Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Chustda aholi sog‘lig‘i uchun o‘ta xavfli holat aniqlandi. Hokim o‘rinbosari javob berishdan bosh tortdi

Chustda aholi sog‘lig‘i uchun o‘ta xavfli holat aniqlandi. Hokim o‘rinbosari javob berishdan bosh tortdi

Foto: O‘zA

«Jurnalistlar o‘ta dolzarb muammoni aniqladilar, ammo mutasaddilar pinagini ham buzmadi. Buni Chust tumani hokimining kapital qurilish, kommunikatsiya va obodonlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ulug‘bek Hamroxo‘jayevning jurnalistlarga qarata: «Avvalo, respublika ishchi guruhining hurmati uchun kelib turibman. Ammo jurnalistlarga intervyu berishni istamayman, ana boshqalardan olaveringlar», degan iddaosi ham isbotlab turibdi», — deb yozmoqda O‘zA.

Gap shundaki, Namangan viloyatining Pop tumanidagi «Yangiobod», «Yuqori qishloq», «Yangi to‘da», «Eski to‘da» aholi punkti fuqarolari ichimlik suvi tanqisligidan To‘dasoy soyiga oqizilayotgan chiqindi suvidan iste’mol qilishga majbur bo‘lyapti. Masalaning dolzarbligi esa Chust tumani sil kasalliklari dispanserining oqova suvlari garchi xlorlanayotgan bo‘lsa-da, kanalizatsiya tizimi orqali shu soy suviga quyib yuborilayotganida.

Foto: O‘zA

«Hududimizda toza ichimlik suvi tarmog‘i yo‘qligi bois aholi soy suvidan iste’mol qiladi. Soyga qo‘shni tumanning barcha yirik tashkilotlari va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’yektlarining kanalizatsiya suvi oqizilayotgani sababli suvning ta’mi sho‘r va iste’molga umuman yaroqsiz. Chiqindixonaga aylangan soydan anqiydigan badbo‘y hid bahordan to qishga qadar uzoq-uzoqlarga qadar yetib bormoqda. Chustning chiqindisi Popni bulg‘amoqda. Bu holatga qachongacha chidash mumkin?! Bormagan joyimiz qolmadi. Hech qanday natija yo‘q. Yagona umidimiz Popni o‘rganayotgan respublika ishchi guruhidan», deydi «Yangi to‘da» mahallasida yashovchi pensioner Mahammadjon Hasanaliyev.

Jurnalistlar ushbu muammoning kelib chiqish sabablarini o‘rganishdi. Aniqlanishicha, chiqindi suvlarini biologik tozalash inshooti Chust tumanidagi Duoba qishlog‘ida joylashgan «Oqovasuv» ko‘p tarmoqli xususiy korxonasiga tegishli.

Korxona rahbari Murodjon Yo‘ldashevning aytishicha, bino 1984-yilda qurilgan va 2000-yilga qadar «Barion» korxonasi qoshida bo‘lgan. Umumiy yer maydoni 0,9 gektar va quvvati sutkasiga 400 metr kubga teng.

— Nufuzli korxona bankrot bo‘lgach, 2000-yil 30-dekabrda «Oqovasuv» ko‘p tarmoqli xususiy korxonasi sifatida tashkil etildi, – deydi M.Yo‘ldoshev. – Mana 18 yildan buyon ishlab kelayapmiz. 1 oyda 3–3,5 million so‘mlik xizmatlar bajaramiz. Ammo ko‘plab budjet tashkilotlari bizga mablag‘ o‘tkazib bermaydi. Bu yerdagi harbiy qism yaxshi mijozimiz edi. Ammo 2015-yilda Harbiy prokuratura tergov qilib, qism ortiqcha budjet mablag‘laridan 17,5 million so‘m to‘lab yuborganini aniqlagan va buni zimmamizga yuklagan edi. Hozir 80 million so‘m qarzimiz bor. 55 million so‘mi ish haqidan, 13 million so‘mi elektr energiyasidan, 12 million so‘mi esa soliqdan shakllangan. Bir vaqtlar bu yerda 22 tagacha odam ishlardi, endilikda esa 5 kishi amal-taqal qilib kun o‘tkazmoqda. Bizni bu inshoatni na ta’mirlashga, na biror o‘zgarish qilishga qurbimiz yetmaydi. Yechim uchun eng to‘g‘ri yo‘l – uni viloyat «Suvoqova» korxonasi tarkibiga o‘tkazish. To‘g‘ri, meni davlat sanitariya xizmati bir necha marotaba ogohlantirdi. Ammo iqtisodiy imkoniyatim bo‘lmasa, nima qilishim kerak. Axir muammo xususiy emas, hudud ahamiyatiga molik. Bir necha marotaba qilgan murojaatlarimga hech bir mas’ul e’tibor qaratayotgani yo‘q.

Foto: O‘zA

Inshoot hozirda kapital ta’mirga muhtoj bo‘lib, bir necha yillardan buyon ta’mirlash ishlari o‘tkazilmagan. Quvurlar eskirib chirib ketgan. Hozirgi kunda chiqindi suvlar birlamchi hovuzlarda tindirilmayapti. Xlor bilan to‘liq zararsizlantirilmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hududdan oqib o‘tgan ochiq suv havzasiga tashlab yuborilmoqda. Aslida bu umuman mumkin emas. Tozalangan chiqindi suvlari quvur orqali sug‘orish maydonlariga tashlanishi lozim. Bu maqsad uchun qurilgan 1 km. uzunlikdagi quvurlar chirib-yorilib qo‘rqinchli holatga kelib qolgan. Suv tortish nasoslari umuman yo‘q bo‘lib ketgan.

— Biz bu yerda doimiy monitoring o‘tkazib turamiz, — deydi Chust tumani Davlat sanitariya epidemiologiya nazorati markazi bosh vrachi Zayniddin Anorqulov. – Inshootga sutkasiga taxminan 1000-1500 metr kub suv tushayotganini aniqlaganmiz. Bu belgilangan me’yoridan 4–4,5 barobar ko‘p bo‘lib, chiqindi suvlarini to‘liq biologik tozalash ishlari o‘tkazilmayapti. Boz ustiga inshoatda xlor zaxirasi yo‘q. Oqibatda ochiq suv havzasiga quyib yuborilayotgan chiqindilar taxminan 4–5 km. masofa hududdan oqib o‘tib, Katta Farg‘ona kanali va Sirdaryo suv havzalarini ifloslantirmoqda. Aholi o‘rtasida yuqumli va parazitar kasalliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘lyapti. Markazimiz laboratoriyasida tekshiruvlar o‘tkazilganda suv tarkibidan yuqumli ichak kasalliklarini keltirib chiqiruvchi mikroblar borligi aniqlangandi. Eng yomoni, Chust tumani sil kasalliklari dispanseri oqova suvi ham garchi xlorlanayotgan bo‘lsa-da, shu kanalizatsiya tizimiga qo‘yilmoqda va oxir-oqibat u soy suviga quyib yuborilmoqda. Biz bu haqda tuman prokuraturasi va hokimligini, yuqori turuvchi tashkilotimizni muntazam xabardor qilib, qat’iy nazoratga olish va amaliy ishlar ko‘rish bo‘yicha xatlar kiritganmiz. Natija esa hamon yo‘q.

Foto: O‘zA

O‘zi shu soy suvidan ichib ko‘rmagan hokim o‘rinbosari, janob Ulug‘bek Hamroxo‘jayev dastlab jurnalistlarga ko‘rsatgan «hurmati»dan keyin masala mohiyatini tushunganday bo‘lib, biror tayinli ish qilgan-qilmagani yoki taklifi haqida so‘zlab berdi:

— Tumandan sutkasiga 1500-2000 kub metr chiqindi suvlari chiqayapti. Hammasi shu yerga kelib to‘planadi. Viloyat «Suvoqova» tashkiloti mazkur ob’yektni o‘z tarkibiga olishi uchun xususiy korxonaning mavjud qarzdorligidan chiqarish zarur bo‘lyapti. Ushbu muammoni hal qilish yuzasidan 5 milliard 746 million so‘mlik taxminiy loyiha qilganmiz (loyiha Namangan viloyati Pop tumanidagi mahallalarda va oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashish bo‘yicha tashkil etilgan Respublika ishchi guruhining ogohlantirishidan keyin zudlik bilan bajarilgan – tahririyat). Buncha qimmat loyihani o‘z imkoniyatimiz bilan qila olmaymiz. Vaholanki, sal teparoqda 1978-yilda qurilishi chala qolib ketgan bino turibdi. Yaponiyaning «Jayka» tashkiloti vakillari bu binolarni kelib, ko‘rib ketishdi. Agar mablag‘ ajratishsa, oqova suvlarning tozalash tizimini o‘sha joyda qurganimiz maqsadga muvofiq. Unda kuniga 10 ming kub metr chiqindini tozalash imkoniyati paydo bo‘ladi.

Ko‘rinib turibdiki, mahalliy ma’muriyat mablag‘ yetishmasligini ro‘kach qilmoqda va shu vaqtgacha amaliy ishku mayli, ammo jo‘yali bir taklif bildirgani haqida so‘zlab bera olmaydi. 5,7 milliard loyihani kompyuterda tayyorlab berish oson, ammo bu ob’yekt atrofida yashayotgan odamlarning og‘irini yengil qilish uchun nima ish bajarishni poytaxtdan keladigan ishchi guruhi ko‘rsatib berishi kerakmi? Nahotki, bu global muammoga sektor rahbarlari panja ortidan qarab kelmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring