Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Deputatlar bugun ikki muhim qonun hujjatini ko‘rib chiqdi

Deputatlar bugun ikki muhim qonun hujjatini ko‘rib chiqdi

Foto: «Xabar.uz»

Deputatlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 14-iyul kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotining turli jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Deputatlar o‘z ishlarini yangi tahrirdagi «Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida»gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqishdan boshladilar. Ta’kidlanganidek, mamlakat iqtisodiyotining barcha soha va tarmoqlarida bo‘lgani kabi bojxonaga oid qonun hujjatlarini yanada liberallashtirish, mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida bojxona rasmiylashtiruvlarini soddalashtirish, tashqi iqtisodiy faoliyatni yuritish borasida so‘nggi yillarda muhim tarkibiy o‘zgarishlar qilinmoqda.

Ushbu qonun loyihasi bilan bojxona organlari o‘z xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida qonuniylik, ochiqlik, shaffoflik hamda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qat’iy rioya qilish ishiga doir normalar belgilab qo‘yilmoqda. 

Shundan so‘ng Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zolaridan iborat bir guruh deputatlar tomonidan ishlab chiqilib, muhokamaga kiritilgan «Qayta tiklanuvchi energiya manbalari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi bilan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish chora-tadbirlarini huquqiy tartibga solish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida davlat boshqaruvining huquqiy asoslarini belgilash nazarda tutilgan.

Deputatlarning fikr-mulohazalariga ko‘ra, qonun loyihasining qabul qilinishi Harakatlar strategiyasida belgilanganidek 2017-2021 yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energetikani yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish imkonini beradi.

Siyosiy partiyalar fraksiyalarining qizg‘in bahs-munozalaridan so‘ng har ikki qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi va mas’ul qo‘mitalarga muhokamalar chog‘ida bildirilgan fikr-mulohaza va takliflarni inobatga olgan holda, ikkinchi o‘qishga tayyorlash vazifasi yuklatildi.

Majlisda, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.  

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring