«Enam yaxshi»dagi vayrona maktab. Xalq ta’limi vaziri bu maktab ahvolidan xabardormi? (video)
Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanidagi maktab binosini «maktab» deyishga odam uyaladi. Tumanning Enam yaxshi-2 qishlog‘ida joylashgan 60-sonli umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘quvchi va o‘qituvchilari uchun «tegishli sharoitlar», «sanitariya normalari», «gigiyena talablari», «davomat», «ta’lim sifati», «fanlar bo‘yicha olimpiada» va shunga o‘xshash tushunchalar bu yerda o‘qiydiganlar uchun yot edi.
Bundan bir necha oy muqaddam «MY5» telekanali muxbiri Mo‘’tabar Nurmuhammedova tayyorlagan reportaj avval TV tomoshabinlarini, so‘ngra ijtimoiy tarmoq sahifalarini larzaga keltirgan edi. Videolavhada filial binosining tomida «osilib turgan» shiferlar ostida o‘ynayotgan bolalarning xavfsizligi umuman unutilgani qayd etiladi. E’tibor berib qarasangiz, aynan filial binosiga kirish joyida, ya’ni eshik tepasida odatda tunuka yoki plastik qoplama bilan yopiladigan joydagi shiferlar «oqib» tushayotgandek edi...
Kecha, 5-fevral kuni Toshkent shahridagi Milliy matbuot markazida OAV xodimlari uchun matbuot anjumani o‘tkazilgani va unda Xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov hisobot bergani haqida ma’lum qilgan edik.
Matbuot anjumanida «Xabar.uz» jurnalisti mazkur maktabning hozirgi ahvoli bilan qiziqdi, vazirning mazkur o‘quv maskanidan xabari bor-yo‘qligini so‘radi. Xalq ta’limi vaziri ushbu savolga quyidagicha javob berdi:
— Maktablarni qurish, ta’mirlash, ko‘chirish, yopish kabi ishlar bilan hokimliklar shug‘ullanadi. Lekin Xalq ta’limi vazirligi ham bir chetda jim qarab turmaydi, o‘zining tavsiya va takliflarni beradi. Masalan, bir yilda 400 ta maktab kapital ta’mirlanadi, qolgan mingdan ortig‘i joriy ta’mirlash rejasiga kiritiladi. Birdaniga hamma maktabni qurib yo ta’mirlash imkonsiz. Bu ishlar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi, — dedi Ulug‘bek Inoyatov. — Kattaqo‘rg‘ondagi Enam yaxshi qishlog‘ida joylashgan maktab to‘g‘risida bizga ham ko‘p murojaatlar bo‘lgan va mazkur maktab ahvolini o‘rganganmiz. U yerda o‘quvchilar soni maktab quvvatiga nisbatan qariyb ikki baravar kam. Shuning uchun maktabni to‘liq emas, bir qismini ta’mirlashga tavsiya qildik.
Suratda va videolavhada ko‘rib turganingizdek, ushbu maktab o‘zi bir «burda», lekin shuning ham bir qismini ta’mirlashga tavsiya etishibdi. Demak, ta’mirlash hali boshlanmagan, qish kunida bu maktabda kim o‘qiydi, bolasini kim o‘qishga jo‘natadi? Bunga nafaqat Xalq ta’limi vazirligi mutasaddilari, balki Samarqand viloyati va Kattaqo‘rg‘on tumani hokimliklari ham birdek javobgar!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter