Bu kasalliklar yoshlar orasida ko‘paydi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 10-dekabr kuni endokrinologiya xizmatini takomillashtirish va qamrovini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda davlat rahbari Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining 14 ta filiali moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Bu filiallarda maxsus bo‘limlar tashkil etilgani bois respublika markaziga murojaatlar 2 barobarga kamaydi. Ya’ni qariyb 5 ming nafar fuqaroning ovoragarchiligi va ortiqcha xarajatlarini oldi olindi. Har yili 80 ming nafar bemor insulin bilan bepul ta’minlanmoqda.
Ma’lumki, O‘zbekiston aholisi yod yetishmaydigan hududda yashaydi. Oqibatda, qalqonsimon bez kasalligi ko‘p uchraydi. So‘nggi besh yilda endokrin kasalliklar 20 foizga ortib, yoshlar orasida ham ko‘paygan.
Umuman, o‘tkazilgan xatlovlar natijasiga ko‘ra, yurtimiz bo‘yicha 2 million aholining 6 foizida bu kabi kasalliklar aniqlangan. Tumanlarda qonni tahlil qilishga sharoit va mutaxassislar yetishmasligi oqibatida kasallikning og‘ir asoratlari bo‘lgan ko‘z, buyrak va to‘piq kasalliklari bo‘yicha poytaxtga murojaatlar oshgan.
Yig‘ilishda sohadagi muammolarni hal qilish, endokrin kasalliklarni erta aniqlash va davolash, ayniqsa, birlamchi bo‘g‘inni yaxshilash masalalari muhokama qilindi.
«Endokrin kasalliklarini birlamchi bo‘g‘inda erta aniqlash uchun murakkab uskunalar xarid qilish shart emas. Laboratoriyalarni jihozlash, zarur reaktivlar bilan ta’minlash va nafaqat endokrinolog, balki oilaviy shifokorlarni ham tayyorlash katta samara beradi», – dedi Prezident.
Davlat rahbari bu borada yangi tizim joriy qilish zarurligini ta’kidladi. Endokrin kasalliklarini barvaqt aniqlash, ularning oldini olish va davolash bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi.
Unga ko‘ra, eng avvalo, oilaviy va endokrin shifokorlari o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun joylarda tashkil etilgan tibbiyot brigadalari, hamshira ko‘rigi xonalari va Salomatlik maktablari roli kuchaytiriladi.
Masalan, birlamchi shifokor ko‘rigi jarayonida 10 turdagi tahlilni yo‘lga qo‘yish orqali viloyat markazlariga murojaatlarni 50 foizga qisqartirish mumkinligi aytildi.
Shuningdek, endokrin kasalliklarni erta aniqlash maqsadida kelgusi yildan 40 yoshdan oshgan barcha aholi yiliga kamida bir marta manzilli skiringdan o‘tkaziladi. Endokrin kasallik aniqlangan aholining yagona elektron reyestri ishga tushiriladi. Har bir tibbiyot brigadasi ekspress-testlar o‘tkazish uchun glyukometr bilan ta’minlanadi.
Kelgusi yil 1 iyuldan homilador va bola emizuvchi ayollar, 3-15 yoshdagi bolalarga bepul yod preparati beriladi. Qandli diabet uchun metformin dorilari 200 mingdan ziyod ehtiyojmand aholiga bepul tarqatiladi. Mahalladagi bemorlar va diabetga moyilligi bor aholiga kasallikni boshqarish o‘rgatiladi.
Mutasaddilarga ushbu tizimni joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Birlamchi bo‘g‘in uchun zarur mutaxassislarni tayyorlash, dorilar ishlab chiqarish va oilaviy poliklinikalar orqali taqsimlash choralari belgilandi.
Yig‘ilishda tibbiyot muassasalarida laboratoriya xizmatlari ko‘rsatishni yangi asosda yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Jumladan, tumanlarda eng zarur laboratoriya tekshiruvlarini yo‘lga qo‘yish orqali ko‘rsatiladigan xizmatlarni 5 tadan 17 taga yetkazish va respublikaga murojaatlarni 20 foizga kamaytirishga erishish mumkin.
Shu munosabat bilan laboratoriya tahlillari normativlarini xalqaro tajriba asosida to‘liq qayta ko‘rib chiqish va yangilash zarurligi ta’kidlandi.
Tumanlarda oilaviy va markaziy poliklinika, markaziy shifoxona hamda shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi laboratoriyalari maqbullashtirilib, tunu-kun ishlaydigan markaziy laboratoriyalar tashkil etiladi. Ular oilaviy poliklinika va shifokor punktlaridan materiallarni yig‘ib olish uchun transport vositalari bilan ta’minlanadi.
Kelgusi yil davomida laboratoriyalardagi 1 mingdan ziyod shifokorlar va 3 mingdan ortiq o‘rta tibbiyot xodimlarining malakasi oshiriladi.
Endokrinologiya markazining tumanlararo bo‘limlari soni hozirgi 29 tadan 50 taga yetkazilishi belgilandi. Hududlardagi filiallar yangi tibbiy uskunalar bilan jihozlanadi va ko‘rsatiladigan xizmatlar soni 15 tadan 40 tagacha yetkaziladi.
Sohadagi eng asosiy shifo maskani bu, albatta, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazidir. Davlat rahbari bu markazni Toshkent tibbiyot akademiyasining klinikasi hududidagi yangi binolarga ko‘chirib, faoliyatini ko‘p tarmoqli asosda tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Qayd etilganidek, markazda gormonal va mineral buzilishlar, reproduktologiya va endokrin ginekologiya, onko-endokrinologiya, kardio-diabet va intervension xirurgiya kabi yo‘nalishlar tashkil etiladi. Shuningdek, 20 dan ziyod yuqori texnologik yangi amaliyotlar yo‘lga qo‘yiladi.
Buning uchun Endokrinologiya markazi ilmiy-innovatsion muassasaga aylantiriladi, ilmiy tadqiqot ishlariga xorijdan mutaxassislar jalb etiladi, doktoranturaga kvotalar 2 baravar ko‘paytiriladi. Markaz shifokorlarining chet elda malaka oshirishi ta’minlanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter