Bo‘sh ish o‘rinlari nega yashiriladi?..
Samarqand viloyati Tayloq tuman bandlikka ko‘maklashish markazi davlat mehnat huquqi inspektori Shahboz Xoliqulovning aytishicha, fuqarolar murojaatlari hamda olib borilgan tahlillar natijasiko‘pincha ish beruvchi bo‘sh ish o‘rni to‘g‘risidagi ma’lumotni taqdim qilmasligi yoki bu ma’lumotlarda mavjud bo‘sh ish o‘rinlari ko‘rsatilmasligi aniqlangan. Asosiy ish haqi yuqori bo‘lgan lavozimlar «tanish-bilishlar» uchun yashirib qolinadi va maoshi past bo‘lgan ish o‘rinlari ko‘rsatiladi.
Bunday holat ish beruvchining qonun talablarini bilmasligi yoki tushunmasligi natijasida kelib chiqadi. Ba’zan esa tanish-bilishchilik, qarindosh-urug‘chilik va mansabdor shaxslarning boshqa shaxsiy manfaatlari ustun qo‘yiladi.
Bo‘sh ish joylari to‘g‘risidagi axborotni yashirish, bo‘shatilishi mo‘ljallanayotgan xodimlar to‘g‘risidagi axborotlarni mehnat organiga o‘z vaqtida taqdim etmaslik ish beruvchi mansabdor shaxslarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 229-moddasiga asosan eng kam ish haqining 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorida jarima solinishiga olib keladi.
Tayloq tuman bandlikka ko‘maklashish markazining davlat mehnat huquq inspektorlari tomonidan o‘tgan yilning dekabr va joriy yilning yanvar oyi mobaynida bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etmagan va bo‘sh ish o‘rinlarini yashirgan jami 15 nafar mansabdor shaxsga nisbatan 7 million so‘mdan ortiq ma’muriy jarimalar qo‘llanildi.
Aholini ish bilan ta’minlash borasida olib borilayotgan davlat siyosatiga loqayd munosabatda bo‘lgan Tayloq tuman tibbiyot birlashmasi, 25-maktabgacha ta’lim muassasasi, 20-, 49-o‘rta umumta’lim maktablari rahbarlari bir million 647 ming so‘m jarima to‘lashga majbur bo‘ldi.
Ma’lumki, korxona, tashkilot va muassasalar har oyning 5-kunigacha o‘zlarida mavjud bo‘lgan bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotni bandlikka ko‘maklashish markaziga taqdim etishi kerak. Lekin yanvar oyida tumanda faoliyat yuritayotgan 12 korxona, tashkilot va muassasa rahbarlarining befarqligi oqibatida ma’lumotlar taqdim etilmagani uchun ularga jarima jazosi qo‘llanildi.
«Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq ishlab chiqilgan nizomga ko‘ra, ish bilan ta’minlashga ko‘maklashuvchi davlat jamg‘armasiga tegishli badallarni to‘lovchi sifatida ro‘yxatga olingan (mikrofirma va kichik korxonalardan tashqari) barcha ish beruvchilar hududiy bandlikka ko‘maklashish markazlariga bo‘sh ish joylari (vakant lavozimlar) mavjudligi hamda mo‘ljallanayotgan xodimlar ishdan ozod etilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etishi lozimligi ko‘rsatilgan.
2017-yil may oyidan boshlab ish beruvchilar uchun bunday ma’lumotlarni hududiy bandlikka ko‘maklashish markazlariga internet tarmog‘i orqali elektron tarzda taqdim etish imkoniyati yaratildi. Bu ma’lumotlar ish beruvchilarda bo‘sh ish joylari mavjud bo‘lmagan taqdirda ham taqdim etilishi lozim.
Bo‘sh ish joylari to‘g‘risidagi axborotni yashirish, bo‘shatilishi mo‘ljallanayotgan xodimlar to‘g‘risidagi axborotlarni mehnat organiga o‘z vaqtida taqdim etmaslik ish beruvchi mansabdor shaxslarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 229-moddasiga asosan eng kam ish haqining 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorida jarima solinishiga olib keladi.
Mazkur qonunchilikka rioya qilinishi bandlikka ko‘maklashish markazlari tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini shakllantirish hamda fuqarolarni ish bilan ta’minlashga imkoniyat yaratadi.
Maqola «O‘zbekiston ovozi» gazetasidan olindi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter