Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Deputat: LGBT masalasi uyushtirilgan voqeaga o‘xshayapti

Deputat: LGBT masalasi uyushtirilgan voqeaga o‘xshayapti

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi Amir Temur xiyobonida ro‘y bergan holatlar bo‘yicha turli xabarlar tarqalgandi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Sherbek Bo‘ronov bunga o‘z munosabatini bildirdi.

«Globallashuv jarayoni jadal rivojlanayotgan hozirgi davrda axborot xurujlari tobora avj olmoqda. Bitta voqeani sun’iy uyushtirish vositasida boshqa voqealarni yuzaga keltirish holatlari kuzatilyapti.

LGBT masalasining ijtimoiy tarmoqlarga muhokamaga ko‘tarilishi ham uyushtirilgan voqeaga o‘xshayapti. Chunki shu holatdan keyin poytaxtimizda bir guruh yoshlarning noqonuniy chiqishlari ro‘y berdi.

Bu o‘rinda asl reja kimningdir huquq va manfaatini himoya qilish emas, balki hayotiy pozitsiyasi, diniy tafakkuri shakllanib ulgurmagan yoshlarning hissiyotlarini junbushga keltirish orqali ularni noqonuniy harakatlarga undash, mamlakatimizdagi ijtimoiy barqarorlikka putur yetkazishdan iborat bo‘lishi mumkin.

Fikrimcha, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash mamlakatni rivojlantirishning eng muhim omillaridan biridir. Shuning uchun qonunlarda taqiqlangan, fuqarolarning tinchlik-xotirjamligiga salbiy ta’sir qiladigan harakatlarga qarshimiz.

LGBT masalasi qonunchiligimizga ham, xalqimiz e’zozlaydigan qadriyatlarga ham, muqaddas dinimizga ham zid narsa. Shaxsan men bu yo‘nalishda qonunchilikdagi taqiqlar bekor qilinishiga qarshiman. Eng avvalo, saylovchilarmizning xohish-istaklaridan kelib chiqib bu pozitsiyani ilgari surmoqdamiz.

Hamyurtlarimizdan biron mavzuni muhokama qilayotganda yoki fikr-munosabat bildirayotganda haddan ortiq his-tuyg‘ularga berilmasliklarini so‘rab qolamiz», — deydi deputat.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Toshkentdagi Amir Temur xiyobonidagi holatning faol ishtirokchisi bo‘lgan fuqarolarning 12 nafari ushlangani xabar qilingandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring