Bugun Qodiriy tug‘ilgan kun. Uning qabri hamon topilmagan
Bugun o‘zbek adabiyotining yirik namoyandalaridan biri Abdulla Qodiriy (Julqunboy) tug‘ilgan kun. U 1894 yil 10 aprelda Toshkent shahrida tavallud topdi.
«Har holda bemavridroq bo‘lsa kerak, kambag‘al, bog‘bonlik bilan kun kechirguchi bir oilada ... tug‘ilg‘onman», deydi u o‘z tarjimai holida.
«Yoshim to‘qqiz-o‘nlarga borg‘ondan so‘ng meni maktabga yubordilar. Maktabda ikki-uch yil chamasi eski usulda o‘qib, keyin vaqtlarda oilamizning nihoyatda qashshoq kun kechirgani vajhidan o‘n ikki yoshimda meni bir boyga xizmatchilikka berdilar. Xo‘jayinim o‘zi savdogar kishi bo‘lub, o‘rischa yozuv-chizuv bilaturg‘on odamga muhtoj edi. Shu ta’ma bo‘lsa kerak, meni o‘ris maktabga yubordi... 1912 yilda manfaktur bila savdo qiluvchi bir kishiga yiliga 50 so‘m barobariga prikazchik bo‘lub kirdim...
Shu miyonalardan bozor vositasi bilan tatarlardan chiqadirg‘on gazetalarni o‘qib, dunyoda gazeta degan gap borlig‘iga imon keltirdim. 1913 yilda o‘zbekcha «Sadoi Turkiston», «Samarqand», «Oina» gazetalari chiqa boshlag‘och, menda shularga gap yozib yurish fikri uyg‘ondi. 1913 yilda chiqqan «Padarkush» ta’sirida «Baxtsiz kuyov» degan teatr kitobini yozib yuborg‘animni o‘zim ham payqamay qoldim (1915 yilda). Yana shu yilda teatrlarda chiqib turg‘on hikoya va ro‘monlarga taqlidan «Juvonboz» otliq hikoyachani yozib noshir topilmag‘onidan, o‘zim nashr qilib yubordim. Nikolay taxtdan yiqilg‘ondan keyin oddiy xalq militsiyasiga ko‘ngilli bo‘lib yozildim...
1918 yil boshlarida eski shahar oziq komiteti boylar qo‘lidan olinib, komitetning raislig‘iga o‘rtoq Sultonxo‘ja Qosimxo‘jayev tayin qiling‘on edi va men mazkur komitetning o‘zbekcha sarkotibligiga kirdim. 1919 yilning avvallarida oziq komitetining ismidan chiqarilmoqchi bo‘lg‘on «Oziq ishlari» gazetasiga muharrir bo‘lib tayinlandim...
Shu kungacha Sho‘ro idoralarida qilg‘on xizmatlarimni birma-bir sanab o‘ltirishim uzoqqa cho‘ziladurg‘on bo‘lg‘onlikdin mundan keyin muassasa ismlarinigina atash bilan kifoyalanaman: «Ro‘sto» devoriy gazetasiga muxbir bo‘lib, «Ishtirokiyun» va «Qizil bayroq» gazetalarida sotrudnik... «Mushtum» jurnalining muannisi va tahririyat a’zosi bo‘lib, to 1924 yilgacha mehnatkashlar manfaatiga xolis ishlab keldim. Shu o‘tgan yetti yil orasida Sho‘rolar hukumati va firqadan bir og‘iz tanbeh olmadim. Xulosa — boshqalarning xizmati daftar bilan sobit bo‘lsa, menim xizmatlarim matbuot bilan ravshandir... Ishchi-dehqonlar yozg‘on asarlarimni suyunib o‘qiydilar va meni yozuvchilar qatoriga kirgazdilar va meni hamon o‘qirlar va unutmaslar...».
Bo‘lg‘usi adibning ilk ijodi 1913—1914 yillarda boshlangan bo‘lib, dastlab u shoir sifatida qalam tebratdi. Uning «Ahvolimiz», «Millatimga», «To‘y» (1914-1915) kabi she’rlari «Oina» jurnalida bosilib chiqqan edi. U o‘z millatini ma’rifatga chaqiradi, ma’rifatparvar shoir va adib sifatida maydonga chiqadi. «Baxtsiz kuyov» (1915) nomli fojeasi, «Juvonboz» (1915), «Uloqda» (1916) kabi hikoyalarida ham o‘z xalqini savodli, bilimli, madaniyatli va ozod ko‘rish istagi sezilib turadi.
1924 yili Abdulla Qodiriy Moskvaga borib, Jurnalistlar institutida tahsil oldi. Moskvadan qaytib «Mushtum» jurnalida shtatsiz muxbir bo‘lib ishlay boshladi. Uning «Toshpo‘lat tajang nima deydi?» va «Kalvak mahzumning xotira daftaridan» turkumidagi satirik hikoyalari ana shu jurnalda ilk bor bosilib bordi.
Abdulla Qodiriy 1917-1918 yillardan boshlab «O‘tgan kunlar» romani uchun material yig‘ishga kirishdi. 1922 yilda birinchi o‘zbek romanining dastlabki boblari «Inqilob» jurnalida chop etila boshlandi. 1925-1926 yillarda «O‘tgan kunlar» uch bo‘lim holida kitob» bo‘lib nashr etildi.
1928 yil yozuvchining ikkinchi tarixiy romani «Mehrobdan chayon» nashrdan chiqdi. 1934 yilga kelib Abdulla Qodiriy qishloq xo‘jaligi mavzuiga bag‘ishlangan «Obid ketmon» qissasini yaratdi. Undan tashqari, u Gogolning «Uylanish», Chexovning «Olchazor» va boshqa g‘arb yozuvchilarining satirik hikoyalarini o‘zbek tiliga tarjima qildi.
Abdulla Qodiriy 1934 yilda bo‘lib o‘tgan Moskvadagi Butunittifoq Yozuvchilarining birinchi qurultoyida qatnashadi.
U «Amir Umarxonning kanizi», «Namoz o‘g‘ri», «Dahshat» kabi romanlar yaratish orzusida bo‘lgani ham ma’lum. Ammo bevaqt o‘lim orzulari ro‘yobga chiqishiga imkon bermadi.
Abdulla Qodiriy 1937 yilning 31 dekabrida qamoqqa olindi. «Haqiqat yo‘lida hech qanday jazodan, qiynoqdan qo‘rqmayman. Agar otmoqchi bo‘lsalar, ko‘kragimni kerib turaman...», deydi u qamoqda.
Abdulla Qodiriy 1938 yil 4 oktyabrda Toshkentda otildi. Shu kunga qadar adibning qabri topilmagan...
1990 yilda Respublika Prezidenti farmoni bilan Abdulla Qodiriy nomidagi Respublika Davlat mukofoti ta’sis etildi. 1991 yilda esa Abdulla Qodiriyga Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti berildi.
Hozirgi kunda esa bir qator ko‘chalar, bog‘lar, maktablar, kutubxona, mahalla va oliy bilimgohlar uning tabarruk nomi bilan yuritiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter