Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

COP28: Iqlim o‘zgarishi ko‘chib yuruvchi hayvonlarga salbiy ta’sir qilmoqda

COP28: Iqlim o‘zgarishi ko‘chib yuruvchi hayvonlarga salbiy ta’sir qilmoqda

Dubaydagi COP28 — BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi doirasida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda BMTning Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiya hisoboti haqida ma’lumot berildi.

Ma’lumot uchun, ushbu yirik hisobotning taqdimoti 2024 yil 12-17 fevral kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiya (CMS COP14) tomonlar konferensiyasining 14-yig‘ilishida o‘tkaziladi.

Hisobot iqlim o‘zgarishi ko‘plab ko‘chib yuruvchi turlarga bevosita ta’sir qilayotganini aniqlashga xizmat qiladi. O‘zlari yashaydigan ekotizimlarning ajralmas qismi bo‘lgan migratsiya turlari iqlim o‘zgarishi ta’sirini yumshatish va iqlim xavf-xatarlariga chidamliligini oshirish uchun muhim ekotizimlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

«Tabiat hayotimizning asosini tashkil etadi — ekotizimlar, oziq-ovqat, suv xavfsizligi, sog‘lom iqtisodiyot barchamizga bog‘liqdir. Ko‘chib yuruvchi turlarning iqlim o‘zgarishi natijasida duch keladigan muammolari esa atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan global harakatlar zarurligini ko‘rsatadi, shuning uchun Buyuk Britaniya tabiatni tiklash, biologik xilma-xillik yo‘qolishini to‘xtatish va erishish bo‘yicha sa’y-harakatlarda yetakchi rol o‘ynaydi. 2030 yilgacha quruqlik va dengizning 30 foizini himoya qilishni maqsad qilganmiz», – dedi Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining atrof-muhit, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha Davlat kotibi Stiv Barklay.

Tadbirda zaif ko‘chib yuruvchi turlarning o‘zgaruvchan iqlimga moslashishiga yordam berish uchun tezroq harakat qilish zarurligi ta’kidlandi. Qo‘riqlanadigan hududlarning keng qamrovli va o‘zaro bog‘langan tarmoqlarini yaratish hamda hududlarni muhofaza qilishning boshqa samarali choralari iqlim o‘zgarishiga javoban turlarning harakatini qo‘llab-quvvatlash uchun juda muhim hisoblanadi. Shu bilan birga, ba’zi hollarda insonning bevosita aralashuvi, masalan, turlarning zaif populyasiyalarini ko‘chirish kerak bo‘ladi.

«O‘zbekiston ekotizim degradatsiyasi, yashash muhiti va bioxilma-xillikning yo‘qolishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatuvchi iqlim o‘zgarishining salbiy ta’siridan eng ko‘p jabr ko‘rayotgan davlatlardan hisoblanadi. Hukumatimiz mintaqaviy transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlash, biologik xilma-xillikni, ko‘chib yuruvchi turlarni saqlash va himoya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirish, milliy, mintaqaviy va global miqyosda chora ko‘rish tarafdori. 2024 yil 12-17 fevral kunlari Samarqand shahrida «Tabiat chegara bilmaydi» shiori ostida bo‘lib o‘tadigan Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiya (CMS COP14) tomonlar konferensiyasining 14-yig‘ilishida bu boradagi muhim muammolarga e’tibor qaratiladi», – dedi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov.

Ma’lumot uchun, BMTning Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiyasi (CMS) ko‘chib yuruvchi hayvonlar va ularning yashash joylarini saqlash hamda ulardan barqaror foydalanish uchun global platformani taqdim etadi. Ushbu konvensiya hukumatlar va yovvoyi tabiat bo‘yicha mutaxassislarni butun dunyo bo‘ylab quruqlik, suv va qushlar migratsiya turlarini hamda ularning yashash joylarini saqlash ehtiyojlarini qondirish uchun birlashtiradi. Konvensiya 1979 yilda kuchga kirganidan beri uning a’zolari soni barqaror ravishda o‘sib bordi va Afrika, Markaziy va Janubiy Amerika, Osiyo, Yevropa va Okeaniyadan 132 ta ishtirokchini qamrab oldi.

Ta’kidlash joizki, «Iqlim o‘zgarishi va ko‘chib yuruvchi turlar: ta’sirlar, tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha harakatlar, ko‘rsatkichlar va ekotizim xizmatlarini ko‘rib chiqish» hisoboti Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi hukumati tomonidan Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi yordamida taqdim qilinadi. Hisobot iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konvensiya va Britaniyaning ornitologiya tresti (BTO) tomonidan tayyorlangan.

BTO (British Trust for Ornitology) — 1932-yilda tashkil qilingan Buyuk Britaniyaning qushlarni o‘rganish bo‘yicha yetakchi xayriya tashkiloti bo‘lib, qushlar va tabiatning kelajagini ta’minlashga xizmat qiladi. U o‘zining ilm-fan, monitoring va ma’lumotlaridan atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risida to‘g‘ri qarorlar qabul qilish uchun foydalanadi, boshqalarni qushlarning mo‘jizasi bilan ilhomlantiradi va ularga tashkilot bilan ishlash imkoniyatini beradi. Oshib borayotgan a’zolar va 60 000 ga yaqin ko‘ngilli qush kuzatuvchilari BTO so‘rovlariga hissa qo‘shib, Buyuk Britaniyadagi tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha harakatlarni asoslovchi ma’lumotlarni to‘playdilar. BTO xodimlari so‘rovlar va loyihalar natijalarini tahlil qiladi hamda e’lon qiladi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring