Chiqindilarni saralab yig‘ish tizimi joriy etiladi
«Toshkent shahrida maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori (PQ–4925-son, 15.12.2020-y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali ma’lum qildi.
Qarorga ko‘ra, Davlat ekologiya qo‘mitasi tizimidagi «Maxsustrans» davlat unitar korxonasi va «Chiqindilarni qayta yuklash va utilizatsiya qilish» davlat korxonasi Toshkent shahar hokimligi tizimiga o‘tkaziladi.
«Maxsustrans» davlat unitar korxonasi ishtirokida chiqindilar bilan bog‘liq ishlar davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladi.
2021-yil 1-martdan qattiq maishiy chiqindilarni saralab yig‘ish tizimi quyidagi tartibda bosqichma-bosqich joriy etiladi:
- 1-bosqichda (2021-yilda) – Toshkent shahar hokimligi tomonidan belgilanadigan mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida chiqindilarni «qayta ishlanadigan» va «qayta ishlanmaydigan» toifalarga ajratgan holda yig‘ish;
- 2-bosqichda (2022-yilda) – «Maxsustrans» davlat unitar korxonasi tomonidan xizmat ko‘rsatiladigan barcha hududlardagi yakka tartibdagi turar-joy sektorida qattiq maishiy chiqindilarni «qayta ishlanadigan» va «qayta ishlanmaydigan» toifalarga ajratgan holda yig‘ish;
- 3-bosqichda (2023-yildan boshlab) – barcha tumanlarda chiqindilarni «qayta ishlanadigan», «qayta ishlanmaydigan», «organik», «xavfli maishiy chiqindilar» va boshqa toifalarga ajratgan holda yig‘ish.
1-bosqichda iste’molchilar rangli chiqindi konteynerlari va (yoki) qayta ishlanadigan paketlar bilan bepul ta’minlanadi.
Chiqindilarni olib chiqib ketish tariflari iste’molchilar tomonidan chiqindilar saralab yig‘ilganligini inobatga olib pasaytirilgan holda belgilanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter