«...Bu — ochiqlik siyosatiga ziddir!» — AOKA jurnalist Anora Sodiqova bilan yuz bergan holat bo‘yicha bayonot berdi
Kuni-kecha «Rost24» internet-nashrining «Ichki ishlar xodimlarining «ichki nayranglari» yoxud Milliy gvardiya ko‘z o‘ngida o‘lib ketishiga oz qolgan «mardikor-jurnalist» kechinmalari» nomli maqola Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan o‘rganib chiqildi.
Maqolada jurnalist Anora Sodiqova va uning hamkasblariga nisbatan Milliy gvardiya hamda Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan noqonuniy harakatlar qilingani, shuningdek, jurnalist shu voqealar haqida material yozsa, 200 nafar ayol ishxona oldiga janjal ko‘tarib borishlarini aytib, bosim o‘tkazilgani bayon qilingan.
Ta’kidlash joizki, «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 8-moddasiga ko‘ra, jurnalist jurnalistlik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida shaxs daxlsizligi kafolatidan foydalanadi. Mazkur qonunning 10-moddasida jurnalist o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirishida uning himoya qilinishini ta’minlashi lozim, 14-moddada esa jurnalistning qonunda belgilangan huquqlarini buzganlik, uning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga tahdid, zo‘ravonlik yoki tajovuz qilganlik qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilangan. Bu kabi himoyaviy kafolatlar «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunning 5-moddasida ham o‘z ifodasini topgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-apreldagi PQ-5089-son qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risida Nizom»ning 2-bobida «Milliy gvardiya xodimlarning odob-axloq qoidalari» belgilangan bo‘lib, xodim fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala, kamtar va bosiq bo‘lishi, Milliy gvardiya obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi nizoli vaziyatlarni yuzaga keltirmaslik asosiy odob-axloq talablari ekani ko‘rsatilgan. Shuningdek, Nizomning 46-bandida fuqarolar bilan muomala madaniyati qoidalarini buzgan xodimlarga nisbatan hayfsan intizomiy jazosi qo‘llanilishi belgilangan.
AOKA ayni paytda davom etayotgan xizmat tekshiruvi natijalarini diqqat bilan kuzatib boradi. Ishonamizki, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Ichki ishlar vazirligi amaldagi qonunchilik normalarini chetlab o‘tgan xodimlarning xatti-harakatlariga munosib huquqiy baho beradi hamda tegishli choralar ko‘radi.
Eng asosiysi, bu kabi holatlar so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash, jurnalistlarning erkin faoliyat ko‘rsatishi borasidagi yangicha ochiqlik siyosatiga ziddir. Agentlik, o‘z o‘rnida, barcha darajadagi davlat idoralari xodimlarini axborot qonunchiligi hamda jurnalistlar kasbiy faoliyatiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga chaqiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter