Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish jamiyat uchun ham, iste’molchi uchun ham xavfli
Elektr tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanib olish, elektr hisoblagichlarni «aylanib o‘tish», hisoblagichlar ishiga ta’sir ko‘rsatuvchi vositalardan foydalanish, iste’mol qilingan elektr energiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qalbakilashtirish – energetiklarimiz bunday noqonuniy holatlarga juda ko‘p duch keladilar. Afsuski, energiya resurslarini o‘g‘irlash hamon jiddiy muammoligicha qolmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil 7 fevralidan do 9 sentyabrgacha qonun buzish holatlarini aniqlashga qaratilgan reyd tadbirlarida:
– energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan 658 ta jinoyat va 29 163 ta ma’muriy ishlar qo‘zg‘atilgan;
– jinoyat ishlari doirasida 158 milliard so‘m moddiy zarar tergov davrida undirilgan.
Buxoroda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Davlat rahbari ta’kidlaganidek, energiya resurslari iste’molida tartib-intizom haligacha to‘liq qo‘lga olingani yo‘q. O‘tgan yetti oyda hududlarda 160 million kilovatt-soat elektr energiyasi va 290 million kubometr gaz noqonuniy ishlatilib, tarmoq korxonalariga 355 milliard so‘mlik zarar yetkazilganligi aniqlangan. Masalan, Piskentda 3 ta «metan zapravka» hisoblagichni buzib, 8 milliard so‘mlik 8 million kubometr gazni o‘g‘irlagan.
Yoki, Navoiy viloyatida birgina xususiy firma «kripto-mayning» bilan shug‘ullanib, 15 milliard so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan. Respublika bo‘yicha bunday misollarni yuzlab keltirish mumkin. Ushbu juda ko‘p miqdordagi o‘g‘irliklar bir-ikki kun ichida bo‘lib qolmaydi. Buning uchun bir necha hafta yoki oylar kerak. Haqli savol tug‘iladi: xo‘sh, qachongacha bunday o‘g‘riliklar noreal qarzdorlik sifatida aholining bo‘yniga o‘tkazib qo‘yilishi kerak?
Uy xo‘jaliklarida elektr energiyasini o‘g‘irlash ham ko‘p uchrab turadi. Bu bir qarashda tayyor foyda bo‘lib ko‘rinsa-da, «o‘g‘ri» uchun u oxir-oqibat juda qimmatga tushadi. Yashirincha tarmoqqa ulanib olgan shaxs 100 ming so‘m, 200 ming so‘m tejab qolar, ammo bu holat fosh bo‘lgach, juda katta miqdorda jarima to‘lashiga yoki jinoiy javobgarlikka tortilishiga to‘g‘ri keladi (Ma’muriy jazo – bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravarigacha jarima, qariyib 5 mln. so‘m; Jinoiy jazo – bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravarigacha jarima, qariyib 165 mln., 3 yilgacha ozodlikni cheklash, 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish). Huquqbuzarlik oqibatida juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan taqdirda esa, hatto jinoiy javobgarlik ham nazarda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq, elektr va gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanish hamda foydalanish bilan bog‘liq holatlar uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlik choralari belgilab qo‘yilgan.
Xulosa Shuni ta’kidlash kerakki, energetika va nazorat tashkilotlari hozir ancha takomillashgan texnologiyalardan foydalanmoqda. ASKUE va ASKUG tizimlarining ishga tushirilishi, zamonaviy va murakkab vositalarning joriy etilishi noqonuniy holatlarni o‘z vaqtida aniqlash imkoniyatini oshirib yubordi. Boshqacha aytganda, elektr yoki gazdan o‘g‘rincha foydalanish endi avvalgidek oson emas.
Eng muhimi, o‘g‘rilik milliy qadriyatlarimizda ham, muqaddas dinimizda ham keskin qoralanadi. Kimdir yashirincha tarmoqqa ulandimi, hisoblagich ko‘rsatkichini noqonuniy ravishda buzdimi, demak, o‘sha 1 kilovatt elektr toki bilan davlatning, energetika sohasida mehnat qilayotgan minglab insonlarning haqqiga hiyonat qildi. Ana shu oddiy haqiqatni hech qachon unutmasligimiz, farzandlarimizga, oila a’zolarimizga tushuntirishimiz shart.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter