Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Dadajon, siz tinch yoting. Men ularga yaxshi qarayapman»...

«Dadajon, siz tinch yoting. Men ularga yaxshi qarayapman»...

Foto: «Xabar.uz»

Zuhraxon navbatchilikni topshirib, uyiga otlanar ekan soatiga qaradi: 9.00. To‘qqizu o‘ttizdagi reysga ulgurishi zarur. Zinapoyalardan yugurgilab tushib borar ekan, harbiy libosdagi yigitga ko‘zi tushdi. «Bunchalar barvasta, ko‘rkam bo‘lmasa» xayolidan o‘tdiyu ko‘zlarini olib qochdi. Nigohi bunchalar o‘ktam. Qaysi baxti kulgan qizning yori ekan bu! Hamon chopib borardi, chaqirib qolsaydi, chaqirib qolsaydi. Qani yuragining dukur-dukuri bosilsa. O‘sha on yigitning xayolidan ham, qanday nafosatli, qay yigitni baxtga chulg‘arkin bu dilbar qiz, degan fikr aylanardi.

— Navbatchilik yaxshi o‘tdimi? — ayasining ovozidan hushiga kelgan qiz uyga yetib kelganini angladi. Xayolidan o‘tganlarini volidai mehriboni bilib oladigandek qizarib ketdi.

— Tobing qochdimi? — xavotirga to‘la ovoz bilan qo‘llarini qizining peshonasiga qo‘ydi.

— Yo‘g‘e, soppa-sog‘man.

Nonushta ham qilmay uy yumushlariga urina ketgan qiz ming xayolda o‘rtanardi. Yigitlar haqida sira o‘ylamasdim. Nima bo‘ldi menga? Bir ko‘rishda-a. E Xudoyim, o‘zing kechir. Men uni unutdim...

Shu bilan qalbi orom topdi. Odatdagi kunlar boshlandi. Lekin hayot deganlari qiziq ekan. Ishxonada bir vaqt «Hamshira Zuhraxon, sizga kelishibdi», deya chorlashganda chiqib lol qoldi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki: xuddi o‘sha yigit! Tim qora ko‘zlar unga termulib turibdi! O‘tkir nigohga tob berolmay ko‘zlarini olib qochdi.

— Kechirasiz. Sizga boshqa bo‘limdagi Zuhraxon kerakdir?

— Yo‘q, yo‘q, aynan o‘zingiz keraksiz, — dedi yigit shoshib.

— Lekin... Men sizni tanimayman, xayr. — Qiz o‘zini darhol ichkari oldi. Yigit bo‘lsa, tanimasangiz, endi tanishamizda, degancha qolaverdi.

Ol-a, juda g‘alati bo‘ldiku, jon deb turibsanku, ta’na qilardi qiz o‘ziga. Bunaqa mantiqsiz noz-firoqqa balo bormidi-ya. Yigit hamon yo‘lakda uni kutib turganini sezsa-da, ish kuni yakunlangach, zinapoyalardan yurmay, liftda tushib qishlog‘iga yo‘l oldi. Chindan ham uni ko‘rmasligi kerak. U judayam ko‘rkam, kelishgan, bunaqalar kuydirgich bo‘ladi deydilar. Bu qilmishidan o‘rtansa-da qalbining qayeridadir umid uchqunlari chaqnab-chaqnab qo‘yardi: keladi!

Taassuflarkim, oradan bir-ikki oy o‘tsa ham yigitdan darak bo‘lavermadi. O‘ziga umidvor ko‘z tikkan yigitlarning birortasini ham unga o‘xshata olmasdi: U boshqacha, butunlay boshqacha! Bu orada Zuhraxondan so‘ramay unashtirib qo‘yishdi.

— Sufondan sovchilar yana kelishdi. Seni unashtirib qo‘ydik, — dedi onaizori. — Yaxshi oila ekan. Mashhur Nishonboy o‘qituvchining o‘g‘liga. U ham do‘xtir ekan.

— Voy, ayajon! — Xitobi vahimali chiqib, o‘zi ham birdan cho‘chib tushdi-da, nima deyishini bilmay, axir bir-birimizni ko‘rmagan, tanimagan bo‘lsak qanday qilib tegib ketaverish mumkin?..

— Iye, seni ko‘ribdi, yoqibsan. Tamom-vassalom — fotihadan qaytmaydilar.

Qizgina ko‘ngligini «jiz» ettirgan yigitga qiyo boqmay qanday xatoga yo‘l qo‘yganini o‘ylab, ezilib yurgan kunlar yana, hamshira Zuhraxon, sizga kelishdi, qaravoring, deyishdi. Bo‘lim eshigini ochdiyu yuragi gupillab ura ketdi. Formasi o‘ziga yarashgan o‘sha xushsurat harbiy yigit! Boqishlari... qanchalar viqorli, samimiy... E voh, endi kech, juda kech.

Eshik yuziga taraqlab yopilishini ichki tuyg‘u ila his etgan yigit — To‘xtang, eshikni yopmang, — dedi shoshib. — Meni eshiting. Men sufonlikman, ismim Qahramon.

Qiz ajablandi. Sufonlik bo‘lsang, menga nima, demoqqa og‘iz juftladiyu fikridan qaytdi.

— Sufonning yarmi bizning qarindoshimiz. Lekin sizni endi ko‘rib turibman.

— Ehtimol, biz ham sizga qarindoshdirmiz. Yaxshilab qarang-chi.

— Sizdaqa qarindoshimiz yo‘q .

Huv o‘shandagiday go‘yoki yigitga mutlaqo befarqdek bo‘limga ravona bo‘ldi. Ammo bu gal qizning rosmana achchig‘i keldi. Dilini yondirgan hayqiriqni tiliga chiqib ketishiga bir bahya qoldi: «Nimaga kech keldingiz? Nimaga? Men sizni kutgandim. Juda kutgandim».

Ishdan chiqib shohbekat tomon yelib borar ekan g‘amboda yuragiga qil sig‘masdi. Shu payt kutilmaganda yonida u paydo bo‘ldi.

— Zuhraxon, iltimos, yana qochib qolmang. Men sizni yaxshi ko‘raman. Sizga uylanaman.

— Afsuski, kechikdingiz. Meni... meni unashtirib qo‘yishdi sufonlik Baxtiyor degan bolaga. Endi meni izlab kelavermang.

Yigitning yuziga tabassum yugurdi: — Baxtiyor emas, Qahramon degan bolaga deng. O‘sha bola men bo‘laman. Axir siz arsiflik Saidrahmon akaning qizi Zuhraxonmisiz?

Qizning ko‘zlari porlab, yuzlari qip-qizarib ketdi. Hayratomuz baxt!

— A?.. Rostdanmi? — Qiz endi quvonchini yashirolmasdi. — Demak, ismingizni menga noto‘g‘ri aytishibdi-da, — deya lolarang yanoqlarini kaftlari bilan yashirgancha o‘zini «Farg‘ona—Arsif» avtobusiga urdi.

To‘y kuni belgilandi.

Uzukka ko‘z qo‘ygandek bir-birlariga yarashib turgan kelin-kuyovdan ko‘z uzolmay qoldilar. Bu olamda baxtu iqbolda ularga teng keladigan juftlik yo‘q edi, go‘yo. Kattalar havaslanib duoga qo‘l ochardilar:

— Tuf, tuf, ko‘z tegmasin! Ko‘rganlaringiz to‘y bo‘lsin, nasibalaringiz mo‘l bo‘lsin. Oy baxtli, oltin taxtli bo‘linglar...

Taqdirda boshqa bitiklar borligini, junun yoshlik farog‘ati atigi besh yil ekanligini ular qaydan ham bilishsin...

Zuhraxon Qahramonni ishga kuzatish onlarini juda yaxshi ko‘rardi. Ana, u formasini olib kiymoqqa chog‘lanib, pagonini o‘pib-o‘pib qo‘ydi. Bo‘lmasam-chi, pagon ham ona Vatan timsoli. Hamma harbiylar ham shundaymikan-a. Har holda uning jufti haloli shunday inson — harbiyligi, Vatan himoyachisi ekanligi bilan cheksiz faxrlanadi. Zuhraxon ham Qahramonjon haqida so‘rab qolishsa, u kishi harbiy shifokor, hozir chegarada xizmatda, deganda dilida iftixor tuyg‘ulari jo‘sh uradi. Olislab ketganda «Qayerda bo‘lsam-da, yodimdasiz, yonimdasiz. Onajonimizni asrang, avaylang», deya she’riy maktublar yozadi. Ular Yangi yil bayramini ayricha xurramlik bilan kutishardi. Harbiy har soniya harbiyda. Besh daqiqa o‘n ikkida oshiqib-toshiqib kirib kelar, «ulgurdim-a, ulgurdim-a. Qanday soz!» deya onajonisining bag‘riga otilar, qizalog‘i Zaynurani erkalab suyardi. Yo‘llariga intizor aziz insonlari borligidan bag‘oyat masrur edi.

Achaniso ona ham shodumon farzandlariga to‘ymay termular, ular uzoq yillar shunday mehru muhabbat og‘ushida yashaydilar deb ishonar, tilidan shukr kalomi tushmasdi. 2000 yilning bahorida Qahramonjon kartoshka ekishga tutingan palla ona ko‘pdan aytolmay yurganlarini bolasiga to‘kib soldi:

— Ertaga yana Toshkentga qaytasanmi?

— Ha, buvajon, xizmatchilik.

— Bolajonim, shu yerda do‘xtirligingni qilib yuraversang ham bo‘larkanu...

— Buvajon, siz qayg‘urmang. Hammasi yaxshi bo‘ladi. Kelasi yil yer olib bog‘ qilamiz. Zaxiraga chiqqach, fermer bo‘lib yoningizda yuraveraman. Bog‘imizga shaftoli, olxo‘ri ekamiz. Shunday bog‘ bo‘lsinki, hamma «O‘h-ho‘, bu Qahramonjonning bog‘i-ku! Bog‘misan bog‘ bo‘libdi-da», deyishsin.

— Baraka top, bolajonim. Murodu maqsadingga yet. Allohning panohida bo‘l. — Onaizorning ko‘zlarida shukronalik, quvonch yoshlari to‘la edi...

— Siz faqat tashvish qilmang, ko‘p o‘zingizni urintirmanga, xo‘pmi, xo‘p deng, buvajon.

...Lekin Qahramonjon o‘zini ehtiyot qilmadi, qilolmadi. Jonini Vatan uchun fido qildi. 2000 yil 4 avgustda Surxondaryoning Sariosiyo tog‘larida xizmat burchini bajarayotganda jangarilar o‘qidan halok bo‘ldi. U o‘zi ekkan «boshini yeb qilgan» kartoshkalarni ko‘rolmadi.

Yodgoroy tug‘ildi. Zaynuraxon otasiga ichika-ichika katta bo‘ldi. U murg‘ak qalbi bilan otasi qaytib kelmasligini sezardi. Ilk marta uni ziyoratga olib borishganda endigina yettiga qadam qo‘ygan go‘dak «Dadajon, siz tinch yoting. Men ularga yaxshi qarayapman» deb kattalarni hayron-hayron qoldirgandi. Yodgoroy bo‘lsa tili chiqishi bilan dadasining suratiga qarab «Dadajon, qachon kelasiz? Men sizni juda sog‘indim. Mening qo‘limdan yetaklab bog‘chaga olib boring», deya dillarni vayron qilardi. U maktabga boradigan kunlar yaqinlashgan sari yuraklar po‘killardi.

— Ayajon, unga o‘zimiz aytaylik, — dedi Zaynuraxon bir kuni. — Birovlardan eshitgandan ko‘ra.

So‘ng Yodgoroyga yotig‘i bilan achchiq haqiqatni aytishdi. Qizaloq bo‘lar-bo‘lmasga ko‘z yoshi qiladigan odat chiqarsa kerak, degan shubhada edilar. Yo‘q, bir-ikki hafta tushkunlikdan chiqolmay yurdiyu o‘zini o‘nglab oldi. Hatto bir kuni «Hamma ham bir kun o‘ladi. Lekin bizning dadamiz Vatan uchun jonini qurbon qildi» desa bo‘ladimi... Ko‘z yoshlarni to‘xtatib bo‘lmadi. Qizaloq ularning ko‘z yosharini artar, Achaniso onaning ko‘z yoshlarini artib, siz yig‘lamang, siz yig‘lasangiz dadam xafa bo‘ladi, o‘zingiz shunday degansiz-ku, derdi. Ha, Achaniso onaning nabira qizaloqlari tengqurlaridan ancha tez ulg‘ayishdi.

Oqila qizaloq har kun maktabga yo‘l olarkan, dadajon, men maktabga ketdim, yaxshi qoling, derdi. Maktabdan kelib yana salom beradi: «Dadajon, men beshta besh baho oldim. Muqaddas opam, otangga rahmat, deb kitoblar, daftarlar berdi...»

Rahmatli Achaniso ona Yodgoroyning ana shu fazilatlarini bir kulib, bir yig‘lab hikoya qilib berardi. Shu suhbatlarga ham mana necha yillar bo‘libdi. Onaizor Zaynuraxonni yaxshi joyga unashtirilgan kuni boqiy dunyoga safar qilibdi. Buvilari va ayalari tarbiyasida Zaynuraxon bilan Yodgoroy hamma havas qiladigan farzandlar bo‘lib fazlu kamolga yetdilar. Men bu oilani yaxshi bilaman. Ko‘p marta yozganman. Meni oila hayotidagi o‘zgarishlar juda quvontiradi. Zaynuraxon Marg‘ilon tibbiyot kasb-hunar kollejida o‘qidi, eng namunali oilaga kelin bo‘lib tushdi. Hozir Salohiddinjon bilan ikki farzandni katta qilishyapti. Yanayam quvonchlisi, u bultur Farg‘ona davlat universiteti biologiya fakultetiga, 2019-yili Yodgoroy Andijon tibbiyot instituti davolash fakultetiga imtihonsiz qaubl qilindi. Zuhraxonning sevinchi ichiga sig‘maydi:

— Prezidentimizga mingdan-ming rahmat. Bizga bo‘layotgan g‘amxo‘rliklarning xaddi-hisobi yo‘q. Ummuxalq bayramlarida, Vatan himoyachilari kunida, Mustaqillik bayramida nafaqat harbiylar, balki juda ko‘p tashkilotlardan qadam ranjida qilib izzat-ikrom ko‘rsatib ketishadi. Ular son-sanoqsiz. Avvalgi yili menga «Matonatli ayol» faxriy unvonini va televizor topshirish marosimida viloyat hokimi «Haqiqiy mukarrama ayol, buyuk onasiz! Siz har qancha bo‘lsin ehtiromlarga munosibsiz. Matonatingizga tasanno!» degan soniyalarda qalbimdan kechganlarini aytib ado etolmayman. Bu so‘zlar, ishoning, menga eng katta mukofot, eng qudratli dalda bo‘ldi. Demak, meni tushunadilar, Qahramon Madolimovni aslo unutmaydilar...

Zuhraxon Dilnuraxon va Sudavisjon nabiralari tug‘ilgandan buyon yoqimli tashvishlar ichida qolgan. O‘g‘il nevarani ko‘rganlar «Bobosining quyub qo‘ygandek o‘zi-ya. Kichkina Qahramon!» deyishganda judolik alami biroz nari ketadi. Aytgancha, Qahramonjonning orzusini Achaniso ona boshchiligida aka-ukalari amalga oshirishdi.

Qahramon tasavvur qilgandek ajoyib bog‘ barpo bo‘lgan. Bu boqqa ham o‘n sakkiz yilcha bo‘lib qoldi. Ana, Qahramonjonning bog‘i. Qanday chiroyli, qanday go‘zal! Siz bahorda keling, chappar urib gullagan daraxtlardan, yozda keling, shirin-shakar mevalardan bahri dilingiz yashnab-yayrab ketadi. El qalbida yashayotgan Qahramondan shunday boltomar bog‘lar qolgan.

...20-yanvar Qahramonjonning tug‘ilgan kuni. U oqlik, poklik ramzi bo‘lgan qorni, qor yog‘ayotgan damlarni juda-juda xush ko‘rardi...

Hafiza Salyahova,
«Xabar»ning Farg‘ona viloyatidagi muxbiri

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring