O‘zbekistonda bu yil yana suv tanqisligi yuz beradimi?
Ayni paytda Chorbog‘ suv omborida 512,5, Toshkent suv omborida 161,47 va Ohangaron suv omborida 79,05 million metr kub suv zaxirasi mavjud bo‘lib, suv omborlaridagi suv zaxirasi 2018-yilning mos davriga nisbatan 135 million metr kubga kamaygan, deb yozmoqda «O‘zA».
O‘tgan yil esa ushbu suv omborlaridagi suv zahirasi 2017-yilga nisbatan 7 foizga kamayib, qariyb 400 ming gektar sug‘oriladigan maydondagi ekinlarni sug‘orishda o‘ziga xos qiyinchiliklar tug‘dirgandi.
«Ushbu statistik ma’lumotlar soha mutasaddilari zimmasiga qo‘shimcha mas’uliyat yuklashi tabiiy. Lekin bu yil tog‘larga qor o‘tgan yilgiga nisbatan ancha ko‘p tushgani, qolaversa, bahorgi yog‘inli kunlar hali oldinda ekanini hisobga olsak, ehtiyoj ortadigan yoz oylarida suv bilan bog‘liq muammolar bo‘lmaydi, deyish mumkin» deyiladi xabarda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yili dekabr oyida qishloq xo‘jaligi xodimlariga yo‘llagan tabrigida Toshkent viloyatida jami 45 million kub metr suv yig‘iladigan «Parkentsoy», «Qizilsoy», «Toshtepa», Jizzax viloyatining Forish tumanida «Karaman», Qashqadaryo viloyatida «Guldara», «Ayaqchisoy», Samarqand viloyatida «Bulung‘ur» suv omborlari barpo etilishini ta’kidlagandi.
Shuningdek, kelgusi ikki yilda esa 1 million 200 ming gektar yerning suv ta’minoti barqarorlashtiriladi, yiliga 1 milliard 700 million kub metr suv tejaladi va 600 ming gektar yerning meliorativ holati yaxshilanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter