Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dunyodagi eng chiroyli qamoqxonalar

Dunyodagi eng chiroyli qamoqxonalar

Norvegiyadagi «Scenic Bastoy Prison» qamoqxonasi.

Foto: «LiveJournal»

Barchaning ko‘ziga xunuk ko‘rinadigan qamoqxonaning ham chiroylisi bo‘lar ekanmi? Bo‘lar ekan! E’tiboringizga dunyodagi eng chiroyli qamoqxonalar haqidagi ma’lumotlarni havola qilamiz.

«Villa Sbertoli» (Italiya)

«Villa Sbertoli» qamoqxona va psixiatriya shifoxonasi vazifalarini bajaradi. XVIII asrda qurilgan bu go‘zal binoning baland shiftlari va devorlaridagi rangli suratlar kishini hayratga soladi.

Foto: messynessychic.com

Shilon qal’asi (Shveysariya)

Hozir bu yerda muzey tashkil qilingan bo‘lsa-da, ilgari qal’a qamoqxona sifatida ishlatilgan: qirollar bu yerda nufuzli mahbuslarni saqlaganlar.

Foto: «LiveJournal»

Halden (Norvegiya)

Bu yerda mahbuslar hudud bo‘ylab erkin harakat qilishadi, videoo‘yinlarni o‘ynashadi, ortopedik matraslarda yotadilar va hatto pul ishlab topishadi. Gap shundaki, mahbuslarga oddiy odamlardek muomala qilish va ular jazosini o‘tab bo‘lgach jamiyatga oson moslashib ketishini ta’minlash qamoqxonaning bosh maqsadi hisoblanadi.

Foto: «LiveJournal»

Adliya markazi (Avstriya)

Ushbu qamoqxona taniqli me’mor Jozef Xoushenn tomonidan mahbuslar doim erkinlik tuyg‘usini his qilib yurishlari uchun loyihalashtirilgan. Oynalari katta, ochiq hududga ega ushbu qamoqxona sanatoriyaga o‘xshab ketadi.

Foto: «LiveJournal»

«Scenic Bastoy Prison» (Norvegiya)

Ehtimol, bu ro‘yxatimizdagi eng yaxshi qamoqxonadir. U xususiy orolda joylashgan bo‘lib, mahbuslar o‘z vaqtini o‘zlariga yoqqan tarzda o‘tkazishadi: baliqchilik, dehqonchilik, tennis bilan shug‘ullanishadi, otda sayr qilishadi.

Garsten-Abbi (Avstriya)

1851 yilgacha Garsten-Abbi monastir edi. Keyinchalik avstriyaliklar nima sababdandir binoni qamoqxona sifatida ishlata boshladilar. Barokko usulida qurilgan Garsten-Abbini dunyodagi eng chiroyli qamoqxonalardan biri deyish mumkin.

Foto: «LiveJournal»

Hazrati oliyalari qamoqxonasi (Angliya)

Agar og‘ir temir eshiklari bo‘lmasa, Hazrati oliyalari qamoqxonasi(«Her Majesty’s Prison» yoki HMP)ni davlat maktabiga o‘xshatish mumkin. Bu yerda sinfxonalar, suzish havzasi, sport zali, billiard va stol tennisi mavjud.

Foto: «LiveJournal»

Frimant qamoqxonasi (Avstraliya)

G‘arbiy Avstraliyada joylashgan Frimant qamoqxonasi 136 yildan buyon faoliyat yuritmoqda. Ajablanarlisi, u hatto YuNESKOning Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Foto: «LiveJournal»

Davlat qamoqxonasi (Daniya)

Sharqiy Yutlandiyadagi davlat qamoqxonasi 10 yil oldin ochilgan. Oddiy dizayn infraqizil kameralar, harakat datchiklari va barmoq izlari skanerlarini o‘z ichiga oluvchi yuqori darajali himoya tizimini niqoblab turadi.

Foto: «LiveJournal»

Adolat paviloni (Hollandiya)

Hollandiyada joylashgan Yoshlar adliya markazi erkinlikni cheklashni nazarda tutmaydi. Mahbuslar bu yerda tabiat qo‘ynida o‘z ustida ishlashlari mumkin. Eng ajablanarlisi, bu yerdan hali hech kim qochib ketmagan.

Foto: «LiveJournal»
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring