«Tom bosib qolishidan qo‘rqib yashaymiz» — Denovda og‘ir ahvolda yashayotgan oila taqdiri
Tahririyatimizga uzoq Surxondaryoning Denov tumanidan murojaat kelib tushdi.
«Men Tursunova Toshoyim, 1949 yilda tug‘ilganman, Denov tumani, Nuriston mahallasi, Alpomish ko‘chasida yashayman. Pensionerman. 2016 yilda avtohalokatga uchrab nogiron bo‘lib qoldim. Ikki qizim ham nogiron, ular ham farzandlari bilan mening qaramog‘imda yashamoqda.
Uy-joyim juda yomon ahvolda, nurab harob ahvolga kelib qolgan. Qish kunlarida ayniqsa qiynalmoqdamiz. Men-ku yoshimni yashadim, ortimdan qolayotgan bolalarimga achinaman.
Hokimiyat vakillari, mahalla raisi bilan ham gaplashganmiz. Hech kimning yordam bergisi kelmaydi.
Bu yerda tom bosib qolishidan qo‘rqib yashaymiz. Denovda har yili yangi uylar qurilib topshiriladi. Shundan bittagina bizga ham ajratishsa. Qulay shartlar bilan berilsa, nafaqam bilan bo‘lsayam to‘lardim...»
Tursunova Toshoyim istiqomat qilishi aytilayotgan uy suratlarini quyida taqdim etamiz.
Hokimiyat:«Bu kabi ayrim oilalarda boqimandachilik kayfiyati bor...»
Toshoyim momoning yozma murojaati asosida Surxondaryo viloyati, Denov tumani hokimiyati bilan bog‘landik. Hokimlik matbuot kotibi Feruza To‘rayevaga ko‘ra, mazkur oila doimiy yordamga muhtoj oilalar ro‘yxatida turadi va oziq-ovqat va pul yordamlari berib turiladi.
— Tursunova Toshoyim istiqomat qiladigan oilaga pandemiya davrida ham muntazam oziq-ovqat mahsulotlari, pul yordamlari berilgan. Sahovatli tadbirkorlar sigir ham berishgan. Qurilish materiallari taqdim qilingan, uy ta’miri uchun. Ularning ikki xonali uy-joyi bilan birga o‘n sotix hovlisi mavjudligi sababli ham yangi uy ajratish masalasi ochiq qolmoqda, — deydi hokimlik matbuot kotibi. — Bu kabi ayrim oilalarda boqimandachilik kayfiyati bor. Ish ham, daromad keltiradigan turli yumushlar ham taklif qilganmiz.
Mahalla raisi: «Og‘ir ahvoldagi oilaning ikki xonali uyi ta’mirlab berilgan...»
Nuriston mahallasi raisi Nurali Mustafoyev ham muammo yuzasidan gaplashdik:
— Mazkur oila qulab tushishi mumkin bo‘lgan haroba uyda istiqomat qilmaydi. O‘sha uy yonida ta’mirlangan, o‘rta sharoitdagi ikki xonali uy mavjud. Suratlarini ham taqdim etaman (quyida keltiramiz). Bundan tashqari, oila a’zolari nafaqa oladi, homiylar va boshqa tashkilotlardan yordam kelsa albatta taqdim etamiz. 16 yashar nevarasiga ish taklif etganmiz. Bo‘yni mehnatga yor bermay yuradi.
Yana bir fakt. Tursunova Toshoyimning bir nabirasiga tumanda yangi qurilgan uylardan taqdim etganmiz.
Xullas, murojaatchi va mas’ullarning bizga taqdim etgan fakt va da’volarida farq ko‘p.
Ammo bir narsa ma’lum: Denovdagi bu oilaga oson emas. Qishli-qirovli kunlarda g‘arib, to‘kilaman deb turgan kulbada yashashning o‘zi og‘ir. Shu o‘rinda, Surxondaryo viloyati va Denov tumani hokimliklariga masalaga yana qaytishni so‘rardik.
Tashqarida XXI asr. Insonlar o‘zga sayyoralarga uchishni reja qilayotganda, odamlarimiz yashayotgan kulbalarni ko‘rish, har bir kishiga og‘ir botadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter