Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Chiroqchining yutuqlari nimada? Muammosichi?

Chiroqchining yutuqlari nimada? Muammosichi?

Chiroqchining yutuqlari anchagina — kichik biznes sub’yektlarining soni 2 mingdan oshiq bo‘lsa, shuning deyarli yarmi oxirgi uch yilda tashkil etilgan. Yakka tartibdagi tadbirkorlar soni ham deyarli shuncha. Eng muhimi — pandemiyaga qaramasdan 362 ta yangi biznes sub’yektlari tashkil etildi.

Bularning barchasi tumanda soliq tushumlari oshishiga olib keladi. Demakki, ijtimoiy loyihalarga sarflanayotgan pul miqdori ham ko‘payadi, «Temir daftar»dagilarga ko‘rsatilayotgan yordam salmog‘i oshadi.

Ammo shu bilan birga muammoli jihatlar ham topiladi. Keling, bu haqda ham gaplashaylik. Aytaylik, o‘tgan yili ochilgan tadbirkorlik sub’yektlarining 33 foizi, yoki uchtadan bittasi faoliyat yuritmay turibdi. Qolaversa, borida ham ish bilan ta’minlash ko‘rsatkichi yaxshi emas — hisobotga ko‘ra bitta sub’yektda o‘rtacha 1,1 kishi ishli bo‘lgan. Joriy yilda auksionga chiqarilishi lozim bo‘lgan 308 ta bo‘sh yer uchastkasidan faqat 121 tasi sotuvga qo‘yilgani esa alohida masala.

Azboroyi o‘quvchini zeriktirib qo‘ymaslik uchun raqamlarga berilib ketmaslikka harakat qilyapmizu, lekin iloji bo‘lmayapti. Xo‘sh, savollarimizga mutasaddi idoralar qanday javob berdi.

Tuman soliq idorasi rahbari Baxtiyor Usmonov tomonidan ta’kidlanishicha, o‘tgan yili ochilgan va faoliyati to‘xtab turgan tadbirkorlik sub’yektlarini ishga tushirib yuborish uchun bir qator ishlar olib borilmoqda. Standart javob. Ammo muloqot davomida yana bir qiziq fakt ochildiki, bunisini alohida keltirmasak bo‘lmaydi.

— Tadbirkorlarning muammolarini o‘rganib, ularga imkon qadar yordam ko‘rsatib, ishga tushirib yuborishga intilyapmiz va qisman buning uddasidan ham chiqyapmiz. Ammo ba’zi sub’yektlar borki, ularni qayta tiklash deyarli imkonsiz. Chunki qo‘shtirnoq ichidagi ba’zi «tadbirkor»lar ish boshlashdan ham ko‘ra kredit olishga ko‘proq qiziqadi. O‘z mablag‘ini tikishga yoki yangi hamkor jalb etishga unchalik ham rag‘bat yo‘q. To‘g‘ri, kredit olishning yomon tomoni yo‘q, agar u maqsadli bo‘lsa. Ammo bu o‘rinda ikkita muammo kelib chiqmoqda:

Birinchidan, o‘tgan yili tadbirkorlar uchun yillik 18 foizlik kreditlar bor edi. Hozirda ushbu kredit liniyalari yopilgan va tadbirkor 25 foizlik kreditni olishni istamayapti.

Ikkinchidan esa, hatto o‘sha kreditni olishni xohlagan taqdirda ham, garovga qo‘yish uchun yetarli mol-mulki yo‘q.

Tan olish lozim, hamma ham uddaburon emas. Ba’zilar borki, kredit olish uchungina biznes sub’yekti ochgan va keyin hatto hisob-raqam ochmasdan ishini to‘xtatib qo‘ygan. Mana shunday umidsiz korxonalarni yopish uchun ish olib bormoqdamiz, — deydi Baxtiyor Usmonov.

Og‘riqli masala. Buni tan olmasdan o‘zga iloj yo‘q. Shu bilan birga, yangi sub’yektlarni ochish oldidan raqamlar ketidan quvmasdan, ularning biznes rejasi bilan yaqinroq tanishgan ma’qul emasmikan?

Endi ikkinchi masalaga o‘tsak. Unisi ham avvalgisidan kam og‘riqli emas — nima uchun 299 ta tadbirkorlik sub’yekti bor-yo‘g‘i 317 ta (o‘rtacha 1,1 ta) ish o‘rni yaratgan?

Bu bo‘yicha ham soliq idorasi rahbari Baxtiyor Usmonovning javobini eshitsak.

— Aslida har bir sub’yektda hech bo‘lmaganda ikkita ish o‘rni bo‘lishi lozim — rahbar va hisobchi, — deydi mutasaddi. — Ammo karantin vaqtida aksariyat tadbirkorlar faoliyati to‘xtab qoldi. Natijada bizga iltimoslar bo‘ldiki, vaqtincha bitta ish o‘rnini ko‘rsatib turish bo‘yicha. Pul aylanmasi bo‘lmagan sub’yektlarning iltimosini inobatga olishga majbur bo‘ldik.

Shunaqa. Ish bo‘lmasa, soliq ham bo‘lmaydi va buni tushundik, deylik. Ammo «soyadagi iqtisod» degan narsalar ham borki, bu yog‘ini unutmaslik darkor. Afsuski, tadbirkorlar orasida ishchilar sonini ataylab kamaytirib ko‘rsatish va soliq to‘lashdan qochish holatlari uchrab turadi.

— E’tirozingiz o‘rinli va shunday holatlar kam bo‘lsa ham uchrab turibdi, — deydi soliq idorasi rahbari. — Bu bo‘yicha ham ish olib bormoqdamiz. Biroq idoramiz tadbirkorlar faoliyatiga ko‘p ham aralashishga haqli emasmiz. Faqatgina ular bilan uchrashib, suhbatlashib, tushuntirish ishlari olib borishimiz mumkin. Shu orqali ish o‘rinlarini to‘g‘ri ko‘rsatishlariga harakat qilmoqdamiz.

Tadbirkorlar pandemiya vaqtida xalq va davlatga ulkan qanot bo‘ldi. «Sahovat va ko‘mak» doirasida qanchadan qancha yordamlar ko‘rsatildi, «Temir daftar»ga kiritilgan oilalar yo‘qchilikdan olib chiqildi. Buning uchun har qancha rahmat aytsa arziydi.

Chiroqchilik tadbirkorlar ham shundaylar sirasiga kiradi. Umid borki, tumanda mana shunday xayrli ishlar davom etadi. Bor muammolar esa, tez kunlarda bartaraf qilinadi. Zero, halollik bor joyda albatta baraka ham bordir.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring