Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bosh vazir Toshkent shahar hokimligida yig‘ilish o‘tkazdi

Bosh vazir Toshkent shahar hokimligida yig‘ilish o‘tkazdi

Foto: «Xabar.uz»

Bugun, 10-may kuni Toshkent shahar hokimligida Bosh vazir Abdulla Aripov ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Toshkent shahar hokimligining mutasaddi rahbarlari, tuman hokimlari, prokurorlar, ichki ishlar boshqarmasi boshliqlari, poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan bank tizimi mutasaddilari ishtirok etdilar, deb xabar berdi Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati.

Tanqidiy ruhda olib borilgan ushbu yig‘ilishda keng ko‘lamli qurilish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari, xususan, ko‘p qavatli uylarning kommunal xizmatlaridagi kamchiliklarni hali ham bartaraf etilmagani aytib o‘tildi.

Toshkent shahrida  2018-2019-yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rishda  shirkatlarning faolligi yo‘qligi, shirkatlar bugungi issiq kunlardan foydalanmay, vaqtni o‘tkazayotgani, shirkatning o‘zida mas’uliyatli rahbarning va hisobchilarning yetishmasligi, banklardan olingan kredit mablag‘larini o‘z vaqtida qaytarishga salbiy ta’sir o‘tkazilishi haqida ham so‘z yuritildi. Tuman hokimlari banklar tomonidan kredit mablag‘lari yetkazilishida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotganligi haqida nolib gapirdilar. Bosh vazir bank mutasaddilariga bir hafta ichida ushbu kamchiliklarni bartaraf etish haqida ko‘rsatma berdi.  

Xalqimizda «qish g‘amini yozda o‘yla» degan naql bor. Shundan kelib chiqqan holda, uy-joy fondi, kommunal xizmat ko‘rsatish va ijtimoiy soha ob’yektlarini navbatdagi isitish mavsumiga tayyorlash, kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, hududlarning sanitariya – tozalik holatini yaxshilash borasida olib borilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish haqida ham vazifalar yuklatildi.

Banklar  ta’minotidan shirkat xo‘jaliklariga ajratiladigan kreditlar, ularning o‘z vaqtida amalga oshirilishi bilan bog‘liq jarayonlar qisqa fursatlarda bajarilishi lozim. Aks holda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayoni ortga cho‘zilishi, buning oqibatida ta’mirtalab inshootlar va tarmoqlarda jiddiy muammolar kelib chiqishi mumkin.

Joriy yilda Toshkent shahrida 577 ta uylarning tom qismi, 310 ta pod’yezd, 412 ta lift ta’mirlanishi, 242 ta bolalar maydonchasi qurilib, foydalanishga topshirish kerakligi, yo‘laklar asfaltlanishi kerak edi. Hozirgi qadar ushbu amaliy ishlar 30 foizga bajarilganligini Toshkent shahar hokimi birinchi o‘rinbosari N.Mahsumov o‘z nutqida aytib o‘tdi.  Ushbu vaziyat Bosh vazir tomonidan tanqid ostiga olindi va qoniqarsiz deya baholandi. Kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar va ularni ijrosini ta’minlashda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan har qanday masalaga rahbarlar mas’uliyat bilan yondashishi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda shirkatlarda o‘z vazifasini mas’uliyat bilan bajaradigan rais va hisobchilarni qo‘yish lozimligi hamda dispetcherlik xizmatining yil davomida o‘z faoliyatini olib borishi haqida takliflar kiritildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring