Bundan buyon O‘zbekistonda biror-bir ayol e’tibordan chetda qolmaydi — Prezident yangi qaror imzoladi

Arxiv.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tabrik yo‘lladi. Davlat rahbari o‘z nutqida ayollarni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi qaror imzolaganini bildirdi. Bu haqda «Xabar.uz» muxbiri xabar bermoqda.
«Joriy yilda ham xayrli ishlar davom ettiriladi va bu borada kuni-kecha yangi Qarorni imzoladim.
Unga ko‘ra, jamiyatda ayollarimizga bo‘lgan e’tiborni eng quyi bo‘g‘ingacha, mahallagacha tushirib, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashning yaxlit tizimi yaratilmoqda.
Bundan buyon, O‘zbekistonda biror-bir ayol, davlat va jamiyatning e’tiboridan chetda qolmaydi.
Shuningdek, joriy yilda turmush sharoiti og‘ir bo‘lgan ayollar hamda yolg‘iz onasi qaramog‘ida o‘sgan qizlarni uy-joy bilan ta’minlash maqsadida budjetdan 200 milliard so‘mdan oshiq mablag‘ ajratiladi.
Boshpanasi bo‘lmagan ayollarni ijara asosida «ijtimoiy uy-joylar» bilan ta’minlash uchun yana 211 milliard so‘m yo‘naltiramiz.
Bundan tashqari, boquvchisini yo‘qotgan hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj xotin-qizlarga moddiy yordam berish va malakali tibbiy yordamga muhtoj ayollarni davolashga qo‘shimcha 110 milliard so‘m beriladi», — dedi Prezident.
Shu bilan birga Shavkat Mirziyoyev tomonidan ta’kidlanishicha ayollar bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga o‘qitish va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun budjetdan qo‘shimcha 600 milliard so‘m ajratiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter