«Bu dunyo o‘zi kurashdan iborat» — Prezident
Prezident Shavkat Mirziyoyev ayni vaqtda shifokorlar bilan uchrashmoqda. Davlat rahbari tadbir boshidagi nutqida tibbiyot xodimlariga yuqori baho berdi.
«Hozirgi tahlikali vaqtda davlat va fuqarolar o‘rtasidagi ko‘prik — tibbiyot xodimlari. Ibn Sino bizning yurtimizdan chiqqan, mana shu buyuk bobomizga munosib bo‘lib, oldimizga qo‘ygan katta-katta marralarga harakat qilish lozim.
O‘ylagan ishlarimizni amalga oshirish uchun bizga vaqt kerak. Joylardagi rahbarlar, hukumatimiz muammolarga hozir e’tibor qaramasak, ertaga kech bo‘ladi. Bu aksioma.
Bu yerda 20 mingga yaqin shifokorlar o‘tiribdi, men sizning dardingizni aytmasangiz ham yaxshi bilaman. Biz har bir sohaga alohida e’tibor bermoqdamiz. Og‘ir iqtisodiy sharoitda yashamoqdamiz, o‘zingiz bir o‘ylang, agar pandemiya bo‘lmaganda sarflagan pulimizga qanchadan-qancha ishlarni amalga oshirgan bo‘lardik.
Ammo yodingizda bo‘lsa, pandemiya boshlangan vaqtdayoq «har bir insonning qadri bor, har bir jon uchun kurashamiz», deb aytgan edim. Jonajon xalqimizning sog‘ligini saqlash uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni amalga oshirdik. Pandemiya biz uchun katta tajriba maktabi bo‘ldi.
Bir narsani iltimos qilishni istayman, ertaga hammangiz oq xalatingizni kiyib, odamlarni qabul qilasiz. Oldingizga kelgan har bir insonda ertangi kunga bo‘lgan ishonch oshsin.
Hech bir davlat ichki muammolarini hal qilmay turib natijaga erishmagan. Shu narsani hech kim unutmasligi kerak.
Biz har doim kurashga tayyor bo‘lishimiz kerak. Bu dunyo o‘zi kurashdan iborat», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter