Shahnoza Soatova: «Bu kun bayram qilinsa arziydi»
Tantanali tadbir bo‘ldi. Haykallar poyiga gul qo‘yishdan keyin Prezidentning tabrigi va boshqa nutqlar eshitildi. Tabrikda meni umidlantirgan bir qancha mujdalar aytildi. Masalan, davlat tili borasida ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi loyihalar qonunchilik palatasiga kiritildi, degan gaplar. Xayrlisi bo‘lsin!
Tadbirda adabiyotshunos olim Bahodir Karimovni uchratib qoldim. Domla: «Bu bayram men uchun, Salim uchun (Salim Ashurni ko‘rsatib), Rustam uchun (Rustam Musurmonga ishora qilib) – biz uchun baribir boshqacha. Biz bu bayramga erishish uchun ko‘p harakat qilganmiz, Davlat tili haqidagi qonun qabul qilinishini qattiq istaganmiz», dedi.
Men ham xayolan 1988-89 yillarga qaytdim. 11-12 yoshlarimda televideniyeda, radioda har kuni «o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish» degan jumlani ko‘p eshitar edim. Hamma yoqda shu gap, hamma «til» deydi. Men ham taqlid va jo‘ravozlikda til deya boshladim: maktabda erkin mavzuda til haqida insholar yozdim, o‘zimcha she’r ham yozmoqchi bo‘ldim (o‘xshamadi), tarix, adabiyot darslarida «o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish nima degani?» deb o‘qituvchilarimni noqulay ahvolga soldim (hali bu mavzularni maktab darslarida qanday gapirish kerakligi o‘qituvchilarga uqtirilmagan bo‘lsa kerak). Xullas, jajji taqlidchi til fidoyisiga aylandim. Hozir eslasam kulgim keladi: mushtdek qiz, hech nimani tushunmay «bayroq ko‘tarib yugurganimga».
Ammo ayrim g‘oyalar avval tilda aylanib, keyin dilga tushishi ham bor ekan. Shu voqealar sabab maktabda matematkani yaxshi o‘qiydigan, matematika o‘qituvchisining eng sevimli o‘quvchisi bo‘lgan Shahnoza Soatova gazet-jurnal titadigan, TV ko‘rib, radio eshitadigan, faol tilchiga aylandi-qoldi. Gazeta-jurnal ko‘p o‘qishim o‘shanda ijtimoiy ongimni o‘stirishi bilan birga, o‘zbek tilini amalda qo‘llash ko‘nikmalarimni ham shakllantirdi. Shunda men hayotimning asosiy tanlovini qildim: filolog bo‘laman dedim. Ya’ni men hozir turgan joyga yetib kelishimda o‘sha tarixiy 1989-yil voqealari katta rol o‘ynagan, «Davlat tili haqidagi qonun»ning taqdirimdagi o‘rni shunday bo‘lgan edi.
Men shu voqealarni sodir etganlari, til himoyasi uchun haqiqatda jon kuydirib, Qonunning qabul qilinishiga erishganlari uchun otalarga, akalarga rahmat deyman. Bu haqiqiy ma’naviy inqilob, mustaqilligimiz sari qo‘yilgan eng dadil qadam edi. Bu kun shuning uchun ham bayram qilinsa arziydi.
Bayram muborak bo‘lsin, azizlar!
Shahnoza Soatova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter