Bu yil bahorda qanday ob-havo kutilmoqda? «O‘zgidromet» ma’lumot berdi
Fevralning so‘nggi kunlari o‘tib bormoqda. «O‘zgidromet» kalendar bo‘yicha kirib keladigan bahor faslida kutiladigan ob-havo xususida ma’lumot berdi.
Bu yilgi qish mavsumi oxirgi yillardagi qishlar kabi iliq bo‘ldi. Yog‘inlar asosan yomg‘ir ko‘rinishida yog‘di, faqat vaqti-vaqti bilan qorga aylandi. Barqaror qor qoplami faqat respublikamizning tog‘li hududlarida kuzatildi.
Bu yilgi qish mavsumining eng sovuq davrlarida harorat 2-7 daraja sovuqqacha tushdi, lekin bunday sovuqlar qisqa muddatli bo‘ldi. Eng iliq kunlarda esa harorat 15-20 darajagacha ko‘tarildi, ayrim joylarda (mamlakatning janubi va cho‘l zonalarida) esa haroratning bundan ham yuqori bo‘lgani qayd etildi. Bu ko‘proq qishga qaraganda bahorga xos havodir.
Bu yilgi bahor quyoshli va juda iliq havo bilan boshlanadi. 1-2 martda kunduzgi harorat 20-23 darajagacha ko‘tariladi, bu o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan 8-10 darajaga yuqori.
3 martda O‘zbekiston hududining katta qismida iliq va quruq havo saqlanib turadi. 4-5 martda salqin va nam havo oqimining kirishi bilan harorat foni pasayadi. Respublikaning ba’zi joylarida yomg‘ir yog‘adi. Biroq bahor oyining birinchi o‘n kunligida ob-havoning keskin o‘zgarishlari kutilmayapti.
Shuni ham nazarda tutish kerakki, mart oyi juda injiq oy. Bu oyga havo oqimi yo‘nalishlarining tez-tez o‘zgarib turishi xosdir. Xorijiy janubdan jadal kiradigan juda iliq havo oqimi Volgabo‘yi, ba’zida Ural va kamdan kam holda G‘arbiy Sibirdan kiradigan sovuq havo bilan almashib turadi. Shuning uchun issiq havoli davr sovuq haroratli davr bilan almashib turadi. Havo oqimlari almashinuvi nam bilan birgalikda kelsa, ob-havo nobarqaror bo‘lib, yog‘ingarchilik kuzatiladi. O‘zbekistonda mart oyi yilning ham yog‘inlar miqdori, ham yog‘ingarchilikli kunlar soni bo‘yicha eng ko‘p yog‘ingarchilik kuzatiladigan davridir. O‘rtacha hisoblaganda, agar shimoliy hududlar va cho‘l zonasini hisobga olinmasa, martda 10 kundan 15 kungacha yog‘ingarchilikli kunlar bo‘ladi.
Martda yog‘ayotgan yomg‘irning qorga aylanishi va haroratning manfiy ko‘rsatkichlargacha tushib ketish holatlari ham takrorlanib turadi. Ana shunday noxush ob-havo syurprizlaridan biri 2015 yil mart oyida qayd etilgan. Uzoq muddatli iliq ob-havodan keyin, mevali daraxtlar gullagandan so‘ng, mart oyining oxirida respublikaning ayrim mintaqalarida qor yog‘ib, sovuq urgan. Bu hodisani fermerlar yaxshi eslasalar kerak.
Umuman bahor faslining qanday bo‘lishi to‘g‘risida aytish mushkul. Aprelda odatda atmosferaning nobarqaror holati saqlanib turadi. Yomg‘irlar ko‘p yog‘adi, biroq ular qisqa muddatli bo‘lib, momaqaldiroq bo‘ladi, ba’zan do‘l yog‘ib, shamol kuchayadi va shiddat bilan esadi.
Mayda mart va aprelga qaraganda yog‘ingarchilik kam bo‘ladi, ular odatda hudud bo‘yicha, hatto bir shahar chegarasida ham notekis taqsimlanadi, lekin juda kuchli ham bo‘lishi mumkin.
Tog‘oldi hududlarda kuchli jala vayron qiluvchi sel oqimlarini yuzaga keltirishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter