Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Davlat soliq qo‘mitasida ochiq eshiklar kuni o‘tkazildi

Davlat soliq qo‘mitasida ochiq eshiklar kuni o‘tkazildi

Foto: «Xabar.uz»

Shu yilning 29-iyun kuni Davlat soliq qo‘mitasida Bosh prokuratura, Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Majburiy ijro byurosi, Oliy sud va Moliya vazirligi bilan hamkorlikda «Soliq qarzining paydo bo‘lish sabablari, to‘lovlarning amalga oshirilishida uchrayotgan muammolar va ularni hal etish yo‘llari» mavzusidagi Ochiq eshiklar kuni bo‘lib o‘tdi.

Davlat soliq qo‘mitasida ochiq eshiklar kuni

Tadbirda 2018-yil 26-iyunda qabul qilingan «Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori yuzasidan batafsil tushuntirish berildi.

Mazkur qaror bilan soliq ma’muriyatchiligi tizimini takomillashtirishning eng muhim yo‘nalishlari belgilab berildi.

Prezident qarorida,  birinchidan, davlat soliq xizmati organlarini soliq to‘lovchilarning biznes-hamkori va maslahatchisi sifatidagi yangi imidjini yaratish orqali xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan idoraga aylantirish, har bir xodim tomonidan «Soliq xizmati – insofli soliq to‘lovchilarning ishonchli hamkori» degan maqsadli vazifani so‘zsiz bajarish belgilab berildi.

Shuningdek, eksterritoriallik prinsipi asosida soliq to‘lovchilar o‘z soliq majburiyatlarini ixtiyoriy bajarishi, biznesni qonuniy, shaffof va qulay yuritish uchun maqbul shart-sharoitlar yaratish, soliq to‘lovchilarning qoniqish darajasining oshishini ta’minlash, soliq ma’muriyatchiligi va nazoratining mutlaqo yangi tizimini yaratish, shuningdek, korrupsiyaviy omillarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha preventiv va oldini olish choralarini qo‘llash, soliq to‘lovlarining o‘z vaqtida va bir xildagi tushumini ta’minlash, ma’muriy tartib-taomillarni maksimal darajada kamaytirish va soddalashtirish, soliq solinadigan bazani kengaytirish va iqtisodiyotda xufiyona aylanmalarni qisqartirish hisobiga budjetlarning daromad qismini barqaror shakllantirish vazifasi belgilangan. Bundan tashqari, tekshiruvdan oldingi tahlil va masofaviy nazorat-tahlil ishlarini amalga oshirish uchun ma’lumotlarni to‘liq yig‘ish va qayta ishlashni ta’minlaydigan zamonaviy, ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish choralarini yanada kuchaytirish, davlat soliq xizmati organlari xodimlariga korporativ etikani singdirish, davlat soliq xizmati organlarining strategik maqsad va vazifalariga erishish uchun o‘z xizmat faoliyati samaradorligini oshirish motivatsiyasi tizimini joriy etish kabi vazifalar belgilandi.

Yana bir muhim o‘zgarishlardan biri — davlat soliq xizmati organlari xodimlari faoliyatida korrupsiyaviy jihatlarga barham berish maqsadida Chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida huquqbuzarliklarni profilaktika qilish bosh boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘linmalari tugatildi va ularda ishlaydigan jami 1245 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Bir so‘z bilan aytganda, soliq organlari soliq to‘lovchilarning biznes–hamkori va maslahatchisi, ularga servis xizmatlari ko‘rsatuvchi davlat organiga aylantirildi.

Tashkil etilgan ochiq eshiklar kunida 925 ta korxonalar va 118 ta jismoniy shaslar, shundan Davlat soliq qo‘mitasining markaziy studiyasida Toshkent shahar va Toshkent viloyatidan ro‘yxatdan o‘tgan soliq qarzi mavjud 275 ta korxonalar va 118 ta jismoniy shaxslar, hududlardagi studiyalarda 650 ta korxona va jismoniy shaxslarga to‘g‘ri kelib, faoliyatida uchrayotgan muammolar muhokama etildi.

Davlat soliq qo‘mitasida ochiq eshiklar kuni

Tadbirda, budjetdan moliyalashtiriladigan 211 ta korxonalarning 44,5 mlrd. so‘m soliq qarzini undirilmasdan turganligi muhokama etilib, bunda tasdiqlangan xarajatlar smetasini qayta ko‘rib chiqilishi bo‘yicha Moliya vazirligiga takliflar kiritilishi belgilab qo‘yildi. Bundan tashqari, 308 ta qurilish  faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalarning 69,5 mlrd.so‘m soliq qarzini undirishda Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritilishi belgilandi.

Shu bilan birga 20 dan ortiq korxona va tashkilot rahbarlarining mavjud muammolari muhokama jarayonida o‘z yechimini topdi.

Vazirlik va idoralarning soliq qarzini qisqartirishda uchrayotgan muammolar ular tizimidagi korxonalar kesimida muhokama etilib, to‘lovlarni amalga oshirilishida aniq muddatlar belgilab olindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring