Elektron navbat, maxsus mobil ilova, «o‘ziyurar» markaz... Davlat xizmatlari ko‘rsatishda innovatsion texnologiyalardan foydalaniladi
2018-yilga mo‘ljallangan Davlat dasturida davlat xizmatlari ko‘rsatishni innovatsion texnologiyalar orqali amalga oshirishni jadallashtirish nazarda tutilgan. Ushbu texnologiyalar jamiyatimizda qanday o‘zgarishlarga olib kelishi va yaratiladigan qulayliklar haqida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi direktori o‘rinbosari No‘’mon Muhammadiyev O‘zA muxbiriga so‘zlab berdi:
– Davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimiga innovatsion texnologiyalarning joriy etilishi tezkorlik, ochiqlik va yuqori sifatni ta’minlab, aholining ulardan foydalanish imkoniyatini oshiradi.
Davlat dasturiga muvofiq endilikda tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlarida elektron navbat tizimi joriy etiladi. Ushbu tadbir orqali davlat xizmatlari uchun tashrif buyuruvchilarning navbatga rioya qilishga oid tartibi shakllanadi.
Davlat xizmatlari markazlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarning uzluksizligi va sifatini kuzatib borish maqsadida masofadan turib videokuzatuv tizimi joriy etiladi.
Yana bir muhim jihati, davlat xizmatlarini aloqa vositalaridagi mobil ilovalar orqali ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Bu orqali aholi bilan qayta aloqaning samarali vositalari amalga kiritiladi.
Kompyuter uskunalari yoki internet tarmog‘idan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmagan fuqarolarga davlat xizmatlari taqdim etish uchun zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda mamlakatimizning barcha tuman va shaharlaridagi davlat xizmatlari markazlari maxsus infokiosklar bilan ta’minlanadi.
Bular ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarining sifati, tezkorligi, ochiqligi va foydalanish imkoniyatini tubdan oshirishga xizmat qiladi.
Uzoq va olis joylardagi aholiga yengilliklar yaratish maqsadida tasdiqlangan jadvallar asosida mobil davlat xizmatlari, ya’ni barcha zarur texnikalarni o‘zida mujassamlashtirgan maxsus avtotransport vositalari orqali bevosita joylarga borib, «o‘ziyurar» davlat xizmatlari ko‘rsatiladi.
Bundan tashqari, barcha davlat xizmatlari ularni Davlat xizmatlari yagona reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun inventarizatsiyadan o‘tkaziladi. 2018-yil 1-iyundan boshlab mazkur reyestrga kiritilmagan davlat xizmatlarini ko‘rsatishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bir so‘z bilan aytganda, jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sifati innovatsion jihatdan yangi bosqichga olib chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur agentlik tuzilmalari tomonidan ayni paytda tadbirkorlik sub’yektlariga davlat organlari faoliyati bilan bog‘liq 37 turdagi xizmatlar ko‘rsatilmoqda. 2018-yil 1-apreldan boshlab bunday xizmatlar jismoniy shaxslarga ham ko‘rsatiladi va ularning soni yana 13 taga ko‘paytiriladi.
2018-yil oxirigacha ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari soni 87 taga yetkaziladi. 2020-yil oxirigacha esa bu ko‘rsatkich 163 ni tashkil etadi.
2017-yil 1-apreldan boshlab ro‘yxatga olish tartib-taomillarini 30 daqiqagacha qisqartirish imkonini beruvchi tadbirkorlik sub’yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning avtomatlashtirilgan tizimi ishga tushirilganligi «Doing Business 2018» global reytingidagi «Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish» ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekistonning mavqeini 24-o‘rindan 11-o‘ringa yaxshilashga xizmat qildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter