Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Eng... Eng... Eng...» shaharlar reytingi yangilandi

«Eng... Eng... Eng...» shaharlar reytingi yangilandi

Foto: «Allegroplus.ru»

The Economist Intelligence Unit ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi eng xavfsiz shaharlar reytingi yangilandi. 2021-yilda Daniya poytaxti Kopengagen 82,4 ball bilan birinchi o‘rinni egalladi.

Mutaxassislar shaharlarni raqamli ma’lumotlar xavfsizligi, sog‘liqni saqlash, infratuzilma, atrof-muhit va shaxsiy xavfsizlik kabi toifalar bo‘yicha baholab, reyting tuzib chiqishdi. Barcha ko‘rsatkichlardagi ballar yig‘indisi bo‘yicha Daniya poytaxtidan tashqari Toronto (82,2 ball) va Singapur (80,7 ball) birinchi uchtalikka kirdi. Sidney (Avstraliya), Tokio (Yaponiya), Amsterdam (Niderlandiya), Vellington (Yangi Zelandiya), Gonkong (Xitoy), Melburn (Avstraliya) va Stokgolm (Shvetsiya) ham xavfsiz deb topildi.

Rossiya shaharlaridan faqat Moskva reytingga kirdi — u 62,5 ball bilan 38-o‘rinni egalladi. Rossiya poytaxti braziliyalik Rio-de-Janeyro va San-Paulu, shuningdek, Kolumbiyaning Bogota shaharlarini xavfsizlik borasida ortda qoldirdi. Shu bilan birga, Moskva reytingda Dubay (BAA), Pekin (Xitoy) va Istanbul (Turkiya) shaharlariga bas kelolmadi. Reyting oxirida Lagos (Nigeriya), Qohira (Misr), Karakas (Venesuela), Karachi (Pokiston) va Yangon (Myanma) joylashgan.

Har bir toifa yetakchilariga kelsak, ma’lumotlar xavfsizligi bo‘yicha Sidney, sog‘liqni saqlash sohasida esa Tokioga teng keladigani topilmadi. Gonkong infratuzilma xavfsizligi, Kopengagen shaxsiy xavfsizlik bo‘yicha yetakchiga aylandi. Vellington ekologik xavfsizlik borasida hammadan oldinda.

2019-yilda Tokio, Singapur va Osaka The Economist Intelligence Unit reytingida yetakchi bo‘lgandi. Ulardan keyin Amsterdam, Sidney, Toronto, Vashington, Kopengagen, Seul va Melburn o‘rin egallashgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring