Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bugun – 84 yilga teng kecha! O‘zbekiston musulmonlari idorasi eslatma bilan chiqdi

Bugun – 84 yilga teng kecha! O‘zbekiston musulmonlari idorasi eslatma bilan chiqdi

Bugun O‘zbekistondagi 1600 dan ziyod jome masjidda Qur’oni karim xatmonasi o‘tkaziladi.

«5 aprel oqshomida, Ramazon oyining yigirma yettinchi kechasi Qur’on xatmlari yakunlanib, barcha masjidlarda bir vaqtning o‘zida bir necha million xalqimiz Alloh taologa yolvorib, duoga qo‘l ochadilar», deb xabar berdi O‘zbekiston musulmonlari idorasi.

Avval xabar berganimizdek, 10 mart oqshomida dunyo musulmonlari qatori o‘zbekistonliklar ham Ramazon oyining bezagi bo‘lmish taroveh namozini boshlagan edi. O‘tgan 26 kun davomida tarovehda Qur’oni karim tilovat qilindi. Bugun Kalomulloh xatmonasi yakunlanadi.

Yurtimiz musulmonlari o‘zi yashayotgan hududdagi jome masjidlarga borib, xatmona fayzidan bahramand bo‘lishi mumkin.

Musulmonlar idorasiga ko‘ra, Qur’on xatmonasi soat 20:20 dan boshlab «UzReport» telekanali, muslim.uz va alquran.uz ijtimoiy tarmoq sahifalari orqali ham jonli tarzda efirga uzatiladi.

Ko‘plab rivoyatlarga ko‘ra bugun Qadr kechasidir.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qadr kechasi borasida: «U 27-yoki 29-kechadir. Ushbu kecha yerda farishtalar soni mayda toshlardan ham ko‘p bo‘ladi», dedilar (Imom Ahmad rivoyati).

Laylatul Qadr «belgilash kechasi»  degan ma’noni beradi. Bu yil davomida qilinadigan turli amallar, hukm, topiladigan rizq, bir so‘z bilan aytganda, taqdir belgilanadigan muddatdir. Bu kecha haqida Alloh taolo: «... ming oydan yaxshiroqdir»  (Qadr surasi, 3-oyat) deb marhamat qilgan. 1000 oy – 84 yilga teng.

Quyida Qadr kechasi va uni qanday o‘tkazish xususida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan e’lon qilingan maqola e’tiboringizga havola etilmoqda.

Qadr kechasining qanday alomatlari bor?

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «U ochiq, issiq ham, sovuq ham bo‘lmagan kecha. Uning tongida quyosh qizg‘ish, zaif bo‘lib chiqadi»  (Ibn Xuzayma rivoyati) dedilar.

Bu kecha Alloh taoloning amri bilan farishtalar har bir osmondan va « Sidratul muntaho» dan (ya’ni Jabroil alayhissalom maskanidan) yerga tushadi, tong otguncha insonlar haqiga duo qiladi.

Qur’oni karimda bunday deyiladi: «U (kecha)da farishtalar va Ruh (Jabroil) Parvardigorlarining izni bilan (yil davomida qilinadigan) barcha ishlar (rejasi) bilan (osmondan yerga) tusharlar. U (kecha) to tong otgunicha salomatlikdir»  (Qadr surasi, 4–5-oyatlar).

 Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qadr kechasini qanday o‘tkazar edilar?

Oisha onamiz roziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonning oxirgi o‘n kunligi kelsa, kechalari uxlamas edilar va uydagilarni ham ibodat qilishga uyg‘otar edilar»  (Imom Buxoriy, Imom Muslom rivoyati).

Qadr kechasida gunohlar mag‘firat etiladi

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim Laylatul Qadrni imon va ixlos bilan bedor o‘tkazsa, uning shu kechagacha sodir etgan barcha gunohlari mag‘firat qilinadi»  (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati) dedilar.

Qadr kechasi qanday amallarni ado etish lozim?

Xufton va bomdod namozlarini jamoat bilan o‘qing. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim xufton namozini jamoat bilan o‘qisa, go‘yo kechaning yarmini bedor o‘tkazibdi. Kim bomdod namozini jamoat ila ado qilsa, go‘yo kechaning barchasida namoz o‘qibdi» , deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Duo qiling

Oisha onamiz roziyallohu anho: «Yo Rasululloh, agar Qadr kechasini topishga muvaffaq bo‘lsam, nima deb duo qilay?» deb so‘radilar.

Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu duoni o‘qishni aytdilar:

«Allohumma innaka a’fuvvun kariymun tuhibbul a’fva fa’fu a’nniy»  –  «Allohim, albatta, Sen kechirguvchisan, kechirishni yaxshi ko‘rasan. Gunohlarimni kechirgin»  (Imom Termiziy rivoyati).

Bu kechani ibodat, zikr, tilovat va boshqa xayrli amallar bilan o‘tkazish lozim.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring