«Dunyodagi har uch ayoldan biri zo‘ravonlikka uchragan» – Alan Melser
Jahondagi har uch ayoldan biri hayoti davomida jismoniy yoki jinsiy zo‘ravonlikka uchragan. Bu haqda AQSh muvaqqat ishlar vakili Alan Melser Toshkentda o‘tgan «Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi 16 kun» tadbirida ma’lum qildi.
Anjumanda Oliy Majlis Senati, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi, AQSh elchixonasi hamda USAIDning O‘zbekistonda sud-huquq islohotlari dasturi mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
«Bunday jinoyatni tag-tomiri bilan yo‘q qilish maqsadida USAID butun dunyodagi mamlakatlarga xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka, jumladan, oiladagi zo‘ravonlik, jinsiy zo‘rlash va odam savdosiga qarshi qaratilgan qonunchilikni ishlab chiqishda yordam beradi. Bunday sa’y-harakatlar nafaqat zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlarning salomatligini yaxshilashni, balki ularga bu borada o‘zgarish yasash uchun himoyachi bo‘lishga imkon yaratishni ham maqsad qiladi», – dedi AQSh muvaqqat ishlar vakili Alan Melser.
Qayd etilishicha, AQSh hukumati tenglik va xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka chek qo‘yish ishiga sodiqdir va bu borada O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikka alohida e’tibor qaratadi.
Jumladan, USAIDning O‘zbekistonda sud-huquq sohasini isloh qilish dasturi uch yarim yilga mo‘ljallangan 12 million dollarlik loyiha bo‘lib, u O‘zbekistonda qonun ustuvorligini ta’minlash, yuridik kasbni rivojlantirish hamda fuqarolik jamiyati va nodavlat tashkilotlari uchun huquqiy sharoit yaratishni ko‘zda tutadi.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, dunyodagi ayollarning 35 foizi turli ko‘rinishdagi tazyiqlarga uchramoqda. Jumladan, 2017-yilda 87 ming nafar ayol tazyiq oqibatida hayotdan ko‘z yumgan.
O‘zbekistonda ham xotin-qizlarga qarshi zo‘ravonliklarga qarshi kurashga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, mamlakatda «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida» hamda «Xotin-qizlarni tazyiqlar va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida» qonunlar qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, mamlakatimizda 25 noyabrdan boshlab «Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi 16 kun» media kampaniyasi o‘tkazilmoqda. USAIDning O‘zbekistonda sud-huquq islohotlari dasturi hamda «Taraqqiyot strategiyasi» markazi hamkorligida amalga oshirilayotgan ushbu media kampaniya qonunchilik targ‘ibotini kuchaytirishga qaratilgan.
S.Salim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter