Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

YI Markaziy Osiyo transport tizimiga 1,5 milliard yevro ko‘mak ajratadi

YI Markaziy Osiyo transport tizimiga 1,5 milliard yevro ko‘mak ajratadi

Valdis Dombrovskis, Tereza Chervinskaya va Jamshid Xo‘jayev.

Foto: YeI delegatsiyasi

Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoda barqaror transportni qariyb 1,5 milliard yevro miqdoridagi birgalikda moliyalashtirish orqali qo‘llab-quvvatlaydi. Bugun, 29 yanvar kuni Bryussel shahrida bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo transport aloqalari bo‘yicha investorlar forumi doirasida ushbu kelishuvga erishilgan.

Umumiy qiymati 1,47 milliard yevrolik anglashuv memorandumlari Yevropa investitsiya banki (EIB Global) va Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston hukumatlari hamda Qozog‘iston taraqqiyot banki tomonidan imzolangan. Marosimda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ham qatnashgan.

Shu tariqa YeI Markaziy Osiyoda transport sektorini modernizatsiya qilishga ko‘maklashadi. Loyihalarni moliyalashtirish qo‘shimcha kapitalni safarbar qilishi va barqaror transport loyihalariga 3 milliard yevro ko‘mak jalb etishi kutilmoqda.  Yevropa investitsiya banki, shuningdek, mintaqadagi loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha uzoq muddatli global tajribasi bilan o‘rtoqlashadi. So‘nggi o‘n yillar mobaynida ushbu bank dunyo bo‘ylab transport yo‘nalishida 136,5 milliard yevrolik loyihalarni moliyalashtirgan.

«Bugun imzolangan anglashuv memorandumlari YeI uchun ham, Markaziy Osiyo uchun ham imkoniyatlar taqdim etadi. Biz savdo aloqalarimizni har ikki mintaqa uchun manfaatli shaklda mustahkamlashga harakat qilmoqdamiz. Bugun xalqaro hamkorlar 10 milliard yevro miqdorida majburiyat oldilar. Bu esa savdo munosabatlarini rivojlantirish, tijoriy almashuv va barqaror transport loyihalarini kuchaytirish hamda hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi», – dedi Yevropa komissiyasi ijrochi vitse-prezidenti Valdis Dombrovskis.

Yevropa investitsiya banki vitse-prezidenti Tereza Chervinskaya bank sarmoyalarii nafaqat iqtisodiy o‘sishga, balki ijtimoiy tenglikka ham xizmat qilishini urg‘ulagan.

Markaziy Osiyoda barqaror transportni qo‘llab-quvvatlash YeI tomonidan 2021 yil 1 dekabrda qabul qilingan «Global darvoza» (Global Gateway) deb nomlangan yangi strategiya maqsadlariga mos keladi. Mazkur tashabbus doirasida dunyo bo‘ylab raqamlashtirish, iqlim, energetika, transport, ta’lim, sog‘liqni saqlash kabi sohalarda yirik loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

2023 yil 2 iyun kuni Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi yetakchilarining ikkinchi uchrashuvida ham «Global darvoza» strategiyasi doirasidagi dasturlarning ahamiyati alohida qayd etilgan.

Yevropa investitsiya banki YeIning kredit muassasasi bo‘lib, Bryussel ilgari surgan siyosiy strateniyalarga uyg‘un loyihalarni moliyalashtiradi. EIB Global esa mazkur bankning ixtisoslashgan bo‘linmasidir. 2027 yilga qadar bank «Global darvoza» doirasida kamida 100 milliard yevrolik sarmoya kiritishni maqsad qilgan. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring