Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ekologiya malikasi» — Nargis Qosimova e’tirof etildi

«Ekologiya malikasi» — Nargis Qosimova e’tirof etildi

Foto: «Xabar.uz»

Xalqimizning ekologik madaniyati endi-endi shakllanayapti. Esimda bundan uch yillar oldin ekologuz telegram kanalida atigi 800 dan ortiq obunachi bor edi. Bu o‘sha paytlari biroz odamga tushkun kayfiyat bag‘ishlardi ham. Bugun ko‘rib turibmizki, bu telegram kanalida 12 mingdan ortiq obunachi bor.

Bu — O‘zbekiston uchun, qayerga chiqindi tashlansa o‘zini emas, ekologlar javobgar deb o‘ylaydigan jamiyat uchun juda katta natija. Ko‘pgina ekologiya bilan bog‘liq muammolar mana shu kanalda chiqqach, mas’ullar harakatga tushgani bor gap.

Mana shu telegram kanal tufayli jurnalistlar daraxtlar kesilishi, chiqindi tashlanishi, hatto hayvonlar qiynoqqa solinishi bilan bog‘liq ko‘plab muammolarni ko‘tarib chiqa boshlashdi. Va bu, ozmi-ko‘pmi o‘z natijasini berayapti.

Demak, aholining ekologik ongi, madaniyati oshmoqda. Bunga albatta ekofaol jurnalist Nargis Qosimovaning xizmati katta. Esimda yaqinginada o‘zi talabalarga ta’lim berayotgan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida «ekologiya» fanini dars jadvaliga kiritish uchun qancha yelib-yugurgani. Esimda xuddi ekologiya muammosi faqat shu ayolga tegishlidek, ruxsat beradigan mutasaddilarning Nargis Qosimovani ovorayu sarson qilgani.

Bugun, 30 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida «Ekologiya mavzusiga doir eng yaxshi maqolalar» tanlovida Nargis Qosimova «Unutilmas to‘rt kun... yoxud qoraqalpoq ekoinspektorlarining xavfli faoliyati bilan tanishuv» maqolasi va boshqa ekologiya mavzusiga oid dolzarb jurnalistik materiallari uchun 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.  

Qoraqalpog‘istonga borganimizda yo‘l-yo‘lakay cho‘lga tashlab ketilgan yelim xaltalarni, idishlarni, baklashkalarni mashinadan tushib har qadamda terib yurgani, eng oldindagi mashinaga o‘tirib boshqa mashinalar yo‘ldan chiqqan toshbaqami yoki boshqa biron jonzotmi, o‘tmi, gulmi bosib ketmasligi uchun hay-haylab turgani esimda. Nargis Qosimova qalbi daryo inson, hammaga mehribonlik qila oladi, ammo uning eng katta dushmani — daraxtga ozor bergan, hayvonni qiynagan, duch kelgan joyga chiqindi tashlagan, suvni ayovsiz ishlatgan odam.

Nargis Qosimova qayerga borsa, yo‘l-yo‘lakay hayvonu qushlarni boqib ketaveradi, qayerga borsa ekologik muammolarni gapiradi, yechimini o‘ylaydi. Bugun o‘ziga so‘z berilganda barcha ekofaollar oldiga yana bir vazifani ko‘ndalang qo‘ydi: O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida 2023/2024 o‘quv yilidan «ekologiya» yo‘nalishi ochilishini va talabalar qabul qilish masalasini ko‘tarib chiqdi. «Menga ekologiya sohasida yo‘nalish ochishga yordam berishlaringizni istayman, televideniyada ekologiya kanali bo‘lsin. Ertayu kech hayvonlar, o‘simliklar, toza havo va ekologik muammolarni  ko‘rsatsin, bolalar va aholi tabiat bilan yaqinlashsin» dedi.

OAVga navbati bilan intervyu berarkan, har biriga universitetda yo‘nalish ochish kerakligi, talabalarni ekologiya sohasiga ixtisoslashtirib o‘qitish talabini, taklifini qayta-qayta ta’kidladi.

Eski yil bilan xayrlashish onlarida bu yilgi esimda qolgani Qoraqalpog‘istonga uyushtirilgan sarguzashtlarga boy press-tur va Nargisdek ekojonukuyar bilan yaqindan tanishganim bo‘ldi.

O‘zbekiston jurnalistlarini ekologiya muammolarini yoritish uchun birlashtira olgan, atrofida tabiatsevar, hayvonlarga muhabbatli shogirdlarni ko‘paytirayotgan Nargis Qosimovani« Xabar» jamoasi ham tabriklaydi. Yangi yil ekologiya sohasining yanada rivojlanishi uchun katta eshiklarni ochadigan qutlug‘ yil bo‘lib kelishiga ishonamiz.

Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring