Endi ishga qabul qilishda propiska talab qilinmaydi
O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat tartibini ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.
Qonun bilan kiritilgan o‘zgartirishlarga asosan, ishga qabul qilishda endilikda propiska talab qilinmaydi. Bu haqda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va Mehnat kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.
Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksdan vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yashab turgan fuqarolarni ishga qabul qilganlik uchun ish beruvchini ma’muriy javobgarlikka tortishga asos bo‘luvchi 223-2-modda chiqarib tashlandi.
Xuddi shunday, Mehnat kodeksidan ham ishga kirayotgan shaxs vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmagan bo‘lsa ishga qabul qilishni rad etish mumkinligi haqidagi qoida chiqarib tashlandi.
Shuningdek, o‘n olti yoshga to‘lishi munosabati bilan o‘z vaqtida pasport olmaganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortilmasligi belgilandi (buning uchun 18 yoshga qadar pasport olish kerak).
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter