Chiqqan chiqindi uydan narimi?

Shahrimiz go‘zalligi haqida har qancha gapirsak oz. Ammo mana shu go‘zallikka putur yetkazilayotgan bir jihat bor. Olti oy bo‘ldiki, shahrimiz mahallalarida chiqindilardan kichik tog‘lar bunyod bo‘layotir. Achinarlisi, bu xunuk manzaraga ko‘nikib, loqayd bo‘lib qolganimiz. «Boshqa ishim yo‘qmi shu muammo bilan shug‘ullangani, kimga kerak bo‘lsa o‘sha qayg‘uraversin, menga nima?» kayfiyatiga tushib qolganga o‘xshaymiz. Axir, bu chiqindilarni tashlab ketayotgan kimlar? Qo‘shnilar, bolalar, yon-atrofimizdagi savdo do‘konlari, maishiy xizmatlar bilan shug‘ullanuvchilar... Bu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin.
Agar siz yashayotgan ko‘p qavatli uyning shundoqqina yonginasiga chiqindi tashlab ketishsa, dilingiz xufton bo‘larmidi? Albatta. Buni o‘zingizga nisbatan hurmatsizlik, hattoki haqorat deb qabul qilasiz. Afsuski, ular ma’naviy qadriyatlarimizni, milliy an’analarimizni oyoq osti qilayotganliklariga fahmu farosatlari yetmaydi. Aks holda, «sening uying oldida chiqindi turaversa bo‘laveradi» qabilida ish tutishmasdi. O‘zini hurmat qilgan odam uyidan chiqqan chiqindini duch kelgan joyga irg‘itib ketmasdi. Xo‘sh, bunga qanday barham berish mumkin?
Biz, 30-Alisher Navoiy mahallasi raisi Muruvvatxon Haydarova bilan suhbatlashdik.
— Mahalla tinchligi, obodligi uchun yugurib-yelib, mijja qoqmay chiqqanlarimga sira og‘rinmayman, bu – mening vazifam, lekin, tan olib aytay, chiqindi muammosi boshog‘riq bo‘ldi, – deydi suhbatdoshim kuyunib. — Axir chiqindi tashlab qocharlarni o‘sha onda ushlab bo‘lmasa, qanday ham chora ko‘ra olasiz. Ikki faol ayolimiz 5-6ta ko‘p qavatli uyning yonida erta tongdan oqshomgacha «qorovul»lik qilib, birorta qoidabuzarni qo‘lga tushirolmadi. Chiqindi uyumlari tun qorong‘usida, tushlik paytida paydo bo‘lib qoladi. Nahot bunday odamlar shahar tozaligi uchun jon kuydirayotgan yuzlab zahmatkashlarning mehnatlarini o‘ylashmasa! Menimcha, mahallamizga kiradigan 11ta yo‘lni to‘rttaga kamaytirish, «Toza hudud» MChJ tomonidan hududimizning o‘ntacha joyiga konteynerlar o‘rnatish bilan muammonni hiyla yengillatamiz.
— Ilgari chiqindini duch kelgan joyga tashlab ketishganini eslay olmayman, — qo‘shimcha qiladi mahalla faoli Abduvohid ota Erkaboyev. — Qish mavsumida shahar chetidan kelib ijaraga turuvchilar ko‘payib ketadi. Ular qonun-qoidalarimizni bilishmaydi, chog‘imda. Chiqindilarni qayerga tashlash lozimligini surishtirib ham o‘tirishmaydi. Asosiy sabab mana shunda.
— Bizning mahallamizda ham ilgari bunaqa ko‘ngilxiraliklar bo‘lganini eslay olmayman, — deydi «Gulzor» mahallasida istiqomat qiluvchi faxriy Fotima opa Otajonova. — Bir misol. Viloyat bolalar shifoxonasi yonginamizda joylashgan. Bu yerga boshqa joydan ham odamlar kelishadi. Azonda hamma joy supirib ketilsa-da kechga tomon ariqlar, daraxtlar taglari yegulik yelim xaltalari bilan to‘lib-toshadi. Umuman, butun mahallada shu ahvol. Vaqtinchalik chiqindixona esa maktab orqasida, ovloqroq joyda. Yo‘li qorong‘u bo‘lgani uchun borishga qo‘rqishar, ehtimol. Ammo ayrimlar kuppa-kunduzi ham aslo ikkilanmasdan chiqindi to‘la xaltani duch kelgan joyga tashlab ketadilar. Ularga «Hoy, nima qilyapsiz? Bu huquqbuzarlik-ku! Jarimasini to‘lang!» deydigan odam yo‘q.
Darhaqiqat, vaziyatni tomosha qilib, dosh berish mushkul. Axir bu qachongacha davom etadi? Muammoni o‘rganish jarayonida juda ko‘plab tashkilotlar rahbarlari va mutaxassislarning bu masaladagi takliflari bilan qiziqdik. Ulardan biri 30 yildan buyon «Ekologik toza Farg‘ona uchun» assotsiatsiyasini boshqarib kelayotgan Ibrohim Domullajonovning mulohazalariga quloq tuting: «Men uzoq yillik tajribamdan shunday qarorga kelganman – shahar ozodaligiga erishish juda-juda qiyin masala. Ekologik ong, ekologik madaniyatni yuksaltirish uchun hali qattiq ter to‘kishimiz kerak. Biz shahardagi «Parvoz» va «Shodlik» maktablarida va Farg‘ona tumanidagi Yanbaraq va Oqbilol mahallalarida targ‘ibot ishlarini olib boramiz. Maktab o‘quvchilarining yozgi sog‘lomlashtirish mavsumida faoliyatimiz qiziydi. Oromgohlardagi ekotadbirlarimiz samaralaridan mamnunmiz. Bolalar tadbirlarda faol ishtirok etadilar. Kichik-kichik ta’sirchan misollar, videolavhalar, viktorinalar, ko‘rgazmalarning o‘zi ularda katta taassurot qoldiradi. Barcha maktablarda biologiya, geografiya, milliy g‘oya, tabiatshunoslik kabi fanlar o‘qituvchilariga ishni xuddi shunday tashkil etishlarini maslahat bergan bo‘lardim. Gapning lo‘ndasi – ekologik tozalik, musaffolik uchun eng yaqin hamkorlarimiz maktab o‘quvchilari! Ulardan mening umidim katta. Biz ularga zarur darajada ekologik bilimlarni bera olsak bas, ular esa, o‘z navbatida, ota-onalariga ta’sir o‘tkazishi, erish tuyulsa ham aytay: ekologik jihatdan tarbiyalashi mumkin. Shu usul, mening nazarimda, yuz karra osonroq kechadi».
Oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchi-olimlari hamda maktablar pedagoglari ham shunga yaqin fikrlarni bildirishdi. Ekologiya fanini kiritish kerakmi-yo‘qmi, u necha soat bo‘ladi, qanday dastur ishlab chiqiladi, buni vaqt ko‘rsatadi. Ayni kunda eng muhimi bu ekologik tarbiya to‘garaklari ishini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiqdir. Qolaversa, ekologik ongni shakllantirishni bolalar bog‘chasidan boshlagan ma’qul. To‘g‘ri, bu borada ba’zi ishlar amalga oshirilyapti. Biroq metodlar shunchalar eskirganki, bugunning talablariga javob bermaydi.
Chindan ham bu borada o‘quvchilardan madad kutsa bo‘ladi. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi rus tili fani metodisti Barno Tursunaliyevaning xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan 2-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Aziza Mirzayeva bilan «Shu ulug‘ Vatanning farzandlarimiz!», «Farg‘ona – bizning uyimiz! Uni toza saqlaymiz!» shiori ostida «Toza shahar» loyihasini tuzgani g‘oyat ibratli. Mualliflar o‘quvchilar bilan birga shahar ko‘chalarini, istirohat bog‘larini kuzatganlar, hamshaharlarning tozalik, orastalikni saqlash bo‘yicha taklif va mulohazalarini yiqqanlar. Ular turli qadoqlangan yeguliklar va shirinliklarning o‘ramlarini ariqlarga, daraxtlar tagiga tashlab ketilayotganidan g‘oyatda taassufda ekanliklarini bildirib, hatto chiqindi tashlanadigan idish chizmalarini tayyorlashgan. Bundan tashqari, loyihada ekologiya muammolari bo‘yicha ma’rifiy-oqartuv tadbirlari, flesh-boblar tashkil etish, insholar va rasmlar tanlovlari, viktorinalar o‘tkazib, g‘oliblarini rag‘batlantirishni ham ko‘zda tutganlar. Yana loyihada ta’kidlanadiki: «Har bir insonning madaniyati o‘z vujudini, o‘z uyini, o‘z mahallasini – o‘z Vatanini toza saqlashidan boshlanadi. Har qanday davlat shaharlarning tashqi ko‘rinishiga, ozodaligiga katta e’tibor qaratadi. Rivojlangan mamlakatlarda duch kelgan joyga chiqindi tashlab ketaverish butun xalqqa, odamlarga nisbatan tahqirlash, deb qabul qilinadi. Va ayni vaqtda ular qaysidir nobakor qoldirib ketgan chiqindini olib qutiga tashlashni o‘zlariga or deb sanamaydilar. Keling, biz ham o‘zimizda shunday xislatlarni kamolga yetkazaylik!...»
Maktablarning pedagog jamoalari, o‘quvchilar Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 2 oktyabrdagi «Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosiga kirishib, mutasaddilarga namuna bo‘lsalar. Qarorning ayrim o‘rinlariga diqqat qilsangiz hammasi ayon bo‘ladi. Masalan, har bir ko‘p qavatli uy podezdiga kirish yo‘liga bittadan, tashkilotlar, savdo ob’yektlari binolariga kirish yo‘liga bir, ikkitadan, chekish uchun ajratilgan maxsus joylarga bir, ikkitadan, bozorlar, bulvarlar, madaniyat va istirohat bog‘lari, xiyobonlarga, korxonalar, avtoturargohlar va hokazo joylarga ham maydonlari katta-kichikligiga mos ravishda qutilar o‘rnatiladi. Mazkur qarordan anglaysizki, yurtimizda ham eng rivojlangan malakatlardagi tartib o‘zi-o‘zidan yuzaga keladi. Hademay shunday qadriyat shakllanadiki, ko‘cha-ko‘ylarda belgilanmagan joylarda chiqindi tashlashdan, chekishdan uyaladigan, hayo qiladigan bo‘ladilar.
Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 10 oktyabrdagi 495-qonuni bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tuzatishlar kiritildi. Ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar uchun 2019 yil 12 yanvardan boshlab jarimalar oshirildi. Yangi sanksiyalar joriy etildi. Shaharlar va boshqa aholi maskanlarini obodonlashtirish qoidalarini buzish (yuqorida nomi tilga olingan Kodeksning 161-moddasi), shuningdek, tozalik va sanitariya tartibini ta’minlash qoidalariga rioya qilmaslik respublikada o‘rnatilgan eng kam ish haqining 2 baravaridan 3 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 3 baravaridan 5 baravarigacha jarima belgilab qo‘yildi.
Yurakdan shunday nido keladi: Nega bu qaror ijrosi bilan hech kim, hech qaysi tashkilot, korxona shug‘ullanmayapti? Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, yangi tashkil etilgan bo‘limlar va bo‘linmalar, «Toza hudud» DUK, 10ta sanitar-servis markazi, mahallalar va shirkatlarning rahbarlari, profilaktika inspektorlari... ular shunchalar ko‘pki, sanasangiz barmog‘ingiz yetmaydi, biroq hamkorlikdan, amaliy ishdan hech darak yo‘q. Xuddiki bu uchinchi-to‘rtinchi masaladek. Ba’zi muttasaddilarimiz hatto qaror haqida tushunchaga ham ega emasliklariga nima deysiz? Dodingizni kimga aytasiz agar ular huqubuzarga jarima summasi o‘zgarganidan ham bexabar bo‘lsalar!? Qachon mahallalarning mas’ul komissiyalari ekologik madaniyat masalasida ish olib boradilar? Va nihoyat, qachon huquqbuzarlarga jarima qo‘llanila boshlanadi?
Xulosa: orzulaymizki, ekologik madaniyatli yosh avlod sa’y-harakatlari bilan bu muammo tez orada barham topadi.
Hafiza Salyahova,
«Xabar»ning Farg‘ona viloyatidagi muxbiri
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter