019» tanlovi yakunlariga ko‘ra Adliya vazirligi «2019 yilning eng namunali vazirligi» nominatsiyasida birinchi o‘rinni egalladi.
Adliya vazirligi, avvalo, aholi, biznes vakillari, chet eldagi hamyurtlarimiz hamda adliya tizimi xizmatlaridan foydalanuvchilar uchun hamisha ochiq. Shuningdek, Adliya vazirligi yangi texnologiyalar va innovatsion yechimlar, umuman olganda, texnologik taraqqiyot uchun ham mutlaqo ochiq, — deyiladi Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter